Umumta’lim g‘oyasi. Komenskiy yashagan davrda hammani o‘qishga tortish shart emas, qobiliyatli kishigina o‘qishi kerak, degan g‘oya mavjud edi. Komenskiy esa o‘qishga hammaning tortilishini, hamma o‘z ona tilida umum boshlang‘ich ta’lim olishi kerakligini uqtiradi. Umumta’lim to‘g‘risida gapirganda ayollarni ham hisobga oladi. O‘sha davrda xotin-qizlar uchun o‘qish juda katta muammo edi, shunga qaramay, u bu masalani ilgari surdi.
Komenskiyning pedagogik nazariyasining yana bir qimmatli tomoni o‘quvchilar bilim olish tushunchasiga ega. Oynani qanchalik chang bosgan bo‘lsa ham, baribir kishi o‘z aksini ko‘rishi mumkin, albatta, toza oyna kishi aksini toza ko‘rsatadi. O‘qituvchining vazifasini oynadagi changni artib tashlash, ya’ni bilimni bola ongiga etkazish, ani aqliy tomondan o‘stirishdir, degan edi.
Komenskiy o‘z asarlarida tarbiyaning maqsadini ko‘rsatadi. Tarbiyaning maqsadi kishini mangulik dunyosiga tayyorlashdan iboratdir. Buni uch xil tarbiya orqali amalga oshirish mumkin:
Aqliy tarbiya.
Axloqiy tarbiya.
Diniy tarbiya.
Bu maqsad bolaning tug‘ilganidan to 24 yoshigacha amalga oshadi, bu davr ichida bola to‘rt maktabni o‘qib tugatishi, har birida 6 yil o‘qishi kerak, deb hisoblaydi.
Komenskiyning bolani yosh davrlarga bo‘lishi. Bunda u tabiiylik prinsipiga amal qilib, bola yoshini 4 davrga bo‘ladi.
1. Tug‘ilganidan 6 yoshgacha — ona maktabi. Bu davrda bolaning sezish organlarini o‘stirishga, bolaning qabul qilishini, atrofdagi dunyo bilan tanishtirishga katta ahamiyat beradi. Bolani mehnatga o‘rgatish, o‘z-o‘ziga xizmat qilishga jalb etish kerak. Ona boladagi axloqiy tarbiyaning asoslarini, to‘g‘rilik, haqqoniylik, mehnatni sevish va boshqalarni vujudga keltiradi. Ona maktabi bog‘cha yoshidagi bola tarbiyasini ko‘zda tutadi.4
2. 6—12 yoshgacha — xalq maktabi yoki ona tili maktabi. Bunda o‘quvchi esda saqlashi, so‘zlashga o‘rganishi, yozish, boshlang‘ich maktab ko‘nikmasini hosil qilishi kerak bo‘lib, buning uchun geometriya, geografiya, tabiiyot fanlarini o‘rganishi lozim.
3. 12—18 yoshgacha — gimnaziya. Bu o‘quv yurtining vazifasi bola tushunchasini, tafakkur qobiliyatini o‘stirishdan iborat bo‘lib, unda klassik tillar, tabiiyot bilimlari, axloq, ilohiy fanlar o‘qitilishi kerak.
4. 18—24 yoshgacha — Universitet. Akademiya. Bu o‘quv yurtlari o‘quvchining irodasini, shaxsini bir butun o‘stirishi kerak.
SHunday qilib, maktab Komenskiy qarashicha o‘quvchilarni o‘ylashga, harakatlantirishga, masalalarni amalda mustaqil echa bilishga, o‘quvchilarni so‘zlashga, o‘z fikrini to‘g‘ri ifoda qilishga va isbotlab berishga o‘rgatishi kerak. Mehnat kishini ulug‘laydi, deydi Komenskiy. SHuning uchun mehnatga ham yoshlikdan o‘rgatish kerakligini ilgari suradi.
Komenskiyning pedagogik nazariyasida ta’lim-o‘qitish, ya’ni didaktika katta o‘rinni egallaydi. Bunda u tabiiylik usulini asos qilib oladi. Bu usulning mohiyati shundan iboratki, bunda bolaning yoshi, bilim darajasi, psixologik xususiyatlari hisobga olinib, darsni tabiat borlig‘iga moslab olib borish kerak, degan g‘oya ilgari suriladi.
Masalan: Qush o‘ziga uya yasaydi, uya issiq va yumshoq bo‘lishi kerak. Maktab ham xuddi shunday bo‘lishi kerak.
Komenskiy o‘zining «Buyuk didaktika» asarida maktabda o‘qitish tizimini amalga oshirishda quyidagi didaktik tamoyillarga amal qilishni tavsiya etadi.
Ko‘rsatmalilik tamoyili;
Onglilik tamoyili;
Izchillik va tizimlilik tamoyili;
Mashq qilish, bilim va malakalarni puxta egallash tamoyillari.
Do'stlaringiz bilan baham: |