O‘tgan yili birgina “Sharq yulduzi” jurnalining o‘zida 6 ta – Nazar Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li”, Asal Dilmurodning “Rang va mehvar” romanlari to‘la, Komil Avazning “Sozanda”, Hakim Sattoriyning “Sog‘inch” (har ikkala roman keyinroq alohida kitob holida nashr etildi), Nurali Qobulning “Taxt tagidagi zindon”, G‘ulom Karimiyning “Langar fojiasi” romanlaridan parchalar e’lon qilindi. Bular qatoriga poytaxt nashriyotlarida chop etilgan O‘zbekiston Xalq yozuvchilari Odil Yoqubov va Tohir Maliklarning “Osiy banda” hamda “Samum”, Sa’dulla Siyoevning “Ahmad Yassaviy”, Bahodir Xudoyberganovning “Ayol armoni” (barchasi “O‘zbekiston”), N.Karimovning “Mirtemir” (“Merius”), Abduqayum Yo‘ldoshevning “Bankir” (“Tafakkur qanoti”), Olimjon Hayitning “Arosatlar oroli” (“Yangi asr avlodi”) hamda viloyatlar va xususiy nashriyotlarda bosilib chiqqan ko‘plab romanlarni ham qo‘shadigan bo‘lsak, yil xirmonining salmog‘i yanada ortadi. 2012 yil romanlari hosilini sarhisob qilar ekanmiz, avvalo, ularni mavzu va muammosiga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratib olishni lozim topdik: 2012 yil romanlari hosilini sarhisob qilar ekanmiz, avvalo, ularni mavzu va muammosiga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratib olishni lozim topdik: - 1. Ijtimoiy-iqtisodiy (O. Yoqubovning “Osiy banda”, A.Yo‘ldoshning “Bankir”, H.Sattoriyning “Sog‘inch”, G‘.Karimiyning “Langar fojiasi”);
- 2. Ma’naviy-axloqiy (T.Malikning “Samum”, N.Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li”, A.Dilmurodning “Rang va mehvar”, B. Xudoyberganovning “Ayol armoni”);
- 3.Tarixiy (S.Siyoevning “Ahmad Yassaviy”, K.Avazning “Sozanda”, N. Qobulning “Taxt tagidagi zindon”);
- 4. Biografik (N.Karimovning “Mirtemir”, O.Hayitovning “Arosatlar oroli”);
- 5. Detektiv (bu guruhdagi romanlarning haddi-hisobiga yetib bo‘lmaydi, ammo ularning ko‘pchiligi yengil-elpi, oldi-qochdi voqealardan iborat bo‘lgani uchun munosabat bildirishdan o‘zimizni tiydik).
Bu tasnifni shartli qabul qilish joiz. Negaki, ijtimoiy-iqtisodiy mavzu va muammoni ko‘targan romanlar ma’naviy-axloqiy masalalardan xoli bo‘lmaganidek, tarixiy hamda biografik romanlarda ham qahramon taqdiri bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy muammolar aks etishi tabiiy. Masalan, O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning umri so‘nggida yoza boshlagan, ammo betobligi sababli to‘la tugallanmay, qayta ishlanmay kolgan “Osiy banda” romanida yuqoridagi barcha mavzu va muammolar qamrab olingan desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Roman yozuvchi uslubiga xos shafqatsiz realizmning yanada takomillashganidan, jamiyat illatlarining tub ildizlarini real faktlar va dalillarga asoslangan holda fosh etilishi jihatidan “Diyonat”, “Oq qushlar, oppoq qushlar” romanlariga qaraganda bir necha pog‘ona yuksaklikka ko‘tarilganidan dalolat beradi. Adib o‘tgan asrning 80-yillarida o‘zbek xalqi boshiga malomat toshi bo‘lib yog‘ilgan paxta yakkahokimligining fojiali oqibatlarini, “paxta ishi”ni vujudga keltirgan qabih siyosatning tub ildizlarini 50-60-yillar voqealari bilan bog‘lagan holda real obrazlar vositasida ochib tashlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |