Pul bozori banklarning qisqa muddatli pul mablag'larini jalb qilish va joylashtirish bo'yicha operatsiyalari, shuningdek Markaziy bankning depozit auksionlaridan tashkil topgan.
Davlat qimmatli qog'ozlari bozorida O'zbekiston Respublikasining g'aznachilik majburiyatlari va obligatsiyalari, shuningdek Markaziy bankining obligatsiyalari muomalaga chiqarilishi va joylashtirilishi amalga oshiriladi. Ushbu bozorda shuningdek to'g'ridan-to'g'ri REPO auksionlari va dilerlar o'rtasidagi REPO operatsiyalari o'tkaziladi.
Markaziy bankning depozit operatsiyalari 2018 yil dekabr oyidan boshlab tijorat banklarining mablag'larini jalb qilish bo'yicha auksionlar shaklida o'tkazilib kelinmoqda. Markaziy bank depozit auksionlar o'tkazilish shartlarini, shu jumladan depozit muddatlarini, auksion o'tkazish sanasi va vaqtini, depozitga jalb qilinadigan mablag'ning maksimal hajmi va foiz stavkasini, auksion o'tkazilish usuli va boshqalarni belgilaydi. Ichki valyuta bozori 2021-yilda chet el valyutasiga boʼlgan talabning ortishi hamda qulay tashqi bozor konyunkturasi va iqtisodiy oʼsishning yuqori koʼrsatkichlari fonida taklifning ham oʼsishi bilan xarakterlandi.
Ichki valyuta bozorida chet el valyutasidagi umumiy taklif hajmi 2021-yilda 22,9 mlrd. АQSh dollarini tashkil etib, oʼtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga oʼsdi (2020-yilda – 14,3 mlrd. АQSh doll., 2019 yilda – 11,7 mlrd. АQSh doll.).
Xususan, mazkur davrda:
xoʼjalik yurituvchi subyektlar tomonidan 11,0 mlrd. АQSh dollari miqdoridagi chet el valyutalari sotilgan boʼlib, ushbu koʼrsatkich oʼtgan yilga nisbatan 1,7 barobarga oshdi (2020-yilda – 6,7 mlrd. АQSh doll.);
banklar va jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan chet el valyutalari miqdori 7,4 mlrd. АQSh dollarini yoki oʼtgan yilga nisbatan 44 foizga koʼp boʼldi (2020-yilda – 5,1 mlrd. АQSh doll.).
I. Yuridik shaxslar bilan amalga oshirilgan valyuta operatsiyalari
Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga boʼlgan talab 2021-yilda 2020-yilga (15,4 mlrd. АQSh doll.) nisbatan 40 foizga oʼsib, 21,5 mlrd. АQSh dollarini tashkil etdi.
2021-yilning 15-fevralida valyuta oldi-sotdi operatsiyalariga kiritilgan oʼzgarishlar birjadan tashqari valyuta bozorida mijozlar bilan mustaqil ravishda toʼgʼridan-toʼgʼri valyuta operatsiyalarini amalga oshirish imkonini berdi.
Natijada, tijorat banklarining xoʼjalik yurituvchi subyektlar bilan toʼgʼridan-toʼgʼri amalga oshirilgan bitimlar hajmi sezilarli darajada oʼsib (jami operatsiyalarning 94%), mazkur davrda 20,3 mlrd. dollarni tashkil etdi (2020-yilda – 3,7 mlrd. doll.).
Do'stlaringiz bilan baham: |