Suvning ifloslanishi va uni ifloslovchi manbalar
Chuchuk suv tanqisligining asosiy sababi qishloq xo`jaligida, sanoat
va turmushda suv sarfining o`sib borayotganligidagina emas, balkim shu bilan bir
vaqtda ochiq suv havzalariga tashlanayotgan sanoat va turmush oqava suvlari
miqdorining tobora ko`payib borayotganligidadir, ya'ni suvlarning tobora ko`p
ifloslanayotganligidadir.
Suvning ifloslanish darajasi ayniqsa rivojlangan kapitalistik
mamlakatlarda yuqori bo`lib, ba'zi joylarda suvlarni tozalash masalasi chinakam
«milliy masala»ga aylanib bormoqda. Germaniyada oqava suvlarning yarmidan
ko`pi, AQSH da esa uchdan bir qismi to`liq tozalanmay daryo va ko`llarga
quyiladi. Yaponiya, Angliya, Gollandiya, Belgiya va Frantsiyaning ko`pgina
rayonlarida, shuningdek Skandinaviya mamlakatlarida ham daryo va ko`llar suvi
yuqori darajada ifloslangan. Eng iflos daryolardan biri Yevropaning yirik suv
arteriyasi hisoblangan Reyn daryosidir. Bu daryo bo`yida joylashgan sanoat
korxonalarining oqava suvlari to`g`ridan-to`g`ri daryoga tushadi. Bu suvlar
miqdori yiliga taxminan 60 mln. m. kubni tashkil qiladi. Shuning uchun bu
daryoda baliq ham yashayolmaydi, cho`milish esa qat'iyan taqiqlab qo`yilgan.
Shunday fikrni Missisipi daryosi haqida ham aytish mumkin. Bir paytlar zilol suv
oqqan bu daryo hozirgi vaqtda «Amerikaning oqava suvlari zovuri»ga aylanib
qolgan. Suvi o`ta ifloslangan daryolarning umumiy uzunligi Angliyada 1,5 ming
km, AQSH hududida esa 2 ming km.dan ziyod. Vashington yaqinidan oqib
o`tadigan Potomak daryosi tubida yotgan iflos cho`kindilar qatlamining qalinligi 3
metrdan ortiq.
Hozirgi kunda okean va dengizlar suvining ifloslanishi ham oshib
bormoqda. Chunki ularga daryo suvi bilan oqib kelib tushayotgan turli xildagi
tuzlar, og`ir metallar va radioktiv moddalar mikdori ko`payib bormoqda. Bundan
tashqari okean va dengizlarning bag`rida zaharli moddalarning ko`mib tashlanishi,
suv tagida yadro qurollarining portlatilishi, suvga neft va neft mahsulotlari
to`kilishi ham gidrosferani jiddiy ifloslamoqda. Masalan, bundan 60 yil ilgari
Boltiq dengizi ostiga 7 ming tonna mishyak mustahkam konteynerlarga solinib
ko`mib tashlangan edi. Holbuki miqdori uncha ko`p bo`lmagan bu mishyak butun
dunyo aholisini zaharlashga yetadi. Hozirgi kunda konteynerlar devori zaiflashib,
ichidagi zaharli moddaning suvga chiqish xavfi bor.
Okean va dengiz suvlarining neft mahsulotlari bilan ifloslanish
ko`lami ham katta. Hisoblarga ko`ra 1 l. benzin 100 litr suvni, 2 litr neft 200 ming
litr suvni ifloslaydi. Suvga to`kilgan 1 tonna neft 12 kmG`kv maydon suvining
ustida plyonka hosil qiladi. Holbuki okeanlar suviga har yili o`rtacha 10 mln. tonna
neft va neft mahsulotlari to`kiladi. Buning ko`p qismi turli sabablarga ko`ra
halokatga uchragan tankerlarga to`g`ri keladi. 1968 yilda Angliya va Frantsiya
oralig`ida halokatga uchragan birgina «Torri-kanon» tankeridan okean suviga 119
ming tonna neft quyildi. Buning oqibatida 500 kmG`kv maydon suvining usti 20
mm qalinlikdagi plyonka bilan qoplandi.
1969 yilda Kaliforniyaning Santa-Barbara shahri yaqinida dengiz tubida
qazilayotgan skvajina avariyaga uchragan va undan ikki hafta davomida sutkasiga
100 ming litr neft otilib chiqib dengiz suviga qo`shilgan. Bu va bunga o`xshash
holatlar dengiz va okeanlarda ba'zan sodir bo`lib turadi. Bu esa ularda yashovchi
ko`pgina hayvonlarning yoppasiga zaharlanishiga va kirilib ketishga olib keladi.
Ma'lumotlarga qaraganda dengiz va okeanlarning Angliyaga tutash qirg`oqlarida
yilida 250 ming atrofida suv qushlari nobud bo`ladi, okean suvlarining ifloslanishi
oqibatida xar yili Antarktida suvlarida minglab pingvinlar va tyulenlar halok
bo`ladi.
Okeanlar suvining ayniqsa radioaktiv moddalar bilan ifloslanish
yomon oqibatlarga olib keladi. 1954 yilda AQSH tomonidan Tinch okeanida sinab
ko`rilgan vodorod bombasining portlatilishi 25,6 ming kmG`kv maydondagi
suvni va undagi barcha tirik organizmlarni nurlantirdi. Eng yomoni nurlangan
baliqlarning uzoq rayonlarga suzib ketishi va ovqatlanish zanjiri orqali bu
kasallikning boshqa hayvonlar va inson organizmiga o`tishidir.
Ichki suv havzalarining ifloslanishiga, asosan, sanoatdan va aholining
maishiy turmushidan chiqayotgan oqava suvlarning yetarlicha tozalanmasdan
daryo va ko`llarga tashlanishi sabab bo`lmoqda. Keyingi 30 yil mobaynida
kishilar tabiatdan insoniyat tarixi davomida olganidan ko`ra uch baravar ko`p
boyliklarni olib o`zlashtirdi va shunga muvofiq chiqindilar miqdori ham keskin
ko`payib ketdi. Dunyo miqyosida yiliga aholi jon boshiga 1 tonnadan ko`proq
chiqindi to`g`ri keladi va bu chiqindining bir qismi suvga tushadi. Dunyo
aholisining uchdan ikki qismi daryo va ko`llar yaqinida, qolgani esa dengizlar
yaqinida yashamoqda. Tabiiy-ki, ular o`z turmushidan chiqqan oqava suvlarni
qisman tozalab, yaqin masofadagi tabiiy suvlarga tashlaydilar.
Hozirgi kunda kishilar 8-9 mln. turdagi mahsulotlarni ishlab
chiqarishni o`zlashtirganlar. Bular orasida tabiatda uzoq vaqt parchalanmaydigan
kimyoviy zaharlar, radioaktiv moddalar va plastmassa mahsulotlari bor-ki, ular
butun biosferani va shu jumladan gidrosferani ifloslovchi jiddiy manbalardan
bo`lib qolmoqdalar. Kundalik turmushdan chiqadigan oqava suvlardagi chiqindilar
tarkibi bir-biriga o`xshash bo`ladi va ularni tozalash birmuncha oson. Lekin sanoat
oqavalarining chiqindilar tarkibi juda xilma-xil bo`lib, ularni tozalash ancha
qimmatga tushadigan murakkab jarayondir. Sanoatdan chiqadigan oqava suvlar
miqdori ayniqsa rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda ko`p. AQSH sanoati 50
km.kub, Germaniya sanoati esa 10 km.kub oqava suv chiqaradi. Bu miqdordagi
oqavani tozalab ulgurish mushkul ish, shuning uchun ham, aytib o`tilganidek,
AQShda jami oqava suvlarning uchdan bir qismi, Germaniyada esa yarmidan ko`pi
ifloslangan holicha suv havzasiga tashlanadi.
Keyingi yillarda ko`llar suvida antropogen evtrofikatsiyasi hodisasi
keng tarqalmoqda. Bu hodisaning mohiyati shundaki, bunda kundalik turmushdan
chiqqan oqava suvlardagi biogen moddalar, ayniqsa azot va fosfor birikmalari kam
harakat ko`l suvlariga tushib to`planadi va undagi gidrokimyoviy hamda
gidrobiologik rejimni buzadi. Oqibatda suv tarkibida ko`k-yashil suv o`tlari
ko`payib, kislorod kamayaboradi. Chunki kislorodning ko`p qismi bakteriyalar
tomonidan organik qoldiqlarni parchalashga, ya'ni suv o`tlarining chirishiga
sarflanadi. Suvda chirindining miqdori ko`payib, oksidlanish-tiklanish jarayoni
buziladi va anaerob holat vujudga keladi. Bunda suvning rangi buzilib ko`karadi va
ho`llansa hidga ega bo`ladi, chunki unda oltingugurt, ammiak, fenol, indol, skotol
kabi zaharli moddalar to`planadi. Bunday suvlar foydalanishga yaroqsiz bo`lib,
ularda hatto baliq ham yashayolmaydi.
Suvlarning termal ifloslanishi ham uni yaroqsiz holga keltiradi.
Termal ifloslanishni elektr stantsiyalarida agregatlarni sovutishga ishlatilgan suvlar
keltirib chiqaradi. Bunday suvlarda harorat sovutish uchun olingan suvnikidan 8-
120 yuqori bo`ladi. Iliq suvlarining oqmas havzaga tashlanishi evtrofikatsiya
jarayonini odatdagidan ko`ra tezlashtiradi. Shunga ko`ra suvlarning termal
ifloslanishi ayniqsa energetika sohasi rivojlangan mamlakatlarda ko`proq uchraydi.
Kuzatuv natijalariga ko`ra suvlarning ifloslanishi oqibatida aholi
o`rtasida kelib chiqayotgan yuqumli kasalliklar miqdor va sifat jihatidan tobora
ko`payib bormoqda. Tibbiy statistika tasdiqlashicha odamlarda sodir bo`layotgan
jami kasalliklarning 30% ichimlik suvining sifati yomonligidan kelib chikmoqda.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko`rsatkich 80% gachani tashkil qiladi. BMT
va Jahon banki bergan ma'lumotlarga ko`ra sifatsiz suvni iste'mol qilish oqibatida
Sayyoramizda yilida 50 mln. kishi suv iflosligidan kasallanadi va uning beshdan
bir qismi hayotdan ko`z yumadi. Bunday noxush jarayonning oldini olish, uning
rivojlanishga yo`l bermaslik maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2003 yilni
jahonda «Chuchuk suv yili» deb e'lon qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |