II. Asosiy qism:
Hurmatli o`quvchi, insonning shakllanishi, hayotda o`z o`rnini topishi, el-yurt hurmatiga sazovor bo`lishida u voyaga yetadigan oila muhiti hal qiluvchi rol o`ynaydi. Chunki oila shunday makonki, unda hayotning davomiyligini ta`minlovchi shaxs shakllanadi, milliy madaniyat, urf-odatlar, axloqiy qadriyatlar saqlanadi va rivojlantiriladi. Har bir oila ahil va totuv bo`lsa, demakki, jamiyatda ham tinchlik va hamjihatlikka erishiladi, yurtda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi. Chunki oilani bekorga jamiyatning kichik ko`rinishi demaydilar. Xuddi jamiyatda bo`lgani singari unda ham o`zining boshlig`i, shuningdek, uning izmi va ko`rsatmalari bilan u yoxud bu ishni bajaruvchi a`zolari bo`ladi. Dono, tadbirkor, uzoqni ko`ra biladigan rahbardan jamiyat taraqqiyotini boshqarish talab etilsa, oila kattalari ham o`z uyining tinchligi, farovonligi, farzandlar kamoliga shunchalik mas`uldirlar.Oilada inson tarbiyasiga asos solinadi. U bolada shakllanishi lozim bo`lgan barcha insoniy jihat va fazilatlarni tarbiyalovchi hayot maktabi hisoblanadi. Oilaviy tarbiya masalasida xatoga yo`l qo`ymaslik uchun avvalo har qaysi xonadondagi ma`naviy iqlimni o`zaro hurmat, axloq-odob, insoniy munosabatlar asosida qurish ayni muddao bo`lur edi.Sohibqiron bobomiz Amir Temur o`g`il uylantirishda kelin tanlashdan tortib farzandlarni tarbiya qilishgacha bo`lgan jarayon-larga shaxsan o`zi jiddiy e`tibor bergani bejiz emas, albatta. Chunki har qanday davlatning qudrati - sog`lom fikrli, bilimli, xalq va Vatan taqdiri uchun jonini tikishga tayyor farzandlarning ko`pligi bilan o`lchanadi. Qolaversa, biz mansub bo`lgan Sharq xalqlarida oila sha`ni va obro`sini saqlash, uni har qanday tajovuzlardan himoya qilish oilaning har bir a`zosi uchun ham farz, ham qarz sanaladi. Oila - muqaddas dargoh, degani quruq gap bo`lmay, balki uning zamirida mana shu muqaddaslikni ta`min-lash, oila sha`niga gard yuqtirmaslikdek ma`nolar yotadi.
Bilsangiz, homilador ayollar tansiq narsalar yegisi kelib qoladi. Balki u o`rik shoxidagi dovuchchadir, biror tuzlamadir yoki karsillagan olmadir. U uyalib, istagini boshqalarga aytolmay turganida ko`ngli tusagan narsani darrov muhayyo qilsangiz, qanchalar savob.«Ayol sizga yoqmagan alfozda ham qozoningizni qaynatib, chirog`ingizni yoqib yuraveradi, o`tingizdan kirib, kulingizdan chiqaveradi. Yuklik holatida ham o`shanday-tinimi yo`q. Ichidagi bolasi uning o`pka-jigariga chirmovuqday yopishib, bag`ridagi bor mag`zini shimib tursa ham, (bekorga «og`iroyoq» demaydilar) oyoqlari shishib, beli uzilay desa ham, yotib olmaydi, ro`zg`orning, sizning xizmatingizni qilaveradi! Sizningcha, hurmat unga bo`lmay, kimga bo`lsin?!«Ko`zi yoridi» deydilar va bekorga bunday demaydilar. Farzand ko`rish jarayonida ayol qorong`i go`rni ko`rib qaytadi, «yo hayot, yo mamot» deya qutqu solib turgan ko`prikdan o`tadi. Ko`zi yorir ekan, ayol suyaklarining qirsillab surilayotganini eshitib, etlarining uzilayotganini bilib turadi. Joni ko`z kosasidan chiqay deb tursada, «do`xtirjon, nima qilsangiz ham bolamni tirik oling», deya faryod uradi! O`zim nima bo`laman deyish yo`q! Ayting-chi, birodar, hurmat faqat unga bo`lmay, kimga bo`lsin?»
Do'stlaringiz bilan baham: |