O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ham uzluksiz ta’lim tizimidagi mustaqil tur sanaladi. U majburiy-ixtiyoriy xarakterga ega bo‘lib, umumiy o‘rta ta’lim negizida uch yil muddatda tashkil etiladi.
“Mazkur bosqich ta’limining asosiy maqsadi ishlab chiqarishning birinchi bo‘g‘inidagi tashkilotchi va ish boshqaruvchilarni, oliy toifali mutaxassislarning yordamchilarini, yuqori malaka va ko‘nikmalarni talab qiluvchi ma’lum bir turdagi ishni mustaqil bajara oluvchi o‘z ishining ustalarini bo‘lgan – texnik, agronom, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, feldsher, stomatolog, konsertmeyster kabi mutaxassislarni tayyorlashdan iboratdir. O‘rta maxsus ta’lim mutaxassislari qatoriga kasbiy tayyorgarlikning yuqori bosqichi talab etiladigan balet, sirk artistlari, ayrim badiiy mutaxassislar ham kiradi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi 2009 yildan boshlab majburiy hisoblanib, umumiy o‘rta ta’lim maktabining bitiruvchilari xohishlariga binoan o‘qish yo‘nalishini – akademik litsey yoki kasb-hunar kollejini tanlaydilar. O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi bitiruvchilarni mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishlari uchun aniq bir yo‘nalishda ham umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim berib, ham kasb-hunar ta’limini beradi.
Kasb-hunar kollejlari kasb ta’limi bilan bir qatorda akademik litseylar kabi o‘rta maxsus ta’lim ham berib, bu keyinchalik yoki uzluksiz ta’limni davom ettirish, yoki bo‘lmasam mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan shug‘ullanish imkonini beradi”.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishi – akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda tanlanadi.
Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ham ta’lim davlat ta’lim standartlariga muvofiq olib boriladi. Agar akademik litseyda o‘quvchilar ularning imkoniyat va qiziqishlarini inobatga olgan intellektual jihatdan rivojlantirilsa, kasbga yo‘naltiruvchi bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lsalar, kasb-hunar kollejlarida esa o‘quvchilarda ularning kasb-hunarga moyilliklari, bu boradagi bilim, ko‘nikma hamda malakalari chuqur rivojlantiriladi. Kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilar bir yoki bir necha ixtisoslik bilimlarini o‘zlashtirishlari mumkin.
Mustaqillik yillarida respublikada akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish, ularning kuchli moddiy-texnik ta’minotini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
AL va KHKning bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom beriladi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini olganlikni tasdiqlovchi diplomda o‘qitilgan fanlar ko‘rsatilgan (akademik litseylar uchun) va mutaxassisligi buyicha egallagan malaka (kasb-hunar kollejlari uchun) ko‘rsatiladi.
Diplom asosida bitiruvchilar ta’limning keyingi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish yoki egallangan ixtisos va kasb-hunar bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga egadirlar.
Bugungi kunda respublikada 141 ta akademik litsey hamda 1396 ta kasb-hunar kollejlari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning soni umumiy hisobda 1537 tani tashkil etadi.
Oliy ta’lim o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi asosida ikki bosqich (bakalavriyat, magistratura)da tashkil etiladi, yo‘nalishlari bo‘yicha xalq xo‘jaligining turli sohalariga oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlaydi. Oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish davlat grantlari va pullik-shartnomaviy asosda amalga oshiriladi.
Oliy ta’limning bakalavriat bosqichi yakunlangandan so‘ng bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlariga ko‘ra ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha “bakalavr” darajasi beriladi. Bakalavr davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplomga ega bo‘ladi.
Oliy ta’limning magistratura bosqichi yakunlangandan so‘ng bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlariga ko‘ra ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha “magistr” darajasi beriladi. Magistr davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplomga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |