Missionerlikda yoshlarga alohida e`tibor berilishining sabablari. Yoshlarning faol ijtimoiy kuchga aylanib borayotgani bugungi kunda ularning turli mafkuraviy ta`sir va tazyiqlarning bosh ob`ektiga aylanishiga olib keldi. Bunda ularning jamiyatning hali Yetarli tajribaga ega bo’lmagan, tashqi ta`sirlarga tez beriluvchan va ayni paytda, eng harakatchan qatlami ekani inobatga olinmoqda.
Missionerlikning taniqli nazariyotchisi Patrik Djonstoun talaba yoshlarni missionerlik faoliyatining asosiy ob`ekti deb qarab, o’zining “Dunyo operatsiyasi” kitobida jumladan, shunday yozadi: “Butun dunyoda universitet va kollejlarda 37 million talaba tahsil oladi. Ularning ko’plari 20 yildan so’ng yirik mansablarni egallashadi”. Ushbu fikrlar missionerlarning jamiyatning ertangi kunini belgilab beradigan avlod ongini egallash, nazorat qilishni ko’zlab ish yuritayotganini anglash imkoniyatini beradi.
“Zarg’aldoq” inqiloblar, turli diniy ekstremistik harakatlar, terrorchilik xurujlarining asosiy ishtirokchilari yoshlar ekani esa yuqoridagi kabi e`tiqodiy va g’oyaviy ta`sir va tazyiqlar qanday oqibatlarga olib kelishini, o’sib kelayotgan avlodga xos faollik va sotsial energiyadan g’ayriinsoniy maqsadlar yo’lida nechog’lik ustalik bilan foydalanish mumkinligini yaqqol namoyish etadi.
Xayriya yordamlari ko’rsatishning missionerlikdagi o’rni. Missionerlar har qanday kishi va jamiyat hayotida uchraydigan ijtimoiy-iqtisodiy muammolardan o’zlarining maqsadlarida yo’lida foydalanib qolishga doimiy e`tibor berib kelganlar. Ular bugungi kunda ham moddiy-moliyaviy yordam ko’rsatishning turli shakllaridan ustalik bilan foydalanishga harakat qilmoqdalar.
Ularning “Ko’zi ojizlar jamiyati”, “Mehribonlik uyi” kabi tashkilotlarga xayriya sifatida moliyaviy ko’mak berishga, “Qariyalar uylari”ga tashkiliy va moddiy (oziq-ovqat olib borish, muhtoj keksalarni rag’batlantirish) shaklda yordam berishga intilayotganlari ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.
Haftaning muayyan, aksariyat hollarda payshanba va yakshanba kunlari tashkil etiladigan xayriya tushliklarini ham e`tiqodiy bosim o’tkazish uchun ob`ektlarni – bo’lajak prozelitlarni tanlab olishga xizmat qiladigan amaliyot shakllaridan biri sifatida qarash lozim.
Umuman olganda, missionerlar turli xil ijtimoiy-ma`rifiy tadbirlarni tez-tez o’tkazishdan o’z faoliyatlari haqida ijobiy tasavvurni shakllantirish, o’zaro munosabatlar va aloqalarni yaxshilashdek maqsadlarni ko’zlaydilar.
Zilzila, toshqin, ocharchilik kabi turli ofatlarning sodir bo’lishi missionerlar uchun ayni muddao hisoblanadi. Qayerda shunday hodisa ro’y bersa o’sha Yerga birinchi bo’lib missionerlar Yetib boradi. Dastlab ular o’zlarini beg’araz yordam ko’rsatayotganlarini ko’z-ko’z qilib, asta-sekin asl maqsadlarini namoyish etadilar. Aslida esa missionerlar hech qachon, hech kimga beg’araz yordam ko’rsatmaganliklarini va ko’rsatmasliklarini unutmaslik lozim.
Mutaxassislar pyatidesyatnikliklar insonlarning qayg’u-alamlari, muammolari va jamiyatda o’z o’rinlarini yo’qotib qo’yishlari bilan bog’liq masalalarga alohida urg’u berishi va xayriya yordamlari ko’rsatishdan ustalik bilan foydalanishlari tufayli o’zlariga ergashuvchilar sonini tez suratda o’stirib borayotganlarini qayd etmoqdalar. Mazkur misol ham xayriya yordamlari ortida yotgan tub maqsadlarni chuqurroq anglashga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |