So’z, musiqa, harakat va rang uyg’unligi. Badiiy tarjimada milliylashtirish. Badiiy adabiyotning asosiy materiali so’z ekan, demak, badiiy tarjimada ham faqat lisoniy ashyolar – so’zlar bilan bog’liq kolorit o’rganilmog’i kerak, degan xulosaga kelish mumkin. Asosan, shunday. Biroq masalaning boshqa jihatlarini ham nazardan soqit qilib bo’lmaydi. Chunonchi, tasviriy san’at, musiqa va badiiy adabiyot bir-biri bilan uzviy bog’liqdir. “Rang”, “boyoq” ularning har uchalasini ham tutashtirib turuvchi unsurlardan biri hisoblanadi. Rang tuyg’usidan holi bo’lgan surat, kuy, asar quruq bo’ladi.
Sharof Rashidovning “Kashmir Qo’shig’i” dostoni xorijiy mavzuda yozilgan bo’lib, hind mifologiyasi materialiga asoslangan. Asar boshdan-oxirigacha lirik kayfiyat, nafis tuyg’ular va kechinmalar bilan sug’orilgan. Bu dostonni badiiy asr sifatida, so’zning sehrli kuchi orqali idrok etamiz. Mazkur asar asosida sahnalashtirilgan baletda esa lisoniy omil-so’z janr taqozosiga ko’ra tushib qolib, muallifning chuqur, soadatli g’oyasi o’zga ifoda vositalari- harakat, musiqa, ko’rish va eshitish bilan bog’liq bo’lgan obraz orqali reallashgan. Bunda hind koloriti asar g’oyasi muallifning o’y-muddaosini so’zdan “tashqarida” zuhr ko’rgazgan vositalar orqali ro’yobga chiqargan
Umuman, rang tuyg’usi aksariyat so’z bilan “tushuntirib” bo’lmaydigan sehrli, mo’jizakor tuyg’udir. Hamonki, kolorit tushunchasining zamirida rang yotar ekan, maxsus “rang koloriti” haqida ham gapirish mumkin.
Rang tuyg’usi faqat san’at, adabiyot va musiqa janrlarinigina emas, balki shu sohada xizmat qilayotgan arboblarni ham birlashtiruvchi omillardan sanaladi. Masalan, muallif bilan tarjimon ittifoqini olaylik. Muallif bilan tarjimon ijodkorning didi, nigohi, tasvirlash manerasi sodda qilib aytganda, yulduzi bir-biriga mos monand bo’lganda tarjimon muallifning hayajonlari, quvonchlari iztiroblarini huddi o’zinikiday idrok eta olganidagina ularning ittifoqi hayrli, barakali bo’lishi mumkin.
N.A.Nekrasovning “Yomg’ir oldidan” she’ridagi:
На ручей рябой и пёстрий,
За листком летит листик,-
Misralarini shoira Zulfiya dastlab:
Atlas kabi rang-barang barglar
Suvga tushar quvib bir-birin,-deb tarjima qilgan edi. N.A.Nekrasovda rus tabiatining manzarasiga mos ravishda kuzda daraxt barglarining sariq va qizil rangga kirishini tasvirlagan bo’lsa, tarjimada ularning atlas kabi rang-baranglashuvi bu taassurotni o’zgartiradi. Atlasday tovlanish, yonish ko’proq bahor bilan yoz fasllarining fazilatiga hos bo’lib, xazinlik, xazonrezgilik emas, balki quvnoqlik, shodonlik kayfiyatlarini o’zida aks ettiradi. Bunda behosdan Rossiyaning namchil kuzi -quyoshli O’zbekiston kuzi bilan, Nekrasov tuyg’usi esa Zulfiyaning kayfiyati bilan almashinib qoladi. Buni payqagan o’tkir didli, ziyrak tarjimon tahrir davomida “atlas”dan voz kechib she’rning keyingi nashrida - “qizil-sariq rang-barang barglar” deb yaxshi tuzatgan.
“O’zbekfilm” kinostudiyasida ishlangan “Olovli yo’llar” filmida shunday lavha bor: Turkistonda buyuk rus yozuvchisi N.V.Gogol kunlari munosabati bilan birinchi marta “Revizor” komediyasining namoyish etilishi oldidan sahnaga musulmon ruhoniysi ko’tarilib, qiroat bilan qur’ondan sura o’qiydi. Bu shundan dalolat beradiki, faqat tarjima asarining o’zigina milliylashtirilib qolmay, ba’zan bir halqning madaniyatiga yangi kirib kelayotgan yozuvchi, uning ijodi, mazmuni atrofida endigina qaror topayotgan adabiy muhitga ham o’zgacha, mahalliy, milliy va ba’zan diniy ma’no berilishi mumkin.
Yetmishinchi yillarda afg’on teatri sahnasida huddi o’sha komediya – “Revizor” ko’rsatilgan ekan, asarda afg’on shahar hokimi va afg’on amaldorlar ishtirok etganlar. Qizig’i shundaki, qahramonlarning kiyimi ham, nomlari ham afg’oncha bo’lgan.
Ganada Uilyam Shekspirning “Hamlet” tragediyasi asosida qo’yilgan “Hamile” nomli sahna asari minglab tomoshabinlarni o’ziga jalb etgan. Unda Hamlet – “Hamile”, Ofeliya-“Habib”, Poloniy “Ibrohim”ga aylangan va hakozo. Hamlet otasining ruhi boshida afrikaliklar kiyadigan shoxli maskasi bilan paydo bo’larkan, u o’zining timsoh zahri bilan o’ldirilganligini aytadi.
-Shekspir umuminsoniydir va har bir xalq uning asarlarida o’zini ko’rishi mumkin, -deb talqin etadi rejissyor Tomas A.Daniels. - Asardagi voqeani Ganaga ko’chirishdan maqsad ulug’ yozuvchining asarini tomoshabinlarga yaqinlashtirib tushunarli qilib ko’rsatishga intilishdan iborat edi. Shu usulda A.P.Chexovning ham bir pyesasini ekranlashtirmoqchimiz, deb ta’kidlaydi u.
Ozarbayjon shoiri, “Xamlet”ning birinchi tarjimoni Sobir bir vaqtlar voqea joyini Daniyadan sharqqa ko’chirgan, qahramonlarni sharq libosiga o’rab, hatto ayrimlarining nomlarini ham ozarbayjonchaga aylantirgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |