17. Ўзбекистонда парламентаризм (Олий Мажлис) асосларининг шаклланиши ва ривожланиши. Олий Мажлиснинг конституциявий мақоми.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi — Oʻzbekiston parlamenti, oliy davlat vakillik, qonun chiqaruvchi organi. Dastlab bir palatali parlament sifatida tashkil etilgan va fuqarolarning umumiy, teng , toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida shakllantirilgan. 1-chaqiriq Oliy Majlis koʻp partiyalilik asosda 3 turda — 1994-yil 25-dekabr, 1995-yil 8- va 22-yanvarda boʻlib oʻtgan saylovlarda saylangan va 1995—99 yillarda faoliyat koʻrsatgan. 2-chaqiriq Oliy Majlisga saylovlar 1999 yil 5 va 19 dek.da boʻlib oʻtgan va u 2000— 2004 yillarda faoliyat koʻrsatgan. Bir palatali parlament 250 deputatdan iborat boʻlib, u ishlagan davrda 10 ta kodeks, ikkita milliy dastur, 240 ta qonun, 468 ta qaror qabul qilingan, qonun hujjatlariga 1573 ta qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilgan. Bu yillarda parlament, oʻz konstitutsiyaviy vakolatlariga asoslanib, demokratik jamiyatning huquqiy asoslarini shakllantirish, bozor iqtisodiyoti prinsiplarini rivojlantirish boʻyicha muayyan ishlarni amalga oshirdi. Qonunchilik, davlat boshqaruvi, oʻtish davri muammolarini yechishda muayyan tajribaga ega boʻldi. 2002-yil 27-yanvarda oʻtkazilgan referendumda ikki palatali parlamentni tuzish masalasi Oʻzbekiston xalqi tomonidan qoʻllab quvvatlandi. 2004-yil 26-dekabr va 2005-yil 9-yanvarda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, 2005-yil 17—20-yanvarda Oliy Majlis Senatiga saylovlar boʻlib oʻtdi va Oliy Majlis 2 palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palatadan) iborat qilib shakllantirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi faoliyatining huquqiy asosini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy prinsiplari toʻgʻrisida” (2002-yil 4-aprel), “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida” (2002-yil 12-dekabr), “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi (2002-yil 12-dekabr) Konstitutsiyaviy qonunlar, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida” (2003-yil 29-avgust), “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida” (2003-yil 29-avgust) kabi qonunlar tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Qonunchilik palatasi hududiy, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻp partiyalilik asosida saylanadigan 120 deputatdan iborat. Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi boʻlib, Senat aʼzolaridan (senatorlardan) tarkib topadi. Senat aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — 6 kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazкur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Senatning 16 nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat кoʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |