Mehmonxona xo‘jaligida kadrlarni rejalashtirishning mohiyati, maqsad va vazifalari
Turg’unlik davrida respublikamiz iqtisodiyotidagi to‘liq bandlik qo‘shimcha kapital mablag’lar sarflash, ish kuni soatlarining qisqartirilishi va ta’tillarning ko‘paytirilishi hisobiga yangi ishchi o‘rinlarining vujudga keltirilishi mehnat bozorida malakali ishchilarga bo‘lgan tanqislikning o‘sishiga sabab bo‘ldi. Fan-texnika taraqqiyoti va bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan bog’liq tashkiliy yangiliklarning joriy etilishi mehnat sharoitini yaxshilash bilan bir qatorda insonning bilim darajasi va ruhiy-fiziologik imkoniyatlariga yangi talablar qo‘ydi.
Bu o‘z navbatida yuqori malakali kadrlarga va ishlab chiqarishning ruhiy-fiziologik talablariga javob beradigan kadrlarga bo‘lgan tanqislikni oshirdi. Rahbarlikning ma’muriy-buyruqbozlik usullari boshqarish sohasida pishik-puxta vositalarga ega bo‘lmagani sababli respublikamiz viloyatlarining ba’zilarida ijtimoiy keskinlikka samarali barham berish yoki uni kamaytirishga yetarli darajada muvaffaq bo‘la olmadi.
Mamlakatimizda bozor munosabatlarini amalga oshirish o‘ziga xos xususiyatlarda, ya’ni ijtimoiy yo‘naltirilgan himoya yo‘li bilan amalga oshirilayotgan bo‘lsada bizga qoldirilgan iqtisodiy meros mustaqillik davrining boshlang’ich davrida ma’lum darajada ijtimoiy keskinlik yaratdi. Ijtimoiy keskinlik esa hayot qurishning sifatini, avvalo mehnat qilish bilan bog’liq hayot sifatini o‘stirishga bo‘lgan ehtiyojlar oqibatida kelib chiqdi.
Bunday paytda mehnat qilish bilan bog’liq hayotning sifat darajasi insonga munosib bo‘lgan mehnat sharoitini yaratib berish va har bir xodimning mehmonxona ishlarini boshqarishda ishtirok etishi mumkinligida o‘z ifodasini topdi. Har qanday usullarda foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarish rejasining bajarilishiga erishishni ta’minlay olmadi, chunki xodimlarda mehnatdan qoniqish tuyg’usi oshmadi, xodimdan foydalanish yaxshilanmadi.
Odamlarga rahbarlik qilishga qaratilgan ma’muriy usullar insonni sezmas, uning talab-ehtiyojlari bilan hisoblashmas edi.Uzoq muddatga mo‘ljallangan, kadrlar siyosatining kelajagiga qaratilgan va bu barcha jihatlarni hisobga oladigan konsepsiyani kadrlarni rejalashtirish yordami bilan amalga oshirish mumkin. Xodimni boshqarishning bu usuli ish beruvchilar bilan ish oluvchilarning manfaatlarini kelishtirish va muvozanatlashtirishga qodirdir.
Kadrlarni rejalashtirish shundan iboratki, u odamlarga zarur vaqtda va kerakli miqdordagi ish o‘rinlarini ularning qobiliyatlari, mayllari va ishlab chiqarish talablariga muvofiq ta’minlab berishni vazifa qilib qo‘yadi. Ish o‘rinlari unumdorlik va asoslash nuqtai-nazaridan ishlovchilarga o‘z qobiliyatlarini eng maqbul tarzda rivojlantirish, mehnat samaradorligini oshirish imkonini berishi, insonga xos mehnat shart-sharoitlari yaratish va bandlikni ta’minlash talablariga javob berishi lozim.
Kadrlarni rejalashtirish mehmonxona manfaatlari nuqtai-nazaridan ham, uning xodimi manfaatini ko‘zlab ham amalga oshiriladi. Mehmonxona uchun kerakli vaqtda, kerakli o‘rinda, zarur miqdorda hamda tegishli malakaga ega bo‘lgan shunday xodimga ega bo‘lish muhimki, ular ishlab chiqarish vazifalarini hal qilish, uning o‘z maqsadlariga erishishi uchun zarur bo‘ladi. Kadrlarni rejalashtirish ancha yuqori mehnat unumdorligini qo‘lga qiritish va ishdan qoniqish hosil qilish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi lozim. Odamlarni birinchi navbatda o‘z qobiliyatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratib berilgan, yuqori hamda doimiy ish haqi olib turish kafolatlangan ish o‘rinlari jalb qiladi. Mehmonxonadagi barcha xodimning manfaatlarini hisobga olish kadrlarni rejalashtirish vazifalaridan biri hisoblanadi. Shuni yodda tutish kerakki, kadrlarni rejalashtirish mehmonxonadagi umumiy rejalashtirish jarayoniga qo‘shilib ketgan taqdirda samarali bo‘ladi. Kadrlarni rejalashtirish quyidagi savollarga javob berishi lozim:
- qanday malakali qancha xodim qachon va qayerda bo‘ladi?
- kerakli xodimni ijtimoiy zarar yetkazmagan holda qanday qilib jalb qilish va ortiqcha xodimni qisqartirish mumkin?
- xodimni ularning qobiliyatlariga muvofiq qanday qilib yaxshiroq foydalanish mumkin?
- yangi yuqori malaka talab qiladigan ishlarni bajarish uchun qanday kadrlarning rivojlanishini ta’minlash va ishlab chiqarishning talab-ehtiyojlariga muvofiq ularning bilimlarini qo‘llab-quvvatlab turish mumkin?
- kadrlarga doir rejalashtirilgan tadbirlar qanday xarajatlar qilinishini talab etadi?
- kadrlarni rejalashtirish xodimlar bilan ishlashning tezkor rejasida birlashtirilgan va o‘zaro bir-biri bilan bog’langan butun bir tadbirlar majmuini amalga oshirish orqali ro‘yobga chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |