www.ziyouz.com kutubxonasi
62
«Agar bu (Binyamin) o‘g‘irlik qilgan bo‘lsa (qilgandir, chunki) ilgari uning akasi ham o‘g‘irlik qilgan edi» -
deganlarida shu voqe’ani nazarda tutgan edilar.
Akalar Yusuf (a.s.)ga yana murojaat qilib:
«Ey aziz, Binyominning bir qari otasi bor. Buning ayrilig‘iga chiday olmaydi, uning o‘rniga bizlardan
bittamizni olib qoling. Bizlar sizni ezgu ishlarni qiluvchi zotlardan ekaningizni ko‘rmoqdamiz», - deyishdi. Yusuf
(a.s.) rad javobini berib:
«Alloh saqlasin, biz kimdan matomizni topgan bo‘lsak, o‘shani olib qolamiz. Aks holda biz zolim
kimsalardan bo‘lib qolurmiz», - deb Binyominni olib qoldilar. Akalari noumid bo‘lgandan keyin endi nima qilish
haqida maslahat qildilar. Yahuzo ularga dedi:
«Otamiz bizlardan Binyominni saqlashimiz haqida va’da olmaganmidi, imon bilan qasam ichmaganmidik,
endi nima deymiz. Bir ukamizni yo‘qotdik, ikkinchisi uchun ichgan qasamimizni buzdik. Hali otamizning jigari
Yusuf uchun ezilishdan to‘xtagani yo‘q, ko‘zyoshlari tingani yo‘q; endi otamizning ko‘ziga qanday qaraymiz?
Men bir qadam ham bosmayman, to otam izn bermaguncha yoki Alloh menga hukm qilmaguncha, chunki
Alloh eng yaxshi hukm qiluvchidir», - dedi.
Akalar endi Binyominni ham, Yahuzoni ham Misrda qoldirib, otalari huzuriga bordilar va bo‘lgan voqeadan
xabardor qildilar. Ya’qub (a.s.)ning firoq o‘tlari yanada ziyoda bo‘lsada, «bunda albatta Allohning hikmati bor»,
deb sabr qildilar.
«(Ya’qub) dedi: «Yo‘q! Sizlarga havoyi nafsingiz (yomon) ishni chiroyli qilib ko‘rsatgan. Endi mening ishim
chiroyli sabrdir. Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyomin va katta o‘g‘limning) barchalarini bag‘rimga
qaytarsa. Albatta, U bilim va hikmat sohibidir.
Keyin ulardan yuz o‘girib: «esizgina Yusuf!» dedi. G’am-g‘ussadan uning ko‘zlari oqarib (ojiz bo‘lib) qoldi va
endi u hazindir».
Oradan biroz vaqt o‘tgandan keyin o‘g‘illarini chaqirib:
«Boringlar! Haligacha Yusufning o‘lganiga ishona olmayman. Allohning lutfidan noumid bo‘lmanglar, borib
izlanglar», - dedilar. Akalar Misrga bordilar va Yusuf (a.s.)ning huzurlariga kirib:
«Misr azizi, ukamizni bizga qaytaring, otamiz juda qarib qolganlar, uning hasratida ko‘z yoshi to‘kyaptilar.
Yusufning yo‘qolgani uchun ham juda mahzunlar. Yig‘lay-yig‘lay ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoldi», - deb yolvorishdi.
Yusuf (a.s.) ularning yuzlariga kulimsirab qaradilar va:
«Sizlar johillik qilib Yusufni nima qilganlaringizni bilasizlarmi?» - dedilar. Akalari baravariga Yusufning
yuzlariga qaradilar va ukalarini tanishib baravariga:
«Sen Yusufmisan?!», - deb baqirib yuborishdi. Yusuf (a.s.):
«Ha, men sizlar quduqqa tashlagan Yusufman. Alloh meni saqladi va Misrga hokim qildi», - dedilar. Akalar
uzr aytishib:
«Ey birodarimiz Yusuf, Biz xato qildik. Alloh bizni afv etsin, uzr so‘raymiz», - deb yig‘lashdi. Yusuf (a.s.)
ularga:
«Men sizlarga hech qanday yomonlik qilmayman. Alloh arhamurrohimindir, sizni afv etsin. Mana bu
ko‘ylagimni olib borib otamning ko‘zlariga suring, avvalgidek ko‘radigan bo‘ladi. Sizlar otamni va oila
a’zolaringizni ham bu yerga olib keling!», - deb buyurdilar.
Yusuf (a.s.) shu so‘zlarni aytayotgan paytlarida shamol ko‘ylakning hidini otalarining dimog‘iga olib bordi.
Ya’qub (a.s.):
«Men Yusufning bo‘yini sezmoqdaman. Meni aqldan ozganga chiqarmasangizlar edi» - dedilar» va yig‘lay
boshladilar.
Bir muddat o‘tgandan keyin Yusuf (a.s.)ning akalari ham Misrdan qaytib keldilar. Ular hayajon bilan:
«Otajon! Yusufni ko‘rdik, Misrga hokim bo‘libdi. Uning ko‘ylagini keltirdik», - deyishdi.
Ya’qub (a.s.) Allohga shukronalar aytib sajdaga bosh qo‘ydilar. Yusuf (a.s.)ning ko‘ylaklarini ko‘zlariga
surtdilar. Allohning izni bilan ko‘zlari ochildi.
«(Yusufning akalari) dedilar: «Ey, ota, (Allohdan) bizning gunohlarimizni mag‘firat qilishini so‘ragin. Albatta,
bizlar xato qiluvchilardan bo‘ldik».
Ya’qub (a.s.) o‘g‘illarining maqsadi tavba ekanini va o‘z qilmishlaridan pushaymon ekanini bildilar va ularga:
«Albatta, Robbimdan sizlarni mag‘firat qilishini yaqinda so‘rayman. Albatta, U mag‘firat qiluvchi zotdir» -
dedilar.
Ibn Mas’ud, Ibrohim At-Taymiy, Amr ibn Qays va Ibn Jurayj dedilar: «Ya’qub (a.s.) darhol duoga qo‘l
ochmasdan, «sizlarni mag‘firat qilishini yaqinda so‘rayman» deyishlaridan maqsad, sahar paytini kutgan edilar.
Muhorib ibn Disor aytadilar: «Umar (r.a.) masjidga borayotib, bir kishining duo qilayotganini eshitdilar. U
shunday derdi: «Ey, Alloh, meni chaqirding, men ijobat qildim. Menga buyurding, men itoat qildim. Mana shu
saharda meni mag‘firat qilgin!»
Payg’ambarlar tarixi Islomiyat tarixidir (1-kitob)
Do'stlaringiz bilan baham: |