Tarjima jarayonining pragmatik xarakteri, tarjima qilinish muammosi. Ma’lumki, rus tarjimashunos olimi V.N.Komissarovning fikricha, har qanday til belgisi odatda uch xil munosabatni o’z ichiga oladi. Ular semantik, sintaktik va pragmatik munosabatlar bo’lib, birinchisi – til belgisining u anglatadigan predmet bilan aloqasini aks ettiradigan, ikkinchisi – til belgisini mazkur tizimga aloqador boshqa belgilar bilan bog’lab turadigan va uchinchisi - til belgisi bilan muloqot jarayonida undan foydalanuvchi shaxslar o’rtasidagi aloqani muayyan qiladigan munosabatlardir. Shunday qilib, til belgisi semantik (denotativ), sintaktik va pragmatik ma’nolari bilan ajralib turadi.
Til belgisi deganda L.S.Barhudarov so’zni nazarda tutadi. So’zning pragmatik ma’nosiga uning uslubiy xususiyatini, ya’ni his-hayajonni ifodalash ko’rsatkichini -konnotativ ma’nosini kiritadi. Demak, tarjimada pragmatik talab tarjima matnining asliyat matni darajasidagi aniqligini taqozo etadi.
Keyingi yillarda tadqiqotchilar e’tiborini o’ziga ko’proq jalb qilib kelayotga til kommunikatsiyasining pragmatik jihati muloqot ishtirokchilarining yuqori saviyada qo’shimcha bilimlari bilan chambarchas bog’liq. Asliyat va tarjima tillari g’ayrilisoniy omillarining aksariyat hollarda tafovut qilishi tarjimondan chuqur lingvistik bilimdan tashqari yana ko’p boshqa fanlar, madaniyatlar ma’lumotlaridan ham xabardor bo’lishni talab qiladi. „Til belgilari va ulardan foydalanadigan shaxslar o’rtasidagi pragmatik munosabatlar shundan iboratki, bu belgilar, aniqrog’i ularning ma’nolari ayni shaxslar uchun tushunarli bo’lishi kerak“ (B.P.Naydov). Axborotning shu yo’sinda talqin qilinishigina asliyatning kommunikativ ta’sirchanligini saqlab qoladi.
Ayrim olimlar pragmatik ma’noni keng sharhlagan holda, uning nafaqat konnotativ, balki denotativ ma’noli so’zlarga nisbatan ham ishlatilishini ta’kidlashadi.
Tillararo kommunikatsiyani amalga oshirish munosabati bilan pragmatika muammolari yuzaga kelar ekan, tarjimonning vazifasi tarjima jarayonining maqsadini to’g’ri anglagan holda, uni tarjima tili talabi, me’yori asosida qayta yaratishdan iboratdir. Muayyan tarjimaning pragmatik vazifasini amalga oshirish tarjimondan goho yuqori darajadagi muvofiqlikdan voz kechgan holda, kitobxonning estetik ta’sirlanish darajasini birinchi o’ringa qo’yishni talab qiladi. Chunki haddan ortiq pragmatik noaniqlikka olib kelish, ya’ni tarjima asliyat o’z kitobxoniga ko’rsatgan darajadagi ta’sirchanlikni yaratishga ojizlik qilishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, tarjimaning asliyatga pragmatik adekvatligi asliyat va tarjima sohiblarining bir xil axborotga ega bo’lishlari bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |