KIRISH.
“Metrologiya asoslari” fani uzoq tarixga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, ilmiy-falsafiy nuqtai nazardan iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga xos bo‘lgan, doimiy ravishda va uzluksiz tarzda rivojlanishda bo‘luvchi fanlar turkumiga kiradi.
Ma’lumki, respublikamizda tub iqtisodiy islohotlar orqali bozor munosabatlarini shakllantirishga kirishishda eng avvalo, uning strategik maqsadlari belgilanib olindi. Bu maqsadlar ichida “raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni ta’minlash” alohida ta’kidlab o‘tilgan. Iqtisodiy islohotlarning ustivor sanalgan yo‘nalishlarida ham quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin:
1. Ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish orqali tayyor ekspertbob mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish;
2. Aholini yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash;
3. Mamlakatning eksport quvvatidan to‘la-to‘kis foydalanish, uni jadallik bilan rivojlantirish.
Bu borada respublikamizda qisqa muddat ichida ulkan ishlar amalga oshirildi va natijada O‘zbekistonga faqat xom-ashyo zonasi sifatida qarashlarga barham berildi.
Hozirgi kunda har bir mutaxassis o‘z faoliyat sohasidagi parametrlarni va ularni o‘lchash usullarini, o‘lchash vositalarini, ularning texnikaviy tavsiflarini bilishlari zarur. Bundan tashqari texnika yo‘nalishidagi mutaxassislar o‘lchanadigan va baholanadigan kattaliklarni nazorat qilish vositalari hamda ularni ishlatish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni bilmog‘i zarur. Ilmiy-texnika taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biri kattaliklarni yanada aniqroq o‘lchaydigan mukammal nazorat-o‘lchash asboblarini, qurilmalarini va tizimlarini yaratishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 24 apreldagi 348-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi ("O‘zstandart" agentligi) texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi vazifalarni hal etish uchun maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
"O‘zstandart" agentligi O‘zbekiston Respublikasining standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha milliy organ hisoblanadi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
"O‘zstandart" agentligi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga va boshqa qonun hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga va farmoyishlariga shuningdek, Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
"O‘zstandart" agentligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa hisob raqamlariga ega.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Muvofiqlikni baxolash tizimini yanada takomillashtirish va sinov labratoriyalari kompleksini rivojlantirish to’g’risida» gi 2019 yil 15 avgustdagi PQ-4419-sonli Qaroriga muvofiq, «O’zbekiston milliy metrologiya instituti» DK Navoiy filiali o’z faoliyatini 2020 yil yanvar oyidan boshlagan.
Laboratoriyalar soni 9ta bo’lib, ularda:
geometrik kattaliklarni o’lchash,
massa birliklarini o’lchash,
kuch va qattiqlik birliklarini o’lchash,
vaqt va chastotani o’lchash
harakat parametrlarni o’lchash,
bosim birligini o’lchash,
sarf va sig’im kattaliklarini o’lchash,
harorat va issiqlik fizikasiga oid o’lchashlar,
tibbiyot uskunalarini metrologik tekshirish,
optik va optik-fizikaviy o’lchashlar,
elektr kattaliklarini o’lchash,
zichlik va qovushqoqlik kattaliklarini o’lchash,
fizik-kimyoviy kattaliklarni o’lchash,
radiotexnik kattaliklarini o’lchash turlari bo’yicha metrologik tekshiruv ishlarini amalga oshirmoqda.
|