To’g’on va Sharq tarix falsafasi
56
Sharqda tarixni o’rganishning asosan ikki yo’nalishi mavjud. Bu
bevosita tabiat, tabiiy hodisalar, olamning yaralishi bilan bog’liq bo’lgan
yo’nalishlar, ikkinchisi esa insonning dunyoga kelishi, insoniyat tarixi bilan
bog’liq bo’lgan kishilik hayotining vujudga kelishi, insoniyat tarixiy-tadrijiy
rivojining bosqichlari, mohiyati, mazmunini qamrab olgan tarixiy-falsafiy,
ma’naviy-axloqiy hamda bularning barchasini o’ziga mujassam etgan
mantiqiy taxlil va tadqiq tashkil etadi.
Har bir tarixchi o’z davri ijtimoiy tuzumi, uning mazmuni va qadriyatlari
nuqtai nazaridan o’tmishga yondashadi va ana shu qarashlar hamda ehtiyojlar
asosi-da tarixiy taraqqiyotga baho beradi. Biroq tarixiy jarayonlarga, ma’lum
voqea-hodisalarga ichki va tashqi ta’sir – jamiyat ma’naviy, ijtimoiy,
iqtisodiy asoslari va tabiiy hodisalar mohiyati, ular ta’sirida kelib chiqqan
real voqelik o’zaro bog’liqlikka tadqiq etilmog’i lozim. Chunki uning zamirida
tabiiy va ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning butun mohiyati har ikki yo’nalishda
namoyon bo’ladi. Shuning uchun ham atoqli tarixshunos Ahmad Zaki Validiy
o’zining «Tarixda usul» nomli kitobida «o’z hayotimizni tadqiq etar ekanmiz,
ko’ramizki, bizning butun borlig’imiz asosan ikki narsaga bog’liqdir. Bir
tomondan ehtiyojlarimizga muvofiq keluvchi yoki ularga ters keluvchi tashqi
ahvol, shart-sharoitlar, boshqa tomondan esa shaxsiy xohish-istaklarimiz
mavjud. Jamiyat ham xuddi shunday mavjuddir. Umumiy shart-sharoit,
masalan, zilzilalar, osmondan yog’iladigan har xil ofatlar, urushlar va vabolar,
iqlimning o’zgarib ketishi kabi tabiiy hodisalar bilan birga alohida individual
guruhiy istak insoniyatning ichki ta’sir quvvatlari insonlar borlig’ida qatiy
ta’sir ko’rsatuvchi omillar vazifasini o’taydi», deb yozadi.
Insoniyat taraqqiyotida va kishilik jamiyati rivojlanishida tashqi ta’sir –
tabiiy ofatlar, turli yuqumli kasalliklar, urushlar va ommaviy qirg’inlar
qanchalik kuchli ta’sir etsa, ichki mohiyati bilan ma’lum bir ijtimoiy guruh,
siyosiy manfaatlar o’rtasidagi ziddiyatlar ham katta ahamiyat kasb etadi. Bular
esa bevosita tarixda insonning o’rni, roli, maqsad va intilishlari, orzu va
umidlarining ifodasi sifatida o’zini namoyon etadi. Ba’zi holatlarda ayrim
shaxslar favqulodda voqelik mohiyatiga ega bo’ladilar. Natijada ular daholar, ulug’
sarkardalar, payg’ambarlar timsolida mavjud ijtimoiy tuzumni keskin o’zgartirib
yuboradilar. O’ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-axloqiy va
mafkuraviy me’yorlarni o’rnatishadi. Ana shu tarzda «Tarix insoniyatning go’yoki
bir tarjimai holi va ruxiyati»ning ifodasi sifatida dunyoga keladi.
Axmad Zaki Validiy To’g’on insoniyat tarixini o’rganish va tarix
falsafasining nazariy-metodologik jihatlarini ishlab chiqar ekan, quyidagi
tamoyillarni ilgari suradi:
—tarixning teokratik va dualistik talqini;
—tarixni materialistik tushunish;
—tarixning pozitivistik talqini;
—tarixni idealistik tushunish;
—tarixni ekspressionistik talqini;
—tarixning gumanistik talqini va hokazolar.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sharq tarix falsafasi metodologiyasining
57
o’ziga xos jihatlari mavjud. Bu bevosita tarixiy haqiqat, real voqelik bilan birga
mavjud bo’lgan afsonalar, rivoyatlarning uyg’unlashib ketishi kabi holatlardan
o’tmishni tarixiy, falsafiy, mantiqiy tushunishning ilk va noyob tajribasi sifatida
dunyoga kelgan qarashlardir. Bu davrda tarix juda katta shavqu shuur, quvvai
hofizani talab etadigan yuksak badiiy tasvirlar, obrazlar, o’xshatishlar bilan ifoda
etilgan jozibador va hayajonli tarixiy-badiiy uslubni tashkil etadi. Ba’zi bir tarixiy
asarlarda tarixiy shaxslar, payg’ambarlar, sarkardalar, sipohdorlar, podshohlar
fe’l-atvori, xarakter belgilari, jang holatlari tasvir-lari yuksak badiiy mahorat
bilan bayon etiladi (Masalan, Firdavsiyning «Shohnoma», Navoiyning «Tarixi
anbiyo va hukamo», «Tarixi mulki Ajam», Boburning «Boburnoma»;
Ulug’bekning «To’rt ulus tarixi» asarlari, turli sayohatnomalar va boshqalar). Ayni
ana shu san’atning o’zida etnografiya, antropologiya, sotsiologiya, falsafa,
mantiq, siyosatshunoslik va boshqa fanlar yo’nalishlariga xos bo’lgan qarashlar
ham uyg’un holda o’z aksini topganki, bu tarixni o’rganishda, voqealar
moxiyatini anglashda beqiyos shavqu zavq, ajdodlar hayotiga katta qiziqish va
hayajon bilan qarash, ular turmush tarzi, dunyoqarashi va an’analariga katga
ehtiyoj sezishga olib kelgan.
Ahmad Zaki Validiy To’g’on Sharq tarix falsafasining dunyoga kelishi,
uning rivojlanish omillari va tadrijiy taraqqiyoti xususida fikr yuritar ekan, ulug’
islomshunos mutafakkirlardan biri Ibn Miskavayxning ilmiy qarashlariga
mufassal to’xtaydi va uning «Davlat idorasi, davrning ruhiyati, millatlarning
uyg’onishi va inqirozlarning sabablari kabi masalalarni ichki bir aloqadorlik
bilan tushuntirgan, o’rni kelganda ularni oydinlashtirishga jur’at qilgan» buyuk
muarrix sifatida baholaydi. Demak, Sharq tarixshunosligi va tarix falsafasida
davlat, jamiyat, boshqaruv va inson tushunchalari atrofidagi mulohazalar,
mushohada va ilmiy muhokamalar ancha ilgari vujudga kelgan va G’arb tarixiy
tafakkurining shakllanishida, tarix falsafasi predmeti hamda metodologiyasining
yangi tsivilizatsiyaviy davr talablari darajasiga ko’tarilishida muxim manba
bo’lib xizmat qilgan.
Ahmad Zaki Validiy To’g’on islom olami tarixshunosligi va tarix falsafasi
predmeti, uning metodologiyasi, o’rganish usullari va uslublari, tadqiqot ob’ekti
va sub’ekti xususida fikr yuritar ekan, qator Sharq allomalari ilmiy merosini
chuqur o’rganganini ko’rsatadi.
Ahmad Zaki Validiy To’g’onning tarix falsafasini yaratishdagi ilmiy
qadriyati shundaki, u Turkiston tarixiga doir turli qarama-qarshi, ziddiyatli
g’oyalarga aniqlik kiritdi. Zotan, Turkistonning boy madaniyati va ulkan
tsivilizatsiyaviy taraqqiyotiga turli manfaatlar orqali qarash, boshqacha qilib
aytganda, uni talon-toroj qilish, har kim o’zining mulkiga aylantirish ten-
dentsiyasi hukumronlik qilar edi. Jumladan, kimlardir yevropaparastlik,
g’arbparastlik, yana kimlardir slavyanparastlik, boshqa birovlar esa eronparastlik
manfaatlari nuqtai nazaridan yondashib, qadimiy Turkiston madaniyatiga egalik
qilish da’volari bilan yashardilar. Vaholanki, Turkiston azal-abaddan yaxlit makon
hisoblangan. Turkiston xalqlari tarixi insoniyat tarixi bilan tengdosh, jahon
tarixining ibtidosi bilan hamohang ravishda rivojlangan va umuman insoniyat
hayotiga madaniyat olib kirgan buyuk tarix va mo’’jizaviy qadriyatdir.
58
Turkiston xalqi o’z hududi doirasida insonning ilk paydo bo’lishi,
jamoachilikning boshlanishi, ma’lum jamiyat qiyofasiga ega bo’lgan ijtimoiy
hayot tarzidan boshlab bugungi tsivilizatsiyaviy darajagacha bo’lgan noyob, o’ziga
xos, jozibador va ayni paytda nihoyatda iztirobli, ziddiyatli, keskin
vayrongarliklar va buyuk kashfiyotlar, sevinchu iztiroblarni o’zida mujassam
etgan yaxlit tarihdir. Ahmad Zaki Validiy To’g’on Turkiston tarixiga ana shunday
yondashadi va uni butun buyukligiyu fojialari bilan yaxlit holda tadqiq etadi.
Ahmad Zaki Validiy To’g’on tarix fani taraqqiyotini tor doirada
tushunmadi. U tarix mantig’ini izlashda manbashunoslik, tarixiy tilshunoslik,
arxeologiya, etnografiya, poleontologiya, epigrafiya, numizmatika, sotsiologiya,
falsafa va mantiq fanlarining umumiy talablari va metodologik asoslari orqali
o’rgandi. Tarixni anglash va tushunishda bu juda ulkan va o’ziga xos, ilmiy-
nazariy jihatdan progressiv hodisa edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |