Ichki va tashqi shart-sharoitlarga quyidagilarni kiritish mumkin:
■ o‘quv topshiriqlarining yangiligi, dolzarbligi, ijodiylikka undashi, mazmuni, murakkablik darajasi;
■ tevarak-atrofdagi shaxslarning xulq-atvori xususiyatlari;
■ faol harakat va natijalarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish tizimining o‘ziga xos jihatlari;
■ intilishlar darajasi va muvaffaqiyat motivatsiyasi;
■ sub’ektning o‘z tayyorgarligi va psixologik imkoniyatlari, shuningdek, zaruriy irodaviy zo‘riqishlarni baholash;
■ o‘z kompetentligini mukammallashtirish borasidagi ishlarning turli bosqichlarida ijobiy psixologik iqlim, muhitni yaratish va qo’llab-quvvatlash salohiyati.
Kasbiy psixologik kompetentlikni rivojlantirish psixologik bilim, malaka va ko‘nikmalar hajmi, miqdorigagina emas, balki sub’ektning kompetentli kasbiy xulq modelini o‘zlashtirish va hayotga tatbiq etish borasidagi intilishlariga bog‘liqligi xususida ko‘plab fikrlar bayon qilingan. Bunda muayyan individual sub’ekt, shaxsning qadriyatlar yo‘nalishi, tafakkur tarzi, dunyoqarash, e’tiqod, ideallari, Men-konsepsiyasi, o‘zini o‘zi anglashi, kompetentli bo‘lishga nisbatan motivatsiyasi xarakteri muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, motivatsion xususiyatlar mazmuni kompetentlik samarasini belgilashda ahamiyatlidir. Bu o‘rinda insonning o‘z kasbiy va shaxsiy sifatlarini rivojlantirib borishga nisbatan intilishlariga e’tiborni qaratish lozim.
6.3.Xalq ta’limi tizimi xodimlarining odob-axloq qoidalari.
2020 yil 28-mayda Xalq ta’limi vazirligining 131-sonli buyrug‘i bilan “Umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarning odob-axloq qoidalari” tasdiqlangan. «Umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilarining odob-axloq qoidalari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi, «Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida»gi, «Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-son «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda umume’tirof etilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillar asosida ishlab chiqilgan. Mazkur «Odob-axloq qoidalari» O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga tadbiq etiladi. Unda «Odob-axloq qoidalari» ta’lim muassasalari jamoa a’zolari (ma’muriyati, o‘qituvchilari, texnik xodimlari va o‘quvchilari)ning ta’lim muassasasidagi o‘zaro munosabatlarida rioya etishlari shart bo‘lgan odob-axloq tamoyillari, xulq-atvor me’yorlari va majburiyatlarini belgilab berilgan.Ushbu «Odob-axloq qoidalari»ga rioya qilish ta’lim muassasasi jamoa a’zolarining barchasi uchun majburiy hisoblanadi. «Odob-axloq qoidalari»ning maqsadi- umumiy o‘rta ta’lim maktablarida sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, yosh avlodga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish, ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonining sifati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga sharoit yaratishdan iboratdir.
«Odob-axloq qoidalari»ning asosiy vazifalari:
-umumiy o‘rta ta’lim maktablari jamoasi a’zolarining ma’naviy immunitetini shakllantirish va mustahkamlash;
-o‘quvchilar orasida odob-axloqni buzishni, zo‘ravonlik, hayosizlik va shafqatsizlikni tashviq qilishga qaratilgan har qanday hatti-harakatlarning oldini olishga, yoshlarni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan va boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, past saviyali «ommaviy madaniyat» xurujlaridan himoya qilishga ko‘maklashishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |