Burun bo’shlig’i (cavum nasi) kallaning yuz qismi o’rtasida joylashgan. G’alvirsimon va dimog’ suyaklarining perpendikulyar plastinkalaridan hosil bo’lgan burunning suyak to’sig’i (septum nasi osseum), past tomonda burun qirrasiga mustahkamlanib uni ikki bo’lakka ajratadi. Burun bo’shlig’ining old tomonida yuqori jag’ suyagining burun o’ymalari, yuqoridan burun suyaklari bilan chegaralangan burunning noksimon teshigi (apertura nasi piriformis) bor. Orqa tomonda burun bo’shlig'i xoanalar (choanae) vositasida halqumga qo’shiladi. Burun bo’shlig’ini uchta devori tafovut qilinadi.
Burun bo’shlig'ining ustki devorini burun suyaklari, peshona suyagining burun qismi, g’alvirsimon suyakning g’alvirsimon plastinkasi va ponasimon suyak tanasining pastki yuzasi hosil qiladi.
Burun bo’shlig'ining pastki devori yuqori jag’ suyagining tanglay o’simtalari va tanglay suyagining gorizontal plastinkasidan hosil bo’lgan.
Burun bo’shlig’ining lateral devori murakkab tuzilgan. Uni yuqori jag’ suyagining peshona o’simtasi, yonoq suyagi, g’alvirsimon labirintlar, tanglay suyagining perpendikulyar plastinkasi va qanotsimon o’simtaning medial plastinkasi hosil qiladi. Burun bo’shlig’ining lateral devorida uchta burun chig’anog’i bo’lib, burunning yon devorini uchta burun yo’liga ajratadi.
Yuqorigi burun yo’li (meatus nasi superior) yuqorigi va o’rta burun chig’anoqlari o’rtasida joylashgan. Unga g’alvirsimon suyakning orqa katakchalari va ponasimon bo’shliq tirqishi ochiladi.
O’rta burun yo’li (meatus nasi media) o’rta va pastki burun chig’anoqlari o’rtasida joylashgan. Unga g’alvirsimon suyakning oldingi va o’rta katakchalari, peshona, yuqori jag’ bo’shliqlari tirqishi va ponasimon-tanglay teshigi (foramen spenopalatinum) ochiladi.
Pastki burun yo’li (meatus nasi inferior) pastki burun chig’anog’i bilan qattiq tanglay o’rtasida joylashgan. Uning oldingi qismiga burun ko’z yoshi kanali (canalis nasolakrimalis) ochiladi.
Burun bo’shlig’i (37-rasm) yangi tug’ilgan bolada nisbatan past va tor. Uning balandligi 18 mm, kengligi 7 mm. Kirish qismi noto’g’ri romb shaklida. Xoanalar uchburchak shaklida. Burun to’sig’i to’g’ri va qisqa bo’lib, tog’aydan iborat. Tashqi devorida to’rtta: eng yuqorigi, yuqori, o’rta va pastki burun chig’anoqlari bo’lib, to’rtta burun yo’lini hosil qiladi. O’rta burun yo’li nisbatan katta bo’lib, balandligi 6-7 mm va uzunligi 20 mm. Burunning yon bo’shliqlaridan yuqori jag’ bo’shlig’i biroz rivojlangan, qolganlari taraqqiy etmagan. 7 yoshlarda g’alvirsimon suyak perpendikulyar plastinkasi suyaklanishi natijasida burun to’sig’i suyaklanib bo’ladi. Eng yuqori chig’anoq yo’qolib, yuqori burun yo’li kattalashadi. Bu davrda burunning kirish teshigi noksimon shaklni oladi. Burun yon bo’shliqlarining taraqqiyoti balog’at yoshida tugallanib, burun bo’shlig’ining jinsiy va shaxsiy xususiyatlari paydo bo’ladi.
Suyak (qattiq) tanglay (palatum osseum) o’zaro o’rta chiziqda choklar vositasida birikkan o’ng va chap yuqori jag’ suyaklari tanglay o’simtasi, hamda tanglay suyaklari gorizontal plastinkasidan hosil bo’ladi. Old va yon tomondan yuqori jag’ suyagi alveolyar o’simtalari bilan chegaralangan. Suyak tanglay og’iz bo’shlig'ining yuqorigi devorini hosil qilib, pastki yuzasi bukilgan. Uning o’rtasidan o’rta tanglay choki (sutura palatina mediana) o’tgan bo’lib, oldingi uchida keskich kanal (canalis incisivus) joylashgan. Yuqori jag’ suyagi tanglay o’simtasini orqa chekkasini tanglay suyagi gorizontal plastinkasi birikkan joyda ko’ndalang tanglay choki (sutura palatina transversa) bor.
Kallaning yon tomonida chakka, chakka osti va qanot-tanglay chuqurchalari joylangan.
Chakka chuqurchasi (fossa temporalis) yuqori va orqa tomondan pastki chakka chizig’i, pastdan chakka osti qirrasi va yonoq ravog’ining oldingi chekkasi, oldindan yonoq suyagi bilan chegaralanadi. Bu chuqurchada chakka mushagi yotadi. Chakka chuqurchasi yangi tug’ilgan bolada (38-rasm) yaxshi rivojlanmagan. U chakka mushagi taraqqiyoti bilan barobar bolalikning birinchi davrigacha chuqurlashib boradi. Bu davrda chakka osti qirrasi paydo bo’ladi. Balog’at yoshida chakka chuqurchasi chakka osti chuqurchasidan aniq ajraladi.
Chakka osti chuqurchasining (fossa infratemporalis) ustki devorini chakka suyagi va ponasimon suyakning katta qanoti, medial devorini qanotsimon o’simtaning lateral plastinkasi hosil qiladi. Uning oldingi devori yuqori jag’ suyagi bo’rtig’i va yonoq suyagidan hosil bo’lgan. Chakka osti chuqurchasi old tomondan ko’z kosasining pastki tirqishi orqali ko’z kosasi bilan, ichki tomondan qanotsimon-yuqori jag’ tirqishi (fissura pterygomaxillaris) orqali qanot-tanglay chuqurchasiga ochiladi.
Qanot-tanglay chuqurchasida (fossa pterygopalatina) uchta devor tafovut qilinadi. Uning oldingi devorini yuqori jag’ suyagi bo’tig’i, orqa devorini qanotsimon o’simtaning asosi, medial devorini tanglay suyagining perpendikulyar plastinkasi hosil qiladi. Lateral tomondan u chakka osti chuqurchasi bilan qo’shiladi. Qanot-tanglay chuqurchasi beshta teshik, kanal va yoriqlar vositasida kalla suyagining asosiy bo’shliqlari bilan qo’shiladi: 1.Ponasimon-tanglay teshigi (foramen spenopalatinum) orqali burun bo’shlig’iga; 2. Yumaloq teshik (foramen rotundum) orqali o’rta kalla chuqurchasiga; 3. Ko’z kosasining pastki tirqishi (fissura orbitalis inferior) orqali ko’z kosasiga; 4. Katta tanglay kanali (canalis palatinus major) orqali og’iz bo’shlig’iga; 5. Qanotsimon kanal (canalis pterygoideus) orqali kallaning tashqi asosiga.
Qanot-tanglay chuqurchasi yangi tug’ilgan bolada yaxshi rivojlanmagan. U nisbatan keng, chuqur va qisqa. Erta bolalik davrida u bo’yiga uzayadi va 7 yoshda uning shakli kattalarnikiga o’xshab qoladi.
Yangi tug’ilgan bola kallasi
Yangi tug’ilgan bolaning kalla suyagini (38, 39-rasmlar) miya qismi yuz qismiga nisbatan 8 marta (kattalarda 2 marta) katta bo’ladi. Suyaklar o’zaro tog’ay yoki biriktiruvchi to’qimalar vositasida birikkan. Peshona va tepa bo’rtiqlari yaxshi ko’ringan bo’lib, chaqaloq boshiga tepa tomondan qaraganda to’rtburchak shaklida ko’rinadi. Peshona va pastki jag’ suyaklari ikki bo’lakdan iborat. Chakka suyagi qismlari bir-biridan yaxshi bilingan biriktiruvchi to’qimali qatlami bor tirqishlar bilan ajralgan. Kalla suyaklarida mushak bo’rtiqlari va chiziqlari yaxshi bilinmaydi. Yangi tug’ilgan bola kalla suyagining asosiy belgilaridan biri liqildoqlardir. Liqildoqlar hali suyaklanib bo’lmagan biriktiruvchi