Versal sulhi – urush tugadi, yashasin urush! 1914-yil 1-avgust sanasida boshlangan urush 1918-yil 11-noyabrda Germaniya va Antanta – Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi bitim imzolanguncha davom etdi. Inqilob Rossiya 1917-yildayoq Antanta ittifoqidan chiqib ketishiga sabab bo‘lgani bois urushni to‘xtatish borasidagi kelishuv asosan Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan imzolandi. Lenin 1917-yil 25-oktabrida barcha urushda ishtirok etayotgan mamlakatlarga anneksiya va bojsiz tinchlik sulhi haiqdagi shartnomani yuborgan bo‘lsa-da, Antantaning hech bir vakili bolsheviklarning bu shartnomasini qabul qilmadi.
Fransiya va Buyuk Britaniya nazarida Rossiya imperiyasi qulashi va hokimiyat tepasiga bolsheviklar kelishi bilan imzolangan tinchlik haqidagi dekret mag‘lubiyatga teng qaror edi. Urush tugadi. 1919-yilning 28-iyun sanasida Birinchi jahon urushini xulosalovchi Versal tinchlik bitimi imzolandi. Germaniya Birinchi jahon urushining sabab va oqibatlariga javobgar davlat deb topildi. Nemislar ishtirokisiz imzolangan dastlabki Parij muzokaralarida Antanta tarafdorlari tinchlik kelishuvida uchta asosiy jihat – agressorni jazolash, reparatsiya va 1914–1918-yil voqealari rivojiga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib oldi.
Shu tariqa 1919-yilning 28-iyunida Versal sulhi imzolandi. O‘sha paytda fransuz harbiy generali Ferdinand Foshgina Germaniya yuzini yo‘qotishiga sabab bo‘ladigan sulhga majburlash natsistlar hokimiyat tepasiga kelishiga sabab, sulhning o‘zi esa navbatdagi urushni yana 14 yilga kechiktirish ekanini o‘ylab ko‘rgan bo‘lsa kerak. Tarix esa uning fikrlari haqiqat ekanini isbotladi.
Sulh Germaniyaga ulkan miqdorda tovon puli to‘lash va cheklovlarni shart qilib qo‘ydi. Tovon puli shu darajada ulkan ediki, Germaniya undan 2010-yilga kelibgina batamom qutuldi.
Qo‘shimcha tarzda Germaniyadan Elzas va Lotaringiyadan tashqari ham ko‘pgina hududlar arralab olindi. Germaniya va uning ittifoqchilari Avstro-Vengriya, Usmonli saltani hukmronlik qilgan hududlarda ko‘plab mayda davlatlar yuzaga keldi. Germaniya to‘lashi shart qilib belgilangan tovon puli Avstro-Vengriya va Usmonli saltanatini ham chetda qoldirmadi.
Germaniya harbiy kontingentini 100 ming askardan oshirmaslik majburiyatini oldi. Germaniya harbiy floti asosan Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida bo‘lib olinishining belgilanishi nemis askarlari harbiy kemalarini cho‘ktirib yuborishiga olib keldi.
Germaniya, shuningdek, Afrikadagi mustamlakalaridan mahrum bo‘ldi. Tanganika Buyuk Britaniya ixtiyoriga, Ruanda-Urundi Belgiyaga, “Kiong uchburchagi” deb nomlangan Janubi-Sharqiy Afrika hududi Portugaliyaga berildi, Togo Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida bo‘lib olindi. Germaniya Liberiya bilan imzolangan barcha shartnomalardan voz kechdi. Marokash ustidan Fransiya, Misr ustidan Buyuk Britaniya protektorati o‘rnatilishini tan olishga majbur bo‘ldi. Tinch okeani va Xitoydagi barcha konsessiyalardan voz kechdi.
Bu nemis xalqida sulh adolatsizligidan nafrat uyg‘otdi va qasd olish tuyg‘usini diliga tugib qo‘yishiga asos bo‘ldi.