Hayotda shunday insonlar borki, ular hoh yaqin bo’lsin, hoh begona – hammaga birdek yaxshilik qilaverishadi. Balki dunyoning ustuni ham ulardir…
TUG’MA ISHONCH
Ozib-yozib uyimga mehmon keladiga bo’ldi. Yana qadrdonim. Umr yo’ldoshi bilan poytaxtga ko’chib kelganiga ko’p bo’lmagan. Uylaridan mehmon arimaydi. Shaharda yashovchi qarindoshlari to’y qilgan ekan, qishloqdan kelgan mehmonlar bularnikiga qo’nibdi. Ko’ngil kenglik qilgan bo’lsada. Uy torlik qilgan. Singillari bilan kelayotganini eshitib, shoshib qoldim. Yolg’izlik kasofati – taom kayfiyatga qarab qilinadi. Muzlatkichni ochsam, to’kin dasturxon yozgulik emas ahvol. Ertalabdan kechgacha eshigi lang ochiq supermarketga chopdim. Rastalarni aylanar ekanman, opamdek bo’lib qolgan yaqinimni nima yaxshi ko’rishini o’ylardim. Kassada yuzi ham, ko’ksida ismi ham tanish sotuvchi qarshi oldi. U mahsulotlarimning narxini belgilar, men esa shoshilib sellofan xaltaga solardim. “Yarim soatlarda boramiz”, deyishgan. Tag’in eshik oldida kutib qolishmasin.
-44.400 so’m – sotuvchi ekrandan ko’zini olib menga qaradi.
Shoshib karmonimni ochdim. Ne ko’z bilan ko’rayki, ikki yuztalikdan boshqa bir tiyin ham yo’q. U yog’ini qaradim, bu yog’ini qaradim – plastik kartochkam ham yo’q. Tushlikdan kelib, karmonga solishga erinib, sumkaning tubiga qarab otganman hoynahoy.
-Voy, plastik kartochkam ham uyda qolib ketibdi. Mehmon keladigan edi. Bu yog’i kech ham bo’lib qoldi. Agar kartochkangiz bo’lsa shu pulni sizga o’tkazardim, - dedim ming bir xijolat bo’lib.
- Kaartochkam yo’qda, - xotirjam javob qaytardi sotuvchi, - ana paynetchi yigitdan so’rang, unda bo’lishi kerak. – Eshik oldida o’zining kichik burchagini tashkil etgan yigitni ko’rsatdi.
Tanimas ekanman. Qayerdan ham taniy – paynetga ishim tushmasa?
Boshqa yo’lim yo’qligini bilib, uning yoniga bordim. Vaziyatni tushuntirdim. Indamay, ta’sirlanmay tinglaganini bepisandlikka yo’yganim rost. Gapim tugagach, “Hozir”, deya ko’chaga chiqib ketdi. Noiloj kassa oldiga qaytdim.
-Shunaqa vaziyatlar ham bo’lib turadi, hozir bir yo’li topiladi, - dedi sotuvchi jilmaygancha.
- Uyimga mehmon kelayotgandi-da… - bu tilimga ko’chgan so’z bo’ldi. “Esim shunchalar past bo’ladimi?” degan o’yimni esa ichimga yutdim. – Menimcha, ularda ham yo’q shekilli plastik kartochka, - deya bamaylixotir o’z ish joyiga qaytgan yigitga qaradim. Keyin sellofan paketdagi qizil olmalarga tikildim.
- Qancha edi?
Boshimni ko’tarib qarasam, paynetchi yigit turibdi yonimda. Ancha to’lashimni eshitdi-yu, pulni sanab sotuvchiga uzatdi.
Men shoshib qoldim. Sellofanlarni qo’limga olgancha ularning izidan ergashdim.
-Rahmat! Ertaga, albatta…
- Bemalol, istagan paytingizda kelib tashlab ketavering, - dedi u.
Ich-ichimdan quvonib ketdim. Mushkulim oson bo’lganidanginamas, yigitning hamma harakatlari tabiiy va odatiy edi. U har doim insonlarga mana shunday yordam beradigan, ishonadigan inson ekan. Axir na ismimni, na telefon raqamimni so’radi …
QO’SHALOQ TO’Y
-Bu yil to’y qilamiz, - dadam oldingi gallardagidek sekin so’z boshlamadi., qat’iy qarorni bildirdi.
Onam tomonga qarab qo’ydim.
-O’qitamiz o’zimiz, oxirgi yili-ku, ota – onasi ham endi ushlab o’tirishmas, - qarashimni anglagan onam dasturxon ustuni yig’ishtira turib gapirdi.
- Opalaringni uzatgach onang qiynalib qoldi.
Ha, onam qiynalib qoldilar. Men dadam bilan bozordan ortmaymiz. Ammam ham ishga erta ketib, kech keladi.
-Dada, qo’shaloq to’y qilsak-chi? – dedim ularning niyatlari jiddiyligini bilgach.
Avvaliga bu gapimni yana to’yni cho’zish uchun bahona deb tushundilar. Axir sevgan qizim o’qishni tugatmaguncha erga tegamayman deb, labini burib turaveradi to’ydan so’z ochsam.
-Qanaqa qo’shaloq to’y? O’zi yolg’iz o’g’il bo’lsang,- choyni yangilab kelgan onam gapga qo’shildi.
- Jasur ham men bilan tengdosh, uning ham ko’ngil qo’ygani bor… - deya ammavachcham bilan o’rtamizdagi sirni bir uchini chiqardim.
- To’g’ri Jasur ham uylanadigan yoshda…
- Ammang ko’narmikan, har holda uning ham yolg’iz farzandi …
Bu taklifni eshitib, ammam “Hozir to’y qiladigan sharoitimiz yo’q-ku”, deya ikkilandi. Yozda uy boshlab qo’yishgan. Dadam “Kel, ikkisini qo’shib, o’zim o’tkazib qo’ya qolay” , degach ko’ndilar.
Jasurlar biznikiga olti yoshligida ko’chib kelishgan. Yolg’iz o’g’il bo’lganim uchunmi, kattalarning e’tibori ikkiga bo’linganiga oldiniga ko’nika olmaganman. Jasur bilan urushganlarim, uydan haydaganlarim, dadasining giyohvandligini aytib masxara qilganlarim – eslasam, uyalib ketaman. U doim jim turardi, qarshi so’z demasdi, qo’lini ko’tarmasdi. Men buni qo’rqoqlikka yo’yardim. Aslida, u ammamning “Meni yomon kunimda qo’llagan shu jigarlarim bo’ladi, sen yolg’iz farzandsan, Kamol akangdan boshqa jigaring yo’q”, deya ulg’aytirgan ekan. Jasur menga doim jigarchilik qilgan – ko’chadagi mushtlashuvlardan qutqargan, dadamning mashinasini urib olganimda g’isht qo’yib, bir dasta pul bergan, yomonlarga qo’shilib ketishdan to’xtatgan.
Dadam baribir dabdabali to’y qiladi. Ota – onamning orzu - havasiga mening ham niyatim qo’shilsin-ukam bilan baxt kunimiz bir kunda bo’lsin!
Do'stlaringiz bilan baham: |