Amerika chirish kasalligini evropa chirish kasalligidan farq qila olish kerak. Evropa chirish kasalligida zararlangan lichinkalar sariq rangda bo‘lib, elastligini yo‘qotgan, so‘lg‘in holatda bo‘ladi. O‘lgan lichinkalar dastlab sariq rangda, so‘ngra qurib qoramtir tusga kiradi. Elimsimon massa cho‘zilmasa aralash infeksiyalarga gumon qilib, qo‘shimcha bakteriologik va serologik tekshiruvlar o‘tkazilishi shart.
Davolash, oldini olish va qarshi kurashish tadbirlari. Kasallikni davolash uchun davolash sharbati (ozuqasi) tayyorlanadi. Buning uchun 2 qism shakar va 1 qism suv olinadi. Dastlab suv qaynatiladi va shakar solib to qaynatguncha aralashtiriladi. So‘ngra esa 30 gradusgacha sovutiladi va har bir litr siropga quyidagi preparatlardan quyidagi miqdorda solib eritiladi: Biomitsin -500 ming TB, neomitsin, eritromitsin, oksitetratsiklin, tetratsiklinlardan 400 ming TB-dan, norsulfazol natriy -1g, sulfantrol–2 g.
Kasal asalari oilalariga tayyor davolash siropini kun oxirida 100-150 ml miqdorda har bir asalari uyasiga sepiladi, quyib chiqiladi. Davolash sharbatini berish har 5-7-kunda, to asalari oilasi to‘liq sog‘ayguncha takrorlab boriladi.
Shu bilan birga asalari uyalari yaxshilab isitiladi, inlardagi teshiklar yopiladi, asalarilar kirib-chiqadigan teshikchalar soni kamaytiriladi.
Sog‘lom asalarixonalarni kasallik qo‘zg‘atuvchilari kirib qolishidan muxofaza qilinadi, sistematik ravishda asalxonalardagi asbob-uskunalar dezinfeksiya qilinib, toza holda saqlanishi kerak, boshqa asalarixonalardagi asbob-uskunalardan zararsizlantirilmasdan turib foydalanish man’ etiladi.
Kasallik kelib chiqqan taqdirda asalarixonalardagi barcha asalari oilalari tekshiruvdan o‘tkaziladi, kasal oilalar ajratiladi, ulardan lichinkalari zararlangan asalari uyalaridan tekshirish uchun namuna olinib, laboratoriyaga yuboriladi. Asalarixonalariga karantin o‘rnatiladi.
YAngi aniqlangan zararlangan asalari oilasi yo‘qotiladi, undagi asalarilar oltingo‘girdli gaz, efir yoki formalin bilan ishlovdan o‘tkaziladi. Asalari uyalari qatakchalari va o‘lgan asalarilari bilan birgalikda yoqib yuboriladi.
Agarda kasallik ancha ko‘p oilalarga tarqalgan bo‘lsa, kasal oilalar yangi sog‘lom, zararsizlantirilgan uyalarga o‘tkaziladi va davolash muolajalari olib boriladi. Asalarilar kunning oxirida arilarni uchishi kamayganda, o‘g‘ri asalarilarning kirib-chiqish xavfi yo‘q bo‘lganida ko‘chiriladi. Arilar qog‘ozga qoqib tushiriladi va dud yordamida yangi asalarixona teshikchalariga yo‘naltiriladi. Asalarilar ko‘chirilgandan so‘ng qog‘ozlar yoqib yuboriladi, bo‘shagan mum inlar arizordan tezda chiqariladi. Bir hafta o‘tgach toza mum inlardan yasalgan sun’iy inli romlar qo‘yiladi, ona arilar almashtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |