Nemis tarix falsafasi
Nemis tarix falsafasining yirik namoyandalaridan biri Osvald Shpenglerdir.
U o’zining mashhur «Yevropa quyoshining so’nishi» asarida tarix falsafasining
o’ziga xos yo’nalishi haqidagi g’oyalarini ilgari suradi. Shpengler dunyoni mistik
qarashlar orqali anglash, insonning intuitsiyasi, ichki hissiyot va voqelikni xis
qila olish imkoniyatlari xususida fikr yuritadi.
86
Shpengler xulosasiga ko’ra «Qancha odam va madaniyat bo’lsa, shuncha
dunyo mavjud. Har bir aloxida inson uchun yagona, mustaqil, abadiy dunyo
mavjud. Dunyoning bunday mavjudligi har bir inson uchun doimiy yangi, bir
marta amalga oshadigan, hech qachon qaytarilmaydigan kechinmadir». Bir
qarashda, darhaqiqat, har bir odam aloxida va mustaqil olam. Uning o’z dunyosi
bo’lganidek, o’z ibtidosi va intihosi ham bor. U tashqi dunyoni o’zining ichki
olami orqali o’zicha tushunadi, o’zicha anglaydi, unga o’zicha baho beradi.
Demak, insoniyat tarixi har bir odam uchun garchi u yaxlit, bir butun tarix, real
tarixiy jarayon bo’lsa-da, uni anglashda o’ziga xoslik, unga yondoshishda
xususiylik bo’lishi tabiiy. Demak, real tarixiy jarayon real inson tasavvurida real
fikr-xulosaga aylanishi mumkin. Ana shu holatdan kelib chiqib ham Shpengler
«ilmiy bilish bu o’z-o’zini anglashdir» degan g’oyani ilgari suradi.
Tarixni anglash, tarixni falsafiy tushunish orqali inson o’zligini anglaydi
va o’ziga xos qadriyatga aylanadi. Bunday jarayon insonda intuitiv imkoniyat, his
qilish qobiliyati orqali ham yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun Shpengler
tarixni tushunish va tarixga munosabatda intuitsiya, his-tuyg’u mohiyatini
ustuvor qiladi. Ana shundan kelib chiqib tarix mushohada, voqelikni to’g’ri his
qila olish, tabiiy intuitsiya natijasi degan g’oyani ilgari suradi. Hatto, u tarixni
hissiyot orqali tushunish g’oyasini ilgari surar ekan, «agar kim buni his qilmasa,
tarix bilan shug’ullanmasin, tabiatni bilishga o’rganish mumkin, lekin tarixchi
bo’lib tug’ilish kerak. Tarixchining kuchi shundan iboratki, u ongsizlik
darajasida tarix jarayonini instinktiv ravishda biladi, bunday uslubda har qanday
inson ham ishlay olmaydi», – deydi. Ana shu fikrdan ma’lum bo’ladiki, tabiatni
bilish uchun bilimning o’zi etarli, tarixni anglash uchun esa uni his qila olish,
tarixiy jarayon ortida yotgan inson takdiri, mohiyati, hayot mazmuni va
kechinmalari, sevinch va izti-roblari yotganligini ham anglamoq zarur ekan. Ana
shunda har bir tarixiy voqelik tarix falsafasiga aylanadi. Demak instinkt va his
qila olish qobiliyati, intuitsiya quvvati tarixchi uchun noyob va qimmatli
fazilatdir.
Shpengler tsivilizatsiyani madaniyat belgisi sifatida tushunadi va har
qanday madaniyat o’z taraqqiyot bosqichlariga, o’zining tsivilizatsiyasiga ega
degan goyani ilgari suradi. Uning nazarvda tsivilizatsiya madaniyatli insonlarga
xos hodisa sifatida namoyon bo’ladi.
O. Shpengler madaniy taraqqiyot, tarix rivoji, uning dinamizmi xususida
fikr yuritar ekan, «har qanday madaniyat insondek hayot kechiradi. Ularning
o’z bolaligi, o’smirligi, o’rta yoshliga va qariligi bo’ladi», - deydi. Demak, har
qanday madaniyat o’zining ibtidosi va intihosiga ega. Shuning uchun ham turli
davrlarda yuz bergan turli mintaqalardaga tsivilizatsiyalar qaysidir darajada
susayish, orqaga ketish holatlarini ham boshdan kechirgan. Ana shu tarixiy
dalillar hamda insoniyat o’tmishidagi buyuk ko’tarilishlar va tanazzullarni
nazarda tutib O. Shpengler har qanday tsivilizatsiya tanazzulga mahkumdir,
degan fikrni ilgari suradi. Tsivilizatsiyalar taqdiri, uning istiqboli xususida
gapirar ekan, «mening fikrimning markazini taqdir g’oyasi tashkil qiladi. O’tib
ketganlarning taqdiri ham shunday bo’lgan, hozirgi G’arbiy Yevropa
madaniyatini ham halokat kutmoqda», deydi.
87
Shunday qilib, O.Shpengler insonning biologik mavjudot sifatida
yaratuvchilik imkoniyatlarini, bu imkoniyatlarni ro’yobga chiqaruvchi ilohiy
qudrat ruh, e’tiqod ekanligini ta’kidlaydi. Dunyoni anglashda, olamni
tushunishda uning ana shu g’oyalari yaqqol ko’zga tashlanadi va «tabiatni
mushohada qilish asnosida diniy e’tiqod yotadi. Dindan oldin paydo bo’lgan
tabiiy bilim yo’qdir. Ana shu nuqgai nazardan qaraganda katolikcha va
materialistik tabiatni bilish o’rtasida hech qanday farq yo’qdir. Ular bir narsa
to’g’risida, lekin har xil tilda gaplashadi. Hattoki ateistik soha ham diniy asosga
egadir. Hozirdagi mexanika ham xristian aqidalaridan andoza olgandir», deydi.
Bu bilan O. Shpengler ruh birlamchi, e’tiqod xatti-harakatlar va voqeliklarni
boshqaruvchi iloxiy qudrat degan xulosaga keladi. Uning nazarida insoniyat tarixi
– bu juda uzoq va ming yilliklarni qamrab olgan yaxlit olam, ruh va e’tiqod orqali
inson tomonidan amalga oshirilgan buyuk haqiqatdir.
Olamni anglash o’z-o’zini anglashdan boshlanadi, deydi O. Shpengler.
Bunday qarashlar qaysidir darajada undan bir necha asrlar oldin Sharqda yuzaga
kelgan ruh falsafasini eslatadi. Jumladan, A. Bedil, J. Rumiy, A. Nasafiy, N.
Kubro va boshqalar ilgari surgan g’oyalarda ruh birlamchi, jism esa o’gkinchi, ruh –
botin, jism – moddiy tariqasida talqin etiladi. Jumladan, A. Nasafiy «... ulug’ olamning
avvalu oxiri, zohiru botini, mohiyat va shakllarini anglab etish uchun o’zining
mohiyatini, zohiru botinini anglab etkin. Bundan boshqa yo’l yo’q», degan edi.
Nemis tarix falsafasi maktabi jahon falsafa fanining I. Gerder, V. Gumboldt,
G. Gegel, I. Kant, A. Shopengauer, G. Rikkert, V. Diltey, E. Trelch singari yirik
namoyandalarini etishtirib berdi. Mutaxassislarning fikriga ko’ra nemis tarix
falsafasi
ingliz-frantsuz
ma’rifatparvarligi
qarashlariga
teskari
bo’lgan
yo’nalishni ishlab chiqdilar va o’z g’oyalarini ilgari surdilar. E. Trelchning
xulosalariga ko’ra nemis va ingliz-frantsuz tarix falsafasi o’rtasidagi farq
ko’zga yaqqol tashlanadi. Nemis maktabi o’zining diniy-mistik xarakteri bilan
alohida ajralib turadi. O’z navbatida ingliz-frantsuz maktabi tarix cho’qqisini
ma’rifatparvarlik ideallari orqali kashf etdi.
Tarixiy taraqqiyotning universal kontseptsiyasi Gegel tomonidan vujudga
keltirildi. Ayni u tarixiy dinamika nazariyasini yaratdi va bu sohada o’ziga xos
olamshumul yangilikni vujudga keltirdi. Yoki boshqacha qilib aytganda, E.
Trelch xulosalariga ko’ra «barcha tarixiy taraqqiyot nazariyalari qandaydir undan
chekinganday, unga qarshi turganday ko’rinsada, biroq ularning barchasi uni
butunlay inkor eta olmadi. Shuning uchun ham tarixiy dinamikaga doir barcha
tadqiqotlar tarixiy dialektika tushunchasidan kelib chiqmog’i darkor».
Ayni ana shu tarixiy dialektika tarixiy taraqqiyot dinamikasini, uning
taraqqiyot qonuniyatlarini, rivojlanish omillarini o’zida mujassam etadi va barcha
tarix
falsafasiga
doir
qarashlar,
yo’nalishlar,
kontseptsiyalar
va
metodologiyalarga asos bo’lib xizmat qiladi. Tarixiy ana shunday holatdan kelib
chiqib, K. Yaspers «Bu kontsentratsion lagerlarning real voqeligi, bu
azoblovchilar va azoblanuvchilar doirasidagi kelishilgan harakat, inson ma’naviy
qiyofasining bunday yo’qolishi barchaga halokat tahdidini soluvchi kelajak
imkoniyatlaridan darak beradi... ushbu xavf atom bombasidan ham qo’rqinch-li,
chunki u inson qalbiga tajovuz qiladi», deydi.
88
Bir qarashda Yaspers tsivilizatsiya oqibatlarini, fan-texnika taraqqiyoti
natijalarini tushkunlik bilan qabul qilganday ko’rinadi. Biroq uning qarashlarida
yuksak ko’tarinkilik, optimistik ruh yaqqol ko’zga tashlanadi. Xususan, insoniyat
kelajagi to’g’risida gapirar ekan, har qanday tsivilizatsiya tasodifiy hodisa emas,
aksincha, insonning aql-zakovati, fe’l-atvori mahsulidir, degan xulosaga keladi.
O’tmishda yuz bergan barcha yutuqlar bilan birga tanazzullar va fojialarni butun
ko’lami bilan anglab etish, undan zarur xulosalar chiqarish, buning uchun esa tiniq
va keng qamrovli tafakkur kerakligini uqtiradi va, jumladan, shunday deydi:
«O’tmishning fojialarini unutishga yo’l qo’ymaslik kerak. Negaki, bizdagi
qo’rquv o’tmishda sodir bo’lgan voqealar qaytarilishi, tarqalishi, butun dunyoni
qamrab olishi mumkinligi tufayli paydo bo’ladi. Biz xavf bilan faol kurashga
aylanuvchi ushbu qo’rquvni saqlashimiz lozim».
Shunday qilib, G’arb tarix falsafasi XVIII asrdan keyin jahon tarixini
o’rganishning misli ko’rilmagan metodologik asosini yaratdi. Bu bevosita butun
ko’lami, ilmiy-nazariy yaxlitligi, inson va uning mohiyati, insoniyat tarixi
taraqqiyoti tajribalari haqidagi Sharq mutafakkirlari ilmiy-metodologik
qarashlarining, falsafiy yo’nalishlari va g’oyalarining yangi tsivilizatsiyaviy
shakli sifatida o’zini namoyon etdi. Zotan, G’arb mutafakkirlaridan biri «Hyp –
Sharqdandir» degan edi. Bu dono bashorat har ikki ma’noda – hayot manbai
bo’lgan quyoshning Sharqdan chiqishiga, tafakkur manbai bo’lgan aql-idrok,
daholik quvvati va zakovat mo’’jizasi ham Sharqda yuz bergani va keyinchalik
butun insoniyatni zabt etganiga haqqoniy ishora edi!
Do'stlaringiz bilan baham: |