haqqoniy aytilgan so`zlarning ma`no, mazmunini chaqar ekanmiz, millatimiz haqidagi bor
haqiqatni bilishimiz, uning nomi bilan mazmun-o`zagi o`rtasidagi tafovutni aniq-tiniq tasavvur
etishimiz nechog`lik muhim ekanligi o`z-o`zidan ravshanlashadi. Ma`lumki, xalqimizning
«o`zbek» atamasi bilan nomlanishi XVI asr boshlariga to`g`ri keladi. Bu hol asosan yurtimiz
hududlariga Dashti Qipchoqdan katta oqim sifatida kirib kelgan o`zbek degan umumiy nomni
XV asrda qabul qilgan urug`lar va qabilalar hayoti bilan bog`liq yo`sinda yuz bergan. Negaki,
ular bu zaminga kelib joylashib, mahalliy aholi qatlami tarkibini boyitish, uning yuksak
ma`naviyati, boy asriy qadriyatlarini o`zlashtirish barobarida o`zlarining umumiy o`zbek nomini
asta-sekinlik bilan shu hududda yashagan barcha aholiga ham nisbat bera bordilar. Bu esa
«o`zbek» atamasining shu davrdan e`tiboran butun Movarounnahr bo`ylab keng yoyilishiga, bu
erdagi xalqning shu nom bilan atalishiga bois bo`ldi. Biroq shu narsa ravshanki, o`zbeklar,
avvalo, qaysi qabilaga mansub bo`lsalar shu nomni uzoq vaqt saqlab qolganlar. Hatto XX asrga
qadar ham Turkiston o`lkasida ajdodiy-qabilaviy nomlar saqlanib qolganligi buni tasdiq etadi.
Ammo bu degani o`zbek xalqining kelib chiqishi faqat XVI asrda yuz bergan, degan ma`noni
aslo anglatmaydi. Bu erda gap faqat «o`zbek» iborasining etnik nom sifatida paydo bo`lgan vaqt
xususida borayapti. Vaholanki o`zbek xalqi o`z mazmun, mohiyati, teran tomirlari bilan
Turonzamin hududida juda qadimiy zamonlardan buyon yashab kelganligi, boy tarix,
olamshumul ahamiyatga molik ma`naviyat durdonalarini ijod etganligi hammaga ma`lumdir.
Shu ma`noda Prezidentimizning: «Biz xalqni nomi bilan emas, balki madaniyati, ma`naviyati
orqali bilamiz, tarixining tag-tomirigacha nazar tashlaymiz»1, deb aytgan so`zlari alohida
ahamiyat kasb etadi.
«O`zbek» atamasi va uning kelib chiqishi, yoyilishi to`g`risida fikr yuritganda, bu
masalaning yana bir qator muhim jihatlariga e`tibor qaratish kerak bo`ladi. Negaki, bu ham o`sha
xalqning ma`lum ma`noda o`ziga xos xususiyatlarini, tabiati, mazmuni, mohiyatini tushunishda
asqotadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda «O`zbek» atamasining kelib chiqishi, uni xalqimizga
nisbat berilishi xususida ham tariximizda turlicha qarashlar va yondashuvlar mavjuddir. Zero,
ularni ko`zdan kechirish, turli nuqtai nazarlarni taqqoslash va aniqlashtirish orqali ham xalqimiz
tarixiga oid ko`p narsalarni oydinlashtirish, o`z tarixiy xotiramizni yanada boyitib borishimiz
mumkin bo`ladi. Ma`lum bo`lishicha, «O`zbek» iborasi XIII-XIV asrlarda yashab o`tgan o`sha
davrning mashhur tarixchilari Juvayniy va Rashididin asarlarida ham uchraydi. Mashhur
bobokalonimiz, buyuk alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug`bekning «To`rt ulus tarixi» asarida
ham «O`zbekiya», «O`zbeklar mamlakati» degan jumlalarga ko`zimiz tushadi. Bunda, bizning
nazarimizda, Dashti Qipchoqda yashagan urug`, qabilalar yashagan joy, hudud nomlari ko`zda
tutilgan bo`lsa kerak.
Ba`zi manbalarda esa o`zbek nomi Oltin O`rda xonlaridan biri O`zbekxon (1312-1340)
nomidan olinganligiga ishora qilinadi. Rus olimlaridan A.Yakubovskiy, N.Aristov,I.Ivanovlar
ham shunday qarashga moyillik ko`rsatadilar. Venger olimi Xerman Vamberi esa yanada
qiziqroq ma`lumotni ilgari suradi: «O`zbek» so`zining tub ma`nosi – «o`z-o`ziga beq xo`jayin,
mustaqil». Nima bo`lganda ham «O`zbek» atamasini dastlab Dashti Qipchoqda yashovchi turkiy
qabilalar qabul qilgan nom bo`lib, bu qavm, elatlarning yurtimizga o`rnashishi, tubjoy aholi
odamlari bilan taqdiran qo`shilishi jarayonida «O`zbek» atamasi Turkistonda yashagan aholining
umumiy nomiga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: