Majburiy auditorlik tekshiruvi o’tkazilishi lozim bo’lgan xo’jalik yurituvchi sub’ekt yoki tashabbuskorlik bilan audit o’tkazadigan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar auditorlik firmalariga uning xizmatidan foydalanish maqsadida xat shaklida o’z hohishini bildiradi. Bunday paytda auditorlik firmasini tanlashdek ma’suliyatli ish xo’jalik yurituvchi sub’ekt oldida turadi. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar auditorlik firmasini tanlashda iqtisodiy gazeta va jurnallardagi reklama, e’lonlardan audit xizmatini ko’rsatish bo’yicha ma’lumotlarni yig’adi.
Mijoz biror-bir auditorlik firmasini tanlaganidan so’ng, o’sha mijoz auditorlik tekshiruvini o’tkazish uchun auditorlik firmasiga xat-taklifnoma jo’natadi. Xatda korxonaning to’liq nomi va uning asosiy tavsiflari ko’rsatilishi kerak:
Rasmiy taklif oferta deb ataladi. Oferta biror-bir yoki bir nechta shaxslarga jo’natiladigan taklif bo’lib, unga ko’ra ushbu taklif qabul qilinadigan holda jo’natiladi. Oferta shartnoma ko’rinishiga ega bo’ladi va unda shartnoma shartlari keltirib o’tiladi. Auditorlik firmasi ofertani qabul qilib olgach, unga javob beradi. Ushbu javob xalqaro auditorlar amaliyotida «Auditorning mijoz oldidagi xat- majburiyati» deb nomlanadi.
Xat-majburiyat auditorning shartlariga rozilik berilganini tasdiqlovchi hujjat bo’lib, unga binoan auditorning uning oldiga qo’yilgan vazifalarini tushunganligini bildiradi.
Auditorlik firmasi yuzaga kelishi mumkin bo’lgan ba’zi-bir holatlarni oldindan ko’ra bilishi va ularni tekshirish boshlanishidan oldin, hatto shartnoma imzolanishidan avval mijozga tushuntirishi lozim.
Auditorlik firmasining mijozga yuborgan xat-majburiyati auditorlik tekshiruvining yakuniy bosqichida – mijozning moliyaviy hisobotlari to’g’riligi borasida yakuniy fikr aytishda ba’zi-bir kelishmovchiliklarni hal qilishda yordam beradi.
Xat-majburiyatning mundarijasi quyidagilardan iborat bo’ladi:
audit ob’ektlarini yozish (buxgalteriya hisobi, ichki nazorat tizimi, moliyaviy hisobot);
audit chegaralarini belgilash, ya’ni amaldagi qonuniy hujjatlar bo’yicha ish ko’rishi, auditorlik firmasining qoidalariga bo’ysunish;
qilingan ish natijasi bo’yicha auditorlik hisobotining shakli.
Odatda xat-majburiyat mijozga birlamchi auditdan oldin jo’natiladi. Qayta audit o’tkazilganda quyidagi hollardagina xat-majburiyat mijozga jo’natiladi:
mijoz audit ob’ektlarini, audit ko’lamini, auditorlik faoliyatining chegarasini, taqdim qilingan hujjat bo’yicha o’zining javobgarlik darajasini noto’g’ri tushunganida;
audit o’tkazish muddati, haq to’lash hajmi va boshqa shartlar o’zgarganida;
mijoz korxona rahbariyatida yoki hisobot tuzishda ma’sul bo’lgan xodimlar tarkibida o’zgarish bo’lganida;
tekshirilayotgan iqtisodiy sub’ekt faoliyatining turi va ko’lami sezilarli darajada o’zgarganda.