795-modda. Topshiriqni bajarmaganlik yoki tegishli darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik Mijozning topshirig‘i bajarilmagan yoki tegishli darajada bajarilmagan taqdirda, bank buning uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq javobgar bo‘ladi.
To‘lov topshiriqnomasi bo‘yicha hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirishda ishtirok etadigan banklar ushbu topshiriqni bergan shaxs oldida solidar javobgar bo‘ladilar.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 26-apreldagi 9/1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi Nizom”ning IV bobi. [OKOZ: 1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.17.00 Hisob-kitoblar (shuningdek, 07.21.03.00ga qarang) / 03.11.17.03 Akkreditivlar bilan hisob-kitob]
3-§. Akkreditiv bo‘yicha hisob-kitoblar 796-modda. Akkreditiv bo‘yicha hisob-kitoblar haqida umumiy qoidalar Akkreditiv bo‘yicha hisob-kitob qilinganida mijozning (to‘lovchining) topshirig‘i bilan va uning ko‘rsatmalariga muvofiq akkreditiv ochgan bank (bank-emitent) mablag‘larni oluvchi yoki u ko‘rsatgan shaxs (bundan keyingi matnda — mablag‘larni oluvchi) hujjatlarni taqdim etgan va akkreditivda nazarda tutilgan boshqa shartlarni bajargan taqdirda to‘lovni amalga oshirish majburiyatini oladi.
Qoplangan (deponentlangan) akkreditiv ochilgan taqdirda bank-emitent uni ochish vaqtida mijozning o‘z mablag‘larini yoki unga berilgan kreditni bank emitentning majburiyatlari amal qilib turadigan butun muddatga ijrochi bank ixtiyoriga o‘tkazishi shart.
Qoplanmagan akkreditiv ochilgan taqdirda bank-emitent ijrochi bankka akkreditivning butun summasini bank-emitentning ijrochi bankda yuritilayotgan hisobvarag‘idan o‘chirish huquqini beradi.
797-modda. Akkreditivning amal qilish muddati va u bo‘yicha hisob-kitob qilish tartibi Akkreditivning amal qilish muddati va u bo‘yicha hisob-kitob qilish tartibi pul mablag‘larini to‘lovchi bilan oluvchi o‘rtasidagi shartnomada belgilab qo‘yiladi.
Shartnomada yana quyidagilar bo‘lishi kerak:
bank-emitentning nomi;
akkreditivning turi va uni bajarish usuli;
mablag‘larni oluvchini akkreditiv ochilganligi haqida xabardor qilish usuli;
akkreditiv bo‘yicha mablag‘lar olish uchun oluvchi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati va aniq tavsifi;
tovarlar jo‘natilganidan (xizmatlar ko‘rsatilgan, ishlar bajarilganidan) keyin hujjatlarni taqdim etish muddatlari, ularni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan talablar.