Ikkinchi sababi – asossiz ravishda ish haqi va boshqa to’lovlarning oshirilishi, ushbu to’lovlar davlat byudjeti xarajatlari tarkibida qo’zda tutilmagan bo’lsa, muomalaga qo’shimcha emissiya hisobiga amalga oshiriladi. Buning natijasida iqtisodiyotda tovarlar va xizmatlarning bahosi oshadi va inflyatsiya darajasi ortib boradi.
Uchinchi sababi – mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlarning eksport qilish darajasining pastligi va import darajasining yuqoriligi bilan ifodalanadi. Mamlakatga kirib kelayotgan import tovarlar hisobiga xorijiy valyutalarning chetga oqib ketishi yuz beradi, natijada mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlar nafaqat tashqi ehtiyojlarni, balki ichki ehtiyojlarni qondirishga ham xizmat qilmay qo’yadi. Buning oqibatida milliy valyutaning sotib olish qobiliyati tobora salbiylashib, inflyatsiya darajasi ortib boradi.
Yuqorida ta’kidlangan inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi omillar faqat bizning davrimizgagina xos bo’lgan holat bo’lmasdan, ushbu holatlar turlicha ko’rinishda uzoq tarixda ham mavjud bo’lgan.
3. Inflyatsiyaning ijtimoiy – iqtisodiy oqibatlari
Iqtisodiyotda inflyatsiyaning vujudga kelishi mamlakatning barcha jabhalarida ijtimoiy – iqtisodiy jihatdan salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Iqtisodchi olimlar va mutaxassislarning fikricha, mamlakatda sudraluvchan inflyatsiya iqtisodiyot rivojiga kuchli salbiy ta’sir ko’rsatmaydi. Odatda iqtisodiyotda inflyatsiya darajasi yillik 12 – 14 foizdan ortgandan so’ng uning salbiy ta’siri seziladi. Inflyatsiyaning salbiy ijtimoiy – iqtisodiy oqibatlari sifatida quyidagilarni ta’kidlash maqsadga muvofiq.
1. Aholi va korxonalarning nominal daromadlari hajmi ortib borsada real daromadlari pasayadi. Natijada aholining turmush darajasi pasayadi, ularning yillik olayotgan daromadlarining real qiymati pasayib boradi. Korxonalarda xomashyo va ishlab chiqarish xarajatlari ortib boradi, buning natijasida ularning moliyaviy holati yomonlashadi.
2. Mamlakatning boylik va daromadlari bir guruh kishilar o’rtasida qayta taqsimlanadi. Kreditorlar bu borada yutadilar, debitorlar esa yutqazadilar. Dj.Millning fikriga ko’ra «Barcha tovarlarning bahosi surunkali o’sib borishi, boshqacha so’z bilan aytganda pulning sotib olish qiymatining tushib ketishi, kimgadir iqtisodiy jihatdan keltiradigan foydasi qo’shimcha ishlab chiqarish hisobidan emas, balki kimningdir hisobidan amalga oshadi»11.
3. Pulning moddiy boylikka almashtirish jarayoni tezlashadi. Aholi o’z ixtiyoridagi pullarga tovar, ko’chmas mulk, qimmatbaho buyumlarni, shuningdek, barqaror xorijiy valyutalarni sotib olishga bo’lgan iqtisodiy qiziqish ortib boradi.
4. Uzoq muddatli investitsiyalarga yo’naltiriladigan mablag’lar kamayib boradi va oxir oqibat to’xtaydi. Chunki, investitsiyalar hisobidan kelgusida olinadigan daromadlar o’z qadrini yo’qotgan pullarda olinadi.
5. Aholining barcha shakldagi pul jamg’armalarining (omonat, naqd pul, obligatsiya, qimmatli qog’ozlar va boshqalar) qiymati tushib ketadi. Shuningdek, korxonalarning jamg’armalari, asosan amortizatsion fondlarining qiymati inflyatsiya ta’sirida tushib ketadi va asosiy vositalarni yangilash hamda rekonstruktsiya qilishga imkoniyat qolmaydi.
6. Omonatlar bo’yicha foizlar miqdorining tushib ketishi. Foizlar nominal ko’rinishda o’sishi mumkin, lekin real qiymati pasayib boradi. Natijada aholining banklardagi omonatlarining hajmi pasayib, mablag’larning bankdan tashqari oborotining hajmi ortib boradi.
7. Mikroiqtisodiy darajada ishlab chiqarishga bo’lgan manfaatdorlik yo’qoladi, buning natijasida korxonada yangi ilmiy texnikani joriy etish darajasi tushib ketadi. Ishchilarning mehnatini rag’batlantirish pasayadi.
8. Milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlari markazlashadi. Milliy valyutaning qadrini pasayishi natijasida muomalada xorijiy valyutalarning ishtiroki ortib boradi. Mamlakat iqtisodiyotini boshqarishda qiyinchiliklar vujudga keladi.
9. Iqtisodiy ma’lumotlarning haqqoniyligi, ishonchliligi, barqarorligiga shubha tug’iladi. Natijada aholining davlat tomonidan olib borayotgan makroiqtisodiy siyosati va pul – kredit tizimiga ishonchi pasayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |