Tarjimada milliy kolorit (milliylik) tarihiylik va variantlilik masalasi. “Kolorit” atamasi o’zbek tilining izohli lug’atida rang so’zidan olingan deb hisoblansa, o’zbek tilidagi ruscha-internatsional o’zlashma so’zlar izohli lug’atida rang, boyoq ma’nosidagi lotincha color, italyancha colorito orqali rus tiliga va u orqali o’zbekchaga o’zlashgan, deb qayd qilingan. O.S.Axmanovaning “Lingvistik atamalar lug’ati”da bu inglizcha colour(ing) so’zidan olingan, degan ma’lumotni beradilar. Muayyan bir xalq, millat va elatga xos tushuncha, narsa va xodisalarni aks ettiradigan lisoniy vositalar badiiy asarning milliy xususiyatini belgilaydigan asosiy vositalardan hisoblanadi. Har qanday badiiy-g’oyaviy barkamol asar o’zida birday ham baynalmilallik, ham milliylikni mujassam etishi bilan ajralib turadi. Baynalmilallik asarning mazmuni va g’oyasida, milliylik esa uning shaklida namoyon bo’ladi. Badiiy asarning shakli qator jihatlari bilan birga uning tilini, xususan, tarkibini o’z ichiga oladi: asarning milliy xususiyati asosan leksik va frazeologik birliklar yordamida yaratiladi.
Baynalmilallik bilan bir qatorda milliylik xususiyatini ham o’zida mujassam etgan tilning lug’at tarkibi o’zi mansub bo’gan til jamoasining moddiy-ijtimoiy hayotini, chunonchi, milliy urf-odat va an’analarini, geografik tasavvurini, ma’naviyati va dunyoqarashini, diniy e’tiqodini, axloqiy me’yorlarini, tafakkur yo’nalishini moddiy aks ettiradi.
Tillar orasida tafovut esa odatda bir xalq moddiy hayotida mavjud muayyan tushunchalar, voqea-xodisalar, urf-odatlarning ikkinchi xalq turmush tarzida uchramasligi, shu tufayli ular nomlarining ham ayni xalq tilida tabiiy ravishda yo’qligi bilan izohlanadi. Bundan tashqari, lug’aviy ekvivalentlik munosabatida bo’lgan ayrim ikki til juftliklari bir-birlaridan biror hususiyatlari bilan o’ziga hos ravishda farq qilishlari mumkin. Bu hol til birliklarining milliy xususiyatini belgilash baravarida ularning tarjimada o’zaro almashinuvlariga to’sqinlik qiladi.
Asliyatning o’ziga hosligi asosan uning tarkibidagi lisoniy vositalarning milliy xususiyati bilan belgilanar ekan, asliyatning badiiy-g’oyaviy zaminini asliymonand tiklash asarning milliy boyog’ini qayta yaratish bilan bog’liqdir. Shuning uchun ham tarjimada milliy hususiyatni tiklash masalasi keyingi paytlarda tarjimonlarning ham, tarjimashunoslarning ham e’tiborini o’ziga borgan sari ko’proq tortib kelmoqda. Chunki tarjimaviy nuqsonlarning ko’pchiligi milliy xususiyatni aks ettiradigan til vositalari ulushiga to’g’ri kelmoqda. Zero, tarjima amaliyotida hanuzgacha yo’l qo’yib kelinayotgan xato va kamchiliklarning ko’pchiligi tarjimada milliy xususiyatni tiklash bilan bog’liq bo’lib bu masala hanuzgacha nazariy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham xususan ham qoniqarli darajada hal qilingan emas.
Har bir badiiy yodgorlik muayyan bir davrda sodir bo’lgan voqea hodisalarni. Tasvirlaydi. Shunga ko’ra, tarixiy mavzuda bitilgan asar hozirgi zamon kitobxonini xalq hayotining tarixi bilan tanishtiradi. Bunday asar davr ehtiyojiga muvofiq tarzda had-hisobsiz tarixiy va arxaik lisoniy vositlar bilan to’lib-toshgan bo’ladiki, ular kitobxon ko’z oldida davr ruhini, nafasini jonlantirish bilan birga asarning badiiy-estetik ta’sirchanligini ham oshiradi.
Asliyat ruhini bekamu-ko’st qayta yaratish mas’uliyati tarjimon oldiga til vositalarini asliymonand istifoda etish yo’li bilan asar yaratilgan davr ruhini haqqoniy talqin etish vazifasini qo’yadi.
Asliyat yaratilgan davr tarjima amalga oshirilgan paytdan odatda ma’lum darajada farq qiladi. Shuning uchun ham asliyat ruhini to’la-to’kis qayta yaratish mas’uliyati tarjimondan zaruriy lisoniy vositalarni to’gri tanlash yo’li bilan asliyat vujudga kelgan davr xususuyatini qayta yaratishni talab qiladi. Asliyatning “arxaik” xususiyati tarjimada zamonaviy so’z va iboralardan muqobil vositalar sifatida foydalanish imkoniyatini bermaydi. Shu bilan birga tarjima amalga oshirilgan davr kitobxonga yaqin tushunarli bo’lishi lozim. Chunki tarjimon asarni o’z davri kitobxoni mutolaasi uchun o’giradi.
Bir so’z bilan aytganda, tarjimada shunday lisoniy vositalardan foydalanish kerakki, hosil bo’lgan matn kitobxonga yaxshi tushunarli bo’lsin va shu bilan birga asar yaratilgan davr uning ko’z oldida jonlanib tursin. Buning ma’nosi shuki, tarjimada tilning arxaik va tarixiy qatlamlariga murojaat qilishda suiste’mollikka yo’l qo’ymasdan, ulardan kitobxonda asar yaratilgan davr to’g’risida tasavvur hosil qilish mumkin bo’lgan darajada foydalanish zarur. Chunonchi, tarixiy voqea-hodisalar tasviriga bag’ishlangan asarlar tarkibida qo’llanilgan xalqlar tarixiy-milliy turmushi tushunchalarini aks ettiradigan lisoniy vositalarni tarjimada ijodiy, asliyat ruhiga mos tarzda talqin etish bilan bir qatorda goho ularni zamonaviylashtirishga intilish hollari ham uchrab turadi. Bu hol ko’p tarjimonlsrning o’z tillaridagi tarixiy va arxaik so’zlardan yaxshi habardor bo’lmasdan, tarjima jarayonida mavjud ikki tilli lug’atlargagina suyanib ish ko’rishlari bilan bog’liqdir. Mazkur lug’atlar esa asosan tilning hozirgi davr so’z boyligini qamrab olishlari sababli aksariyat hollarda tarixiy-milliy xususiyat tasvirini yaratishga ojizlik qiladilar.
Tarixiy asarlar ruhini tarjimada tiklash uzoq o’tmishda yaratilgan badiiy yodgorlikni boshdan oyoq o’sha davrga xos “til”da tasvirlab berish lozimligini bildirmaydi. Olti-etti yuz yil muqaddam bitilgan asarni nafaqat o’zga tillar vakillari, balki asliyat sohibi bo’lmish halq vakillarining ham zo’rg’a tushunishi tabiiy holdir. Davr halq tiliga ham o’z muhrini bosadi. Demak, davr boyog’ini qayta yaratish maqsadida uzoq o’tmishda yaratilgan asarni shuncha yillar oldingi “til”da o’girish asarni hozirgi zamon kitobxonidan uzoqlashtirib qo’yadi. Zero, har qanday asar unig qaysi davrda yaratilganidan qat’iy nazar hozirgi davr tiliga o’giriladi. Davr bo’yog’i esa asar yaratilgan zamon lisoniy unsurlari ishtirokida tiklanadi. Asar tili, u yaratilgan davr tilining in’ikosi sifatida, hech qachon o’zgarmasa, tarjima tili vaqt o’tishi bilan eskiradi, ma’lum muddat o’tgach, asarni yana keyingi davr “til”iga, kitobxon talabiga moslab, qayta tarjima qilish ehtiyoji tug’iladi.
Tarixiy asarlarda ba’zida so’z va iboralarning ma’no va vazifalari o’zgarib, ular keyingi paytlarda mutlaqo o’zgacha tushunchalarni ifoda etish uchun xizmat qila boshlaydilar. Lisoniy birliklar ma’no va vazifalariga bunday o’zgarishlarni hisobga olmaslik muallif fikrini o’zgacha talqin qilishga olib keladi.
Tarixiy asarlar tarjima tarixiga nasar tashlaydigan bo’lsak. Ba’zi asarlarning bir til ichida yoki bir necha tillardagi tarjimalari uchraydi. Bu hodisa tarjimashunoslikda variantlilik deb ataladi. Variantlilik tushunchasi nafaqat yirik bir asar tarjimalari balki, bitta asar tarkibida muayyan so’z va iboralarning bir nechta hil tarzda berilishiga ham daxldordir. Tarjimashunos J.Sharipovning “O’zbekistonda tarjima tarixidan” deb nomlangan doktorlik dissertatsiyasida o’zbek adabiyotiga oid bir necha asarlarning tarjima variantlari borasida fikr yuritilganligiga guvoh bo’lish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |