774-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasining shakli Bank hisobvarag‘i shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak.
Bank hisobvarag‘i shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik ushbu shartnomaning haqiqiy bo‘lmasligini keltirib chiqaradi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
775-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish Bank hisobvarag‘i shartnomasi bank tomonidan mijozga yoki u ko‘rsatgan shaxsga bankda taraflar kelishgan shartlarda hisobvaraq ochish yo‘li bilan tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang. Yuridik shaxslar va fuqarolar o‘zlariga hisob-kitob va kassa xizmati ko‘rsatadigan banklarni mustaqil tanlaydilar.
(775-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustdagi 485-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 241-modda) Bank muayyan turdagi hisobvaraqlar ochish uchun e’lon qilgan, qonunda va qonunga muvofiq belgilab qo‘yilgan bank qoidalarida nazarda tutilgan tegishli talablarga mos keladigan shartlar asosida hisobvaraq ochishni taklif qilib murojaat etgan mijoz bilan bank hisobvarag‘i shartnomasi tuzishi shart.
Bank tegishli operatsiyalarni amalga oshirish qonunda, bankning ta’sis hujjatlarida va unga berilgan litsenziyada nazarda tutilgan hisobvaraqni ochishni rad etishga haqli emas, ana shunday rad etishga bankda bank xizmati ko‘rsatishga qabul qilish imkoniyati yo‘qligi sabab bo‘lgan hollar bundan mustasno.
Bank bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzishdan asossiz ravishda bosh tortgan taqdirda, mijoz uning oldiga ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 16-martdagi 7/2-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risida Yo‘riqnoma”. 776-modda. Hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf etish huquqini tasdiqlash Mijoz nomidan hisobvaraqdagi mablag‘larni o‘tkazish va berish haqida ko‘rsatma beradigan shaxslarning huquqlari mijoz tomonidan bankka qonunda nazarda tutilgan, qonunga muvofiq bank qoidalari hamda bank hisobvarag‘i shartnomasi bilan belgilangan hujjatlarni taqdim etish yo‘li bilan tasdiqlanadi.
Mijoz uchinchi shaxslarning talabiga muvofiq, shu jumladan mijozning ushbu shaxslar oldidagi majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq talabiga muvofiq pul mablag‘larini hisobvaraqdan o‘chirish haqida farmoyish berishi mumkin. Bank tegishli talab qo‘yilgan vaqtda uni qo‘yishga haqli bo‘lgan shaxsni aniqlash va bunday talabning xarakteri va asoslarini belgilash imkonini beradigan zarur ma’lumotlar bu farmoyishlarda yozma ravishda ko‘rsatilgan taqdirda ularni qabul qiladi.
Bank hisobvarag‘i shartnomasida hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf etish huquqini elektron to‘lov vositalaridan hamda ularda mijozning o‘z imzosi, kodlari, parollari hamda farmoyish tegishli vakolati bo‘lgan shaxs tomonidan berilganligini tasdiqlaydigan boshqa vositalarning o‘xshatmalaridan foydalanilgan boshqa hujjatlar bilan tasdiqlash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.