Umumiy aloqadorlik tamoyili.
Dunyo o‗ta rang-barang. Har bir ob‘ekt ko‗p sonli
xossalarga ega bo‗lib, ular boshqa ob‘ektlar bilan o‗zaro aloqa jarayonida namoyon bo‗ladi.
Boshqacha qilib aytganda, har qanday tuzilma boshqa tuzilmalar bilan aloqaga kirishish orqali
namoyon bo‗ladi. SHunday qilib, har bir ob‘ekt o‗zga ob‘ektlar bilan qonuniy bog‗lanadi va bu
ob‘ektlar bilan o‗zaro ta‘sirga kirishish jarayonida ishtirok etadi.
Aloqa.
Falsafada aloqa deganda makon yo vaqtda bir-biridan muayyan masofada
uzoqlikda joylashgan ikki yoki bir necha hodisa yoki ob‘ektning o‗zaro aloqa jarayoni
tushuniladi. Ob‘ektlar diskretlik, shakllanganlik va nisbatan mustaqillikdan mahrum bo‗lgan
joyda aloqalar mavjud bo‗lishi mumkinmi? O‗z-o‗zidan ravshanki, shakllangan, nisbatan
mustaqil narsalar mavjud bo‗lmagan joyda aloqa mavjudligini taxmin qilish ham mumkin emas.
SHu sababli umumiy aloqa kategoriyasi «narsa», «uzluklilik», «uzluksizlik», «cheksizlik»,
«tuganmaslik» tushunchalari bilan tavsiflanadi. Hozirgi ilmiy bilimga tayanuvchi borliqning
falsafiy talqini olamning universal yaxlitligini, dunyoning birligini ochib beradi. Dialektika
kategoriyalari borliqning universal aloqalarini bilish shakli hisoblanadi.
Aloqalarning universalligi ularning tiplari va turlarining rang-barangligida namoyon
bo‗ladi. Aloqalarni tasniflash turli asoslarga ko‗ra amalga oshiriladi. Xususan, bir tomonlama va
o‗zaro aloqalar, to‗g‗ri va egri aloqalar, bevosita va bilvosita aloqalar, ichki va tashqi aloqalar
farqlanadi. Hajm jihatidan aloqalar umumiy, alohida va xususiy bo‗lishi mumkin. Mazmun
jihatidan genetik, funksional, strukturaviy, energetik, moddiy, informatsion va boshqa aloqalar
farqlanadi. Aloqalarning butun rang-barangligi fanning qaysidir bir tarmog‗i doirasida tadqiq
etilishi mumkin emas. Ularning muayyan turlari maxsus fanlarning predmeti hisoblanadi.
Dialektika borliqning barcha jarayonlariga xos bo‗lgan umumiy, muhim, universal aloqalarni
o‗rganadi. Fan borliqning universal qonunlarini tashkil etadigan ichki, zaruriy, muhim, barqaror,
takrorlanuvchi aloqalarga alohida e‘tibor beradi. Umumiy aloqalar dialektika kategoriyalarida
yoritiladi.
O„zaro aloqa.
Real voqelikda har bir muayyan ob‘ekt ko‗p sonli sababiy zanjirlarning
murakkab «tuguni» hisoblanadi. U boshqa ob‘ektlardan ta‘sirlanish bilan bir vaqtda o‗zi ham
ularga aks (reaktiv) ta‘sir ko‗rsatadi. «Tashqi» va «ichki» sababiy zanjirlar unda uyg‗unlashadi,
kesishadi va tarmoqlanadi. Ular bir-biri bilan o‗zaro aloqaga kirishadi va bu o‗zaro aloqa
ob‘ektda yuz beruvchi barcha jarayonlarning negiziga aylanadi.
Ob‘ektni bilish uchun pirovard natijada unda vujudga kelgan sababiy aloqalar «tuguni»ni
echish talab etiladi. Barcha hodisalar mohiyatiga izohni o‗zaro aloqadan izlash kerak. U
hodisalarning barcha xossalari va xususiyatlarini belgilaydi, amalda mavjud bo‗lgan barcha
imkoniyatlar, tasodiflar va zaruriyatlarning manbalarini o‗zida mujassamlashtiradi. O‗zaro
aloqani tushunish – umuman ob‘ektni tushunish demakdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |