11. Pedagogik hamkorlik tamoyili ta’lim jarayonida shaxsning ustuvor mavqeini ta’minlash, uning o‘z-o‘zini anglashini anglatadi. Bu tamoyil o‘zaro munosabatlar jarayonida sub’ektlar o‘rtasidagi aloqalarning dialog shakli, shaxslararo munosabatlar mazmunida esa empatiya (yun. “empathlia” – birgalikda tashvishlanish, ya’ni, boshqa odamning tashvishlarini tushunish)ning ustunligiga erishishni talab etadi.
Ta’lim jarayoni va uning asosiy tarkibiy elementlari. Ta’lim jarayoni ta’lim texnologiyasining asosini, yadrosini tashkil etadi hamda ta’lim maqsadi, ta’lim mazmuni, o‘quvchi, ta’lim shakli, metod, vositalari va ta’lim beruvchi kabi unsurlardan iborat tizim sifatida namoyon bo‘ladi. Tarkibiy unsurlar o‘zaro birlik va aloqadorlikda ta’lim jarayonining umumiy mohiyatini yoritishga xizmat qiladi.
Ta’lim jarayoni bir nechta shartlarga muvofiq tashkil etiladi. Ular quyidagilardir:
1) ta’lim olish, muayyan nazariy hamda amaliy bilimlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan ijtimoiy (yoki shaxsiy) ehtiyojlarning yuzaga kelishi;
2) ta’lim olish, muayyan nazariy hamda amaliy bilimlarni o‘zlashtirishga nisbatan rag‘bat, qiziqishning uyg‘onishi;
3) o‘quvchining o‘quv-bilish faoliyati mazmunini belgilash;
4) o‘quvchining o‘quv-bilish faoliyatini boshqarish.
Ta’lim olishga bo‘lgan rag‘bat, qiziqish o‘quvchi va o‘qituvchi ishtirokidagi o‘quv-bilish faoliyati asosining shakllanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. YAqin-yaqingacha o‘quvchining ta’lim jarayonidagi ishtiroki nazariy bilimlarni qabul qilib oluvchi, o‘zlashtirilgan nazariy bilimlar, amaliy ko‘nikmalarni namoyish etuvchi sub’ekt sifatidagi roli bilan kifoyalangan edi. Zamonaviy sharoitda esa o‘quvchi ta’lim jarayonining etakchi sub’ekti, asosiy ijrochisi sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi. Endilikda u o‘qituvchi tomonidan uzatilayotgan axborot (bilim)larni qabul qilmaydi, balki nazariy bilimlarni uning yo‘llanmasi, ko‘rsatmasiga muvofiq tavsiya etilgan o‘quv manbalari bilan mustaqil ravishda tanishish orqali o‘zlashtiradi, o‘qituvchining nazorati ostida amaliy ko‘nikma va malakalarni hosil qiladi. O‘quvchi mustaqil faoliyat yuritish, nazariy bilimlarni o‘zlashtirish asosida o‘zida fikrni ilgari surish, dalillar keltirish, o‘z fikrini himoya qilish layoqatini tarbiyalay olishi, o‘z-o‘zini tanqid qilish, o‘z-o‘zini baholash sifatlarini qaror toptira olishi talab etiladi. Davr talabi o‘quvchini ta’lim jarayonining sust tinglovchisi bo‘lishdan faol ishtirokchisiga aylantirishni taqozo etmoqda.
Ta’lim oluvchining ta’lim jarayonidagi etakchilik roli quyidagi pedagogik vazifalarni hal etish imkonini beradi:
- o‘quvchilarda bilimlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan ichki ehtiyoj (rag‘bat)ni qaror toptirish;
- ularda bilimlarni o‘zlashtirishga nisbatan ongli yondoshuvni hosil qilish;
- o‘quvchilarda mustaqil faoliyat yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish;
- ularning faolligini ta’minlash;
- o‘quvchilarda mustaqil fikr yuritish, nazariy va amaliy bilimlar mohiyatini tahlil etish, ular borasida xulosalar chiqarish, umumlashtirish hamda ularni o‘z amaliy faoliyatiga tadbiq etish ko‘nikmalarini yuzaga keltirish va takomillashtirish;
- o‘z-o‘zini nazorat qilish, baholash sifatlarini shakllantirish.
O‘quvchining faoliyat mazmunini to‘laqonli yoritilishida ta’lim shakli, metod va vositalarining ahamiyati katta. Zero, ular o‘quvchining imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, bilim, ko‘nikma va malakalarini aslidek, mavjud darajasida yoritib berish uchun qulay shart-sharoit yaratib beradi. O‘z navbatida o‘quvchilarning yosh, psixologik, fiziologik xususiyatlari, bilim darajasi, dunyoqarashining ko‘lami hamda ularning faolligi samarali, ilg‘or, noan’anaviy ta’lim shakl, metod va vositalarini tanlash, ulardan maqsadga muvofiq foydalanish uchun turtki bo‘ladi.
O‘quv jarayonining maqsadi aniq va ravshan belgilanmog‘i lozim. Ta’lim maqsadining bunday belgilanishi ma’lum va amal qilingan vaqtda didaktik jarayonni tashkil qilish va amalga oshirilish darajasi yuzasidan xulosa chiqarish imkoniyatini yaratadi.
Ta’lim jarayonining tarkibiy elementlari quyidagilardir:
Ta’lim jarayonining mazmuni shaxsga ta’lim berish, uni tarbiyalash va rivojlantirish kabi vazifalarning ijobiy hal etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ta’lim muassasalari oldida turgan vazifalarni hal etish mashg‘ulot (ta’lim jarayoni) mazmuni, ta’lim shakli, metodlari hamda vositalarining samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi. Ta’lim shakli, metodlari va vositalari o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, ularda chuqur bilim va dunyoqarashni hosil qilishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |