www.ziyouz.com kutubxonasi
47
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumo aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi
vasallamning qizlaridan biri u zotga o‘zining go‘dagi o‘lim holatida ekanini bildirib, odam
yubordi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xabarchiga: «Borib unga ayt: «Albatta
olgan narsasi Alloh taolonikidir. Bergani ham Uning O‘zinikidir. Va har bir narsa Uning
huzurida aniq vaqt – o‘lchov bilandir. Unga buyurginki, sabr qilib umid etsin», dedilar»
(Buxoriy va Muslim rivoyati).
Imom Navaviy aytadilar: «Ushbu hadis din asoslari (aqida) va furu’laridan (shar’iy
hukmlar) sanalib, har xil musibat, kasallik va g‘am-tashvishga mubtalo bo‘lganda o‘zini
tutish va sabr qilishdan iborat juda ko‘plab muhim masalalarni o‘z ichiga olgan ulkan
Islom qoidalaridan biridir. «Olgan narsasi Allohnikidir» jumlasining ma’nosi shuki, butun
olam Alloh taoloning mulkidir. Binobarin, U zot sizlarga tegishli narsani olgani yo‘q.
Aksincha, sizlarga omonat qo‘ygan O‘zining narsasini oldi xolos. «Bergani ham Uning
O‘zinikidir», degani, sizlarga bergan narsasi Uning tasarrufidan chiqdi, degani emas. U
baribir Allohniki bo‘lib qolaveradi, uning ustida xohlagan ishini qiladi. «Va har bir narsa
Uning huzurida aniq vaqt – o‘lchov bilandir». Ya’ni, talvasaga tushmanglar, besabrlik
qilmanglar. Zero, ajali yetgan har bir inson o‘ladi. Belgilangan ajal – vaqtni oldinga surib
ham, kechiktirib ham bo‘lmaydi. Agar bularning barchasini bilgan bo‘lsangiz, u holda
o‘zingizga yetgan musibatga sabr qiling va savobga umid bog‘lang. Vallohu a’lam».
Ali roziyallohu anhu Ash’as ibn Qaysga: «Agar sen iymon keltirgan va savob umid qilgan
holda sabr etsang, sabr etding. Bo‘lmasa sen ham, hayvon yupangandek yupanib
qolasan», dedilar.
Bir donishmand musibatga uchragan kishiga maktub yozdi: «Judo bo‘lgan narsang
sendan ketib bo‘ldi. Endi uning o‘rniga berilgan narsa – ajrdan ham mahrum bo‘lib
qolmagin».
Bir zot aytgan ekanki: «Oqil kishi musibatning birinchi kunida johil besh kundan keyin
qiladigan ishlarni qiladi».
Ma’lumki, vaqt o‘tishi bilan musibatga uchragan kishi ko‘nikib, ovunib boradi. Shuning
uchun shariatda musibatning ilk zarbasiga yo‘liqqan zahoti sabr qilishga buyurilgan.
Abdurahmon ibn Mahdiy farzandi o‘lib, qattiq talvasaga tushib qoldi. Bu xabarni eshitgan
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh u kishiga quyidagicha maktub yozdilar: «Ey birodar,
boshqalarni yupatgan so‘zlaringiz bilan o‘zingizni yupating, o‘zgalarning xatti-
harakatlaridagi noma’qul deb bilgan jihatlaringizni o‘z ishlaringizda ham bema’ni deb
hisoblang. Bilib olingki, eng achchiq musibat – shodlikning yo‘qolishi va ajrdan mahrum
bo‘lishdir. Agar bu ikkisiga gunoh ham kelib qo‘shilsa, qanday bo‘lar ekan?! Ey birodar,
siz talab qilmasdan turib, ajrning o‘zi yoningizga kelgan ekan, uni quchoq ochib kutib
oling. Zero, marhumingizdan ayrilib bo‘ldingiz. Alloh musibatlar chog‘i sizga sabr bersin,
sabr tufayli sizga ham, bizga ham ajr bersin».
So‘ng quyidagi she’rni bitdilar. Ma’nosi:
Hayotga unchalik ishonchim yo‘g‘-u,
Lek sunnat, deb qildim, ta’ziya izhor.
Mayyitdan so‘ng uning yaqinlari-yu
Ta’ziya aytgan ham o‘limga duchor.
Gunohi kabiralar. Imom Hofiz Shamsuddin Zahabiy
Do'stlaringiz bilan baham: |