Necha ganj ichra bo'lsa gavhar, dur,
Ko'rki, bordur aning kalidi temur.
Ganji maqsud kimga bo'lsa umid,
Ul nasihatlar erur anga kalid.
Qulf ocharda gadovu sohibtoj,
Teng bo'lurlar kalidga muhtoj.
Navoiy o'z maktublariga badiiy nasr turi- insho san'ati namunasi hamda ularni yozishdan ko'zlangan maqsadlar zaminida namoyon bo'ladigan gumanistik g'oyalarini avlodlarga yetkazuvchi muhim vositalardan deb qaragan.
"Munshaot" tarkibidagi maktublarning birortasini ham qayerdan qayerga, kimga va qachon yuborilgani ko'rsatilmaganligi ana shu maqsadlar bilan izohlanadi. Lekin bu hol maktublarni aniqlashda juda katta mushkullik tug'diradi.
Navoiy maktublari ularda tilga olingan problemalar va masalalar ko'lami, badiiy barkamolligi, voqealar qamrovining kengligi jihatidan o'z mualliflarining ijodiy merosida va o'sha davr ijtimoiy-siyosiy hamda madaniy hayotini o'rganishda alohida ahamiyat kasb etadi. "Munshaot"dagi xatlar turlicha mazmunda yozilgan. Ular orasida navro'z tabriklari, sog'inch maktublari, ta'ziyanomalari, siyosiy, iqtisodiy, madaniy adabiy va boshqa mazmundagi yozishmalar mavjuddir. Maktublarning aksariyatida birinchi o'rinda davlat, siyosat masalalari turadi.
Navoiy Husayn Boyqaroga yo'llagan maktublarida shohga, u orqali saroy, undagi ahvolga, saroy ahllari hamda mamlakatini idora etish usuliga o'z munosabatini bildiradi. Bu xil maktublardan shu narsani uqsa bo'ladiki, Navoiy Husayn Boyqaroga va shahzodalarga katta umid bog'laydi va o'ziga xos bo'lgan sergaklik va vazminlik bilan, g'oyat mehribonlik va dono nasihatgo'ylik bilan ularni xavf-xatarlardan saqlamoqchi, to'g'ri yo'lga solmoqchi edi.
Ma'lumki, Navoiyning davlat arbobi sifatidagi amaliy faoliyatida uni eng avvalo siyosiy ixtiloflarning oldini olish, davlat mustaqilligi va yaxlitligini saqlab qolish, osoyishtalikni qat'iy barqaror qilish va mustahkamlash masalalari band etgan edi.
Mana shular taqozosi bilan "Mun'shaot"dagi qator maktublar, jumladan shahzoda Badiuzzamonga yo'llangan xatlar yozilgan edi. Bulardan Alisher Navoiy bu shahzodaga katta umidlar bog'lagani, uning tarbiyasida ishtirok etgani va uning faoliyatini foydali o'git-nasihatlar bilan yo'naltirib turgani ma'lum bo'ladi. Navoiy Badiuzzamonni Xuroson saltanati uchun davlatni boshqarish usullarini yaxshi bilgan, adolat-parvar hukmdor sifatida ko'rishni orzu qilgan va shu yo'lda jiddiy harakatlar qilgan, Xusayn Boyqaro bilan Badiuzzamon oralaridagi ixtiloo'lar tufayli mamlakat yaxlitligi va xalq osoyishtaligiga yetishishi muqarrar bo'lgan xavfning oldini olishga tinimsiz intilgan edi. Ana shu masalalarni Navoiy o'z maktublarida diqqat markazida tutadi.
Munshaot"da bir maktub borki, unda muallifning inson uchun, insoniy fazilatlar uchun bir ota sifatida ham qanchalik izchillik va kuyinish bilan kurashganligi o'z aksini topgandir. Maktub mazmuni shunday: Navoiy bir bolani farzand sifatida o'z tarbiyasiga oladi. Bu yo'lda ancha mehnat saro' qiladi. Lekin u Navoiyning ishonchini oqlamaydi. Umidlari puchga chiqqan, farzandning nojo'ya harakatlaridan dili pora bo'lgan shoir alam va g'azab bilan unga noma yo'llaydi:
"Ey nafs havosig'a giriftor o'lg'on,
Shayton ishiga ishing namudor o'lg'on,
Ham zuhd ila izzatga sazovor o'lg'on,
Ham fisq ila olam elig'a xor o'lg'on.
... Agarchi kichik erding, ammo andoq ermaski, xotiringdin maxv bo'lmish bo'lg'ay va agarchi tifl ermaski, zamiringdin unitilmish bo'lg'ay! Hayotimni sening tarbiyatingga mash'uf va avqotimni sening muhofazatingga masruf qildim va farzandlig'inig raqamini xotirimga muharrar va otaliq mehr va shavqatin holingga muharrar ettim", - deya boshlanadi insoniy dard qayg'u bilan to'liq bu maktub.
Navoiy davom etib, biror soat ham farzandning ahvolidan g'ofil bo'lmaganini, ilm-fanni egallashiga to'la imkoniyat va sharoit yaratib berganini, uning insoniy fazilatlarga ega bo'lishi uchun tinmay intilganini yozadi. Maktubdan ma'lum bo'lishicha, Navoiyning mehnatlaridan voqiflar unga ta'na va nasihatlar qiladilar. Bularga qaramay Navoiy bolaning tarbiyasi bilan astoydil mashg'ul bo'laveradi va bunda anchagina muvaffaqiyat ham qozondi. Lekin keyinchalik farzand to'g'ri yo'ldan ozib ketadi va bu hol Navoiy uchun og'ir bir fojiaga, alamli dardga aylanadi.
U yozadi:
"Ro'zgoring salohi fasodqa yondi va af'oling pokizaligi nopoklikka aylandi. Nasihatni quloqqa solmading va pand bila malomatni ko'ngulga olmading. Holingdin xabardor qilg'on soyi bexabarroq va fisqu fujuringni man' qilg'on soyi batarroq bo'lding... bu faqirning muncha vaqtlig' sa'y va emgagini va uzun yillar tortg'on riyozatini nafsi shum havosi va fe'li mazmum muqtazosi bila zoyi' qilding... dag'i tavbalar qilib, ahdlar bog'lab, ontlar ichib, barchani buzub, tangri taolodin qo'rqmading.
Xolo ne so'zingga, ne ahdingg'a, ne qavlungg'a e'timod qolibtur. Nevchunki, har qaysini borlar ma'lum qilibdir va sinalibdur".
Ortiq chiday olmagan Navoiy uni farzandlik huquqlaridan mahrum etadi.
"Majolis un-nafois"da tilga olingan shoir va adiblar qatoridan chiqaradi.shundan keyin shaharning katta-kichigi oldida uning hech bir e'tibori qolmaydi.
Maktub oxirida Navoiy farzandning bunchalik nonko'rliklari va dilozorliklari uchun uni jazolay olishi mumkinligini bildiradi. "Ammo,-deydi Navoiy,-ikki jihatdin yetkurmadim. Biri bukum, muncha pand va nasihat va tashni' va malomat va ont va aymon bila birovkim, mutannabih bo'lmamish bo'lsa bir necha izo va azob bila ham bo'lmag'usidir, balki ul izo va azob yetkururda bu faqirning za'flig' mijozig'a taraddud va tashvish ko'prak yetkusidir va sanga xud tavovut qilmag'usidir. Yana biri bukim, sen har baqoidolig'kim, qilibsen, anga ko'ra sado va jazo topibsenkim, ul podshohi islom xumoyun xotirining g'ubori va... soyir azizlarining ko'ngullarining ozoridirkim, har biri fil haqiqat yuz o'limdin ortiqtur ammo bu ma'nidin sen g'ofilsen".
Navoiyning bu xatda kuyinib aytganlarining tarbiyaviy ahamiyatiga katta. To'g'ri yo'ldan ozgan odam uchun eng jazo xalq nazaridan qolishdir, degan xulosaning o'zida bir olam ma'no bor.
Ayni choqda, bu maktub Navoiydagi qaynoq otalik mehrini ko'rsatadi, uning nozik qalb egasi ekanligidan, o'ta ta'sirchan, mustahkam irodali va g'oyat qat'iyatli odam bo'lganligidan ham dalolat beradi.
"Munshaot" mazmuni Navoiyning ko'p qirrali amaliy faoliyatida xalqparvarlik, insonparvarlik va tinchliksevarlik prinsiplariga asoslangani, mamlakat va xalq manfaatlarini himoya qilganini ko'rsatib beradi.
Bu ayniqsa, Navoiyning temuriy hukmdorlarga o'gitlari, ta'na va tanqidlari o'rin olgan maktublarda o'z aksini topgandir.
Maktublarda Navoiy biografiyasiga oid ma'lumotlar, badiiy ijodi yuzasidan qaydlar, axloqiy qarashlariga aloqador faktlar mavjud.
Bu asr Navoiy ta'kidlaganidek, qadimgi o'zbek tilining insho sohasida mutlaqo yaroqli ekanligini namoyish qiladi.
Ibrohim G'afurov shunday deydi:Navoiy davri va Navoiy nomi bilan bog‘liq hamda Navoiyning o‘z qalamiga mansub maktublarini o‘rgangan A. O‘rinboyev, Yu. Tursunov, M. Hasanov singari olimlarning qimmatli tadqiqotlariga qaraganda, Navoiy umrining ikkinchi yarmida o‘z zamondoshlari bilan ko‘p yozishmalar olib borgan. 1485 — 1499 yillar orasida temuriy shahzodalar va podshohlar, o‘z yaqinlariga yozgan maktublarini to‘plab, “Munshaot” nomida asar yaratgan. Asar deganimizning boisi shuki, Navoiy barcha maktublarda muhotablar (maktub yozilgan shaxslar)ning nomlari va maktublarning qayerda, qachon, nima munosabat bilan yozilganligini olib tashlagan. Natijada muayyan kishilarga jo‘natilgan maktublar shaxsiy voqelik doirasidan chiqib, umuman, badiiy va chuqur insoniy qimmatga ega badiiy asar turlariga aylangan.
Pirimqul Qodirov shunday degan:Alisher Navoiyning betob ekanini eshitgan Husayn Boyqaro unga maxsus maktub yuborib, ahvol so‘ragan bo‘lsa kerak. Navoiy unga quyidagicha javob yozadi: “Inoyat qilib so‘rdira yiborilgan inshongkim, yetti, aytsa bo‘lg‘aykim, badanda harorat shu’lasidin sharare va ko‘ngulda iztirob shiddatidin asare qolmadi. Bitikingdinki, savodini ko‘rib jon topdim”.
Keltirilgan iqtibos Navoiyga xos poetik til va shiringuftorlik bilan yozilgan. Faqat iqtibos oxiridagi bir misra she’rda Navoiy Husayn Boyqaroga “bitiging” deb, “sen” olmoshida murojaat qilgani e’tiborni tortadi. Yana bir maktubda:
Ko‘zum ucharki, humoyun yuzingni ko‘rgay bot,
Biaynih anga kipriklar o‘lmish ikki qanot, —
degan bayt ham Husayn Boyqaroga qaratib aytilgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI:
Alisher Navoiyning "Munshoat"asari.
Do'stlaringiz bilan baham: |