434-modda. Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar sotilganida uning huquqlari Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar sotilganida, agar uning kamchiliklari shartnoma tuzish paytida ma’lum qilinmagan bo‘lsa, sotib oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra:
xuddi shu markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni;
xarid narxini tegishincha qayta hisoblagan holda boshqa markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni;
tovarning kamchiliklarini tekinga bartaraf etishni yoki sotib oluvchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tovarning kamchiliklarini bartaraf etish uchun qilingan xarajatlar qoplanishini;
xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni;
ko‘rilgan zarar o‘rnini qoplagan holda shartnoma bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega.
LexUZ sharhi Qarang: 1996-yil 26-apreldagi 221-I-son “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 15-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo Qoidalari”ning 29-bandi. Tovar uchun to‘langan pul summasini sotib oluvchiga qaytarish vaqtda sotuvchi undan tovardan to‘liq yoki qisman foydalanganligi, tovar ko‘rinishi yo‘qolganligi yoki boshqa shunga o‘xshash holatlar tufayli tovar qiymati qancha pasaygan bo‘lsa, shuncha summani ushlab qolishga haqli emas.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Xo‘jalik Sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi 174-son “Sifati tegishli darajada bo‘lmagan mahsulot (tovar)larni yetkazib berish bilan bog‘liq nizolarni hal etish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 4-bandi. 435-modda. Tovarni almashtirganda, xarid narxini kamaytirganda va sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovarni qaytarganda baholardagi farqni to‘lash Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni sifati tegishli darajada bo‘lgan boshqa tovarga almashtirish chog‘ida sotuvchi tovarning chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan bahosi bilan tovarni almashtirish yoki sud tomonidan tovarni almashtirish to‘g‘risida qaror chiqarish paytida mavjud bo‘lgan tovarning bahosi o‘rtasidagi farqni to‘lashni talab qilishga haqli emas.
Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni xuddi shunday, biroq o‘lchami, andazasi, navi va boshqa belgilari o‘zgacha bo‘lgan tegishli darajada sifatli tovarga almashtirish chog‘ida almashtirilayotgan tovarning almashtirish paytidagi bahosi bilan sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar o‘rniga berilayotgan tovarning bahosi o‘rtasidagi farq to‘lanishi lozim. Agar sotib oluvchining talabi sotuvchi tomonidan qondirilmasa, bu baholar sud tovarni almashtirish to‘g‘risida qaror chiqargan payt bo‘yicha aniqlanadi.
Tovarning xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirish to‘g‘risida talab qo‘yilgan taqdirda tovarning bahosini pasaytirish to‘g‘risida talab qo‘yilgan paytdagi, agar sotib oluvchining talabi ixtiyoriy suratda qondirilmagan bo‘lsa, sud bahoni mutanosib ravishda kamaytirish to‘g‘risida qaror chiqargan paytdagi bahosi inobatga olinadi.
Sotuvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovarni qaytarib berish chog‘ida sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan tovarning bahosi bilan uning talabi ixtiyoriy suratda qondirilgan vaqtdagi, agar talab ixtiyoriy suratda qondirilmagan bo‘lsa, sud qaror chiqargan paytdagi tegishli tovarning bahosi o‘rtasidagi farqni to‘lashni talab qilishga haqli.