Hisobot yuzasidan umumiy xulosalarimiz quyidagilardan iborat: Hisobot yuzasidan umumiy xulosalarimiz quyidagilardan iborat: – adabiy tanqidchilik, darajasi qanday bo‘lishdan qat’i nazar, ma’lum ma’noda o‘zining borligini ko‘rsatmoqda, ammo surat siyratga, saviyaga ko‘rsatkich bo‘la olmaydi; – jahon adabiyotshunosligining tajribalariga tayangan, ayni paytda, o‘zligini namoyon etuvchi milliy adabiyotshunoslik va adabiy tanqid maktabini yaratish, chinakam adabiy tanqidchilikka ega bo‘lish vazifasi hali-hanuz kun tartibida turganligi sezilmoqda; – maqolalarda qayta bayon qilish ruhi ustuvor bo‘lib, shaxsiy mulohoza badiiy qonuniyatni ko‘rsatuvchi ilmiy-nazariy xulosalarga aylangandagina, o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga xizmat qiladi; – badiiy matnni tahlil va talqin qilish adabiyotshunoslik ilmining muhim talablaridan biri bo‘lib qolmoqda; – o‘zbek adabiyotshunosligi va adabiy tanqidini adabiyot nazariyasi negizida ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish va uning tizimga solinishi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bildirilayotgan fikrlar ilmiy mezonlar asosida aytilmog‘i, bu esa mudrab turgan adabiy tanqidning uyg‘onishiga turtki bo‘lmog‘i zarur. “Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son YO‘LDOSH SOLIJONOV. YIL XIRMONI, HOSIL SIFATI (2012 YIL ROMANLARI TAHLILI) (2013) YO‘LDOSH SOLIJONOV. YIL XIRMONI, HOSIL SIFATI (2012 YIL ROMANLARI TAHLILI) (2013) 2012 yil xalq xo‘jaligining barcha sohalaridagi singari badiiy adabiyotda ham g‘oyat samarali bo‘ldi. Bu jihatdan adabiyotimizning gultoji hisoblangan roman janrining xirmoni ham miqdori, ham sifatiga ko‘ra avvalgi yillardagidan qolishmaydi. Mavzularning rang-barangligi, adabiy aholi toifasining yangiligi, xarakterlar xilma-xilligi, badiiylik mezonlari va muammo yechimidagi o‘ziga xoslik roman janrining yil sayin imkoniyatlari kengayib, jahon miqyosiga chiqish yo‘llarini izlayotganidan dalolat beradi. O‘tgan yili birgina “Sharq yulduzi” jurnalining o‘zida 6 ta – Nazar Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li”, Asal Dilmurodning “Rang va mehvar” romanlari to‘la, Komil Avazning “Sozanda”, Hakim Sattoriyning “Sog‘inch” (har ikkala roman keyinroq alohida kitob holida nashr etildi), Nurali Qobulning “Taxt tagidagi zindon”, G‘ulom Karimiyning “Langar fojiasi” romanlaridan parchalar e’lon qilindi. Bular qatoriga poytaxt nashriyotlarida chop etilgan O‘zbekiston Xalq yozuvchilari Odil Yoqubov va Tohir Maliklarning “Osiy banda” hamda “Samum”, Sa’dulla Siyoevning “Ahmad Yassaviy”, Bahodir Xudoyberganovning “Ayol armoni” (barchasi “O‘zbekiston”), N.Karimovning “Mirtemir” (“Merius”), Abduqayum Yo‘ldoshevning “Bankir” (“Tafakkur qanoti”), Olimjon Hayitning “Arosatlar oroli” (“Yangi asr avlodi”) hamda viloyatlar va xususiy nashriyotlarda bosilib chiqqan ko‘plab romanlarni ham qo‘shadigan bo‘lsak, yil xirmonining salmog‘i yanada ortadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |