KAZUSLAR:
1. “Platinum Group” MCHJ ustavda oʻzining asosiy faoliyati sifatida fitness-klub faoliyatini amalga oshirishni maqsad qilib qoʻygan. Ushbu MCHJ oʻziga tegishli bino ichida dorixona ochishni rejalashtirib, bankdan kredit olish uchun ariza topshirganda bank mutaxassislari tomonidan ushbu MCHJning ustavida bunday faoliyat nazarda tutilmaganligi uchun kredit ajratish imkoniyati mavjud emasligi aytildi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Javob
Avvalo yuqoridagi vaziyatdagi muammolarni aniqlab olsak, ya’ni bu vaziyatda
“Platinum Group” MCHJ ustavida belgilanmagan faoliyat bilan shug’ullana oladimi?
Bank mutaxasislarining harakatlari qanchalik qonunga mos?
Bu savollarga javob topishimiz bizga quyidagi huquqiy–normalar kerak bo’ladi
Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida
Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida
Birinchidan biz MCHJ haqida to’xtalib o’tsak. MCHJ – bu bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyatidir. MCHJ faoliyati mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida qonuni bilan tartibga solinadi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar.
Birinchi muammoga huquqiy baho berishimiz uchun bizga mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida qonunning 13-moddasi ya’ni jamiyat ustavi kerak bo’ladi. Ushbu qonunning 13-moddasida quyidagilar keltirilgan:
Jamiyat ustavida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
jamiyatning to‘liq va qisqartirilgan firma nomi;
jamiyat faoliyatining predmeti;
jamiyatning pochta manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat organlarining tarkibi va vakolatlari to‘g‘risidagi, shu jumladan jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatiga kiruvchi masalalar to‘g‘risidagi, jamiyat organlari tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi, shu jumladan qarorlar bir ovozdan yoki kvalifikatsion ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadigan masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat har bir ishtirokchisi ulushining miqdori va nominal qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlari;
jamiyat ishtirokchisining jamiyatdan chiqish tartibi va uning oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning (ulush bir qismining) boshqa shaxsga o‘tishi tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyatning hujjatlarini saqlash tartibi hamda jamiyat tomonidan jamiyat ishtirokchilariga va boshqa shaxslarga axborot taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyatning vakolatxonalari va filiallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa ma’lumotlar.
Demak yuqoridagilardan kelib chiqqan holda 13-moddaning 1-qismi ikkinchi bandiga ko’ra MCHJ o’z faoliyatini predmetini ustavda belgilab qo’yishi lozim. Lekin biz “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari” to‘g‘risida qonunga yuzlanadigan bo’lsak, ushbu qonunning 19-moddasida quyidagicha keltirilgan:
Tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda man etilmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining muassislari ta’sis hujjatlarida faoliyatning faqat asosiy turlarini sanab o‘tishga haqli. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilmagan faoliyat turi bilan ham shug‘ullanishi mumkin.
Bundan kelib chiqadiki, yuqoridagi vaziyatda “Platinum Group” MCHJ ustavida belgilanmagan faoliyat bilan shug’ullana oladi. Bu qonun bilan mustahkamlab qo’yilgan va qo’shimcha faoliyat bila shug’ullanganda ushbu faoliyatni ustavga kiritish shart emas. Yuqoridagi kazusimizning ikkinchi muammosiga to’xtaladigan bo’lsak, ko’rinib turibtiki, “Platinum Group” MCHJ ustavida ko’rsatilmagan faoliyat shug’ullana olishini hisobga olgan holda biz bank mutaxasislarining e’tirozlarini noo’rin deb topishimiz mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak bu vaziyatda “Platinum Group” MCHJ qo’shimcha faoliyat bilan shug’ullanish uchun qonunda belgilangan tarzda bankdan kredit olishlari mumkin. Zero, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida”gi qonunning 8-moddasida tadbirkorlarning kredit olish huquqi belgilangan. Bank mutaxasislari esa, bu vaziyatda, MCHJ ninf murojaatini asossiz rad eta olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |