Diagnostikasi
Salmonellyozning diagnostikasi epidemiologik vaziyatlarni, kasallikning asosiy kilinik belgilarini, axlatning o’ziga xos o’zgarishlarini va laboratoriya tahlili natijalarini hisobga olish zarur.
Laboratoriya diagnostikasida bakteriologik tekshirish asosiy o’rin tutadi. Kasallikning boshlanishidan to harorat me’yoriga tushgunga qadar bo’lgan davrda qonni bakteriologik jihatdan tekshirish zarur. Qonda salmonellaning aniqlanishi, shubhasiz salmonellyoz tashhisini qo’yishga yordam beradi. Bundan tashqari axlatni bakteriologik tekshirish ham katta ahamiyatga ega. Bu usul kasallikning ilk haftasida yahshi natija beradi. Tashhis qo’yishda siydikni, o’t suyuqligini, qusuqni bakteriologik tekshirish ham qo’llaniladi.
Diagnostikada seralogik usul, ya’ni qon zardobida agglyutininlarni aniqlash (Vidal tahlili) ham keng tarqalgan.
Differentsial diagnostikada salmonellyozni - dizenteriya (ichburug’), ichak koli infeksiyasidan farqlash lozim. Bunda o’ziga hos klinik belgilardan tashqari bakteriologik tekshirish natijalarining ahamiyati kattadir.
Davosi
Salmonellyoz bilan og’rigan bemorlarni albatta yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolash zarur. Bemorlar kasallikning yengil turida 1 – 2 hafta, og’ir turida esa 2 – 3 haftagacha o’rinda yotib davolanishi kerak. Kasallikning dastlabki kunlarida bemor organizmining zaharlanishiga qarab, parhez tutiladi, bu davrlarda bemorlarga Ringer suyuqligi, 5 % li glyukoza eritmasi kabilar ichirib turiladi. Bemorlarga kuniga 1kg vazniga 100 – 150 ml suyuqlik beriladi. Suyuqlikni oz –ozdan, tez- tez berib turish kerak. Suyuqlik parhezidan so’ng emizikli bolalarga oz-ozdan ( 10 ml dan boshlab) kuniga 9-10 martagacha sog’ilgan ona suti beriladi. Katta yoshdagi bolalarga esa suyuqlik parhezidan so’ng guruchli taomlar, kisel, kefir va turli vitaminlar tavsiya etiladi. Bemorning umumiy ahvoli yahshilangani sari ovqatning miqdori va quvvati tobora oshirib boriladi.
Kasallikning avjida bolalarda kuchli zaharlanish alomatlari bo’lganda ( to’xtovsiz qayt qilish, tez-tez ich ketish) bemorning venasiga tomchilatib,gemodez, reopoliglukin, 5-10 % li glukoza eritmasi, fiziologik eritma, zarurat bo’lganda qon zardobini yuborish zarur. Agar bemorning yurak faoliyati buzilgan bo’lsa, bemorning yoshiga qarab yurak gyukozidlaridan – strofantin, korglyukon, digoksin qo’llaniladi. Yuqori haroratda , tutqanoq paytida aminazin, seduksin, relanium va boshqa shu kabi dorilar tavsiya etiladi.Salmonellalarga qarshi kurashishda antibaktrial vositalar qo’llaniladi. Salmonellyozda antibiotiklardan levomitsitin, terramitsin,kanamitsin, brulomitsin, gentamitsin, bakteriofag, baktrimalar yahshi foyda beradi. Lekin bu antibiotiklarni qo’llashdan oldin, imkoniyat boricha salmonellalarning antibiotikka sezuvchanligini aniqlash zarur. Antibiotiklar odatdagi dozada 7 – 10 kun davomida qo’llaniladi. Kasallikning oldini olishda o’z vaqtida tashhis qo’yish, bemorlarni boshqa bolalardan ajratish, oziq- ovqat mahsulotlarini to’g’ri saqlash va gigiyena qoidalariga rioya qilishning ahamiyati kattadir. Salmonellyoz hayvonlarda uchragani sababli, go’sht mahsulotlarni va hayvonlarni veterinariya ko’rigidan o’tkazishni to’gri yo’lga qo’yish ham kasallikni oldini olishda muhim ro’l o’ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |