4-rasm. Pul aylanmasi tarkibi
Chizmadan ko’rinib turganidek, pul aylanmasini to’rtta yo’nalishga ajratish mumkin.
Birinchi yo’nalish, pul mablag’lari shakliga ko’ra, naqd pulli aylanmasi va naqdsiz pul aylanmasidan tashkil topgan.
Ikkinchi yo’nalish, pul aylanmasida ishtirok etayotgan sub’ektlar joylashuviga ko’ra, bir shahar ichidagi va shaharlararo pul aylanmasidan iborat.
Uchinchi yo’nalish, pul funktsiyalarining namoyon bo’lishiga qarab muomala vositasi va to’lov vositalarini o’z ichiga oladi.
To’rtinchi yo’nalish, tovar – pul munosabatlarining aks etishiga ko’ra, tovarli pul oboroti va tovarsiz pul oborotlari ko’rinishida namoyon bo’ladi.
Pul aylanmasi tarkibida naqd pulli yoki naqd pulsiz hisob – kitoblar hajmining past yoki yuqori ekanligi qator omillar bilan izohlanadi. Xususan, ular quyidagilardan iborat:
– mamlakatning ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanish holati, aholining ma’naviy, iqtisodiy va huquqiy ongi;
– milliy iqtisodiyotni boshqarish tartibi va rivojlanganlik darajasi;
– mamlakat bank tizimining rivojlanganlik darajasi va unga aholi ishonchining musthkamligi;
–real sektorning rivojlanganligi va iqtisodiyotning raqobatbardoshligi;
– Markaziy bankning pul – kredit siyosatini amalga oshirish bo’yicha mustaqilligining ta’minlanganlik darajasi.
Naqd pul va naqd pulsiz hisob – kitoblari o’rtasida juda yaqin bog’liqlik mavjud bo’lib, naqd pullar naqdsiz pul ko’rinishiga, naqdsiz pullar naqd pul ko’rinishiga o’tish orqali ular doimiy ravishda bir – birini to’ldirib turadi. Masalan, korxona va tashkilotlarning bankdagi naqdsiz pullari ishchi xodimlarga naqd pul va unga tenglashtirilgan mablag’lar ko’rinishida beriladi. Aholining qo’lidagi naqd pullar esa banklarga omonat sifatida qo’yilganda banklar uchun kredit resursi sifatida naqdsiz pul ko’rinishida maydonga chiqadi. Shu tariqa naqd pul va naqd pulsiz aylanmalar bir – biriga chambarchas aloqadorlikda amal qiladi.
2. Naqd pul aylanmasini tashkil etish
Avvalgi bo’limlarda ta’kidlaganimizdek, pul aylanmasi naqd pulsiz va naqd pulli hisob – kitoblardan tashkil topadi. Naqd pulli hisob – kitoblar bevosita naqd pullar bilan amalga oshiriladi. Iqtisodiyotda pul aylanmasi tarkibida naqd pulli hisob – kitoblarning ulushi sezilarsiz darajada bo’lib, taxminan 5 – 12 foiz atrofida tebranib turadi. Mamlakat pul aylanmasi tarkibida naqd pulli hisob – kitoblar ulushining pastligi yoki ortib borishi iqtisodiyotda ishlab chiqarish darajasi, moliya – kredit tizimi va milliy valyutaning barqarorligi hamda boshqa qator omillar bilan izohlanadi.
O’zbekistonda pul muomalasini tashkil etish va naqd pulli hisob – kitoblarni amalga oshirish tartibi O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2005 yil 20 avgustdagi 18/1 – sonli qarori bilan tasdiqlangan, Adliya vazirligida 2005 yil 10 oktyabrda 1518 – son bilan ro’yxatga olingan «O’zbekiston Respublikasida banklar tomonidan pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish to’g’risida»gi (avvalgi 6 – sonli) yo’riqnomasi asosida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |