Tushuntirish. OITSning zararli mohiyatini mashg‘ulotlar, uchrashuvlar, seminar-treninglar va matbuot materiallari vositasida keng jamoatchilikka tushuntirib borish kerak bo‘ladi. Bu usulning mafkuraviy jihati shundaki, OITS bilimsizlik, axloqsizlik natijasida yuqadi va uning oqibati o‘lim bilan tugashidadir. SHu sababli OITSning zararli mohiyati haqidagi ma’lumotlarni odamlarning yosh xususiyatini hisobga olib taqdim qilish maqsadga muvofiqdir. Masalan, maktab o‘quvchilariga 5-4 –sinflarda oddiyroq, akademik litsey va kollej o‘quvchilariga kengroq, oliy ta’lim muassasalari talabalariga ilmiyroq va katta yoshdagilarga umumiyroq mashg‘ulot berish kutilgan samarani berish mumkin. Bundan maqsad aholining keng qatlamiga OITS balosi to‘g‘risida bilim berishdir. Bu haqda yoshlarning ma’lumotga ega bo‘lishi najot qal’alaridan biri hisoblanadi.
Boshqa balolardan farqli o‘laroq OITS kasalligi axloqsizlik tufayli yuqadi. Mazkur masalani jamoatchilikka aniq tushuntira olishimiz kerak. SHu ma’noda OITS balosiga giriftor qilayotgan fohishabozlik, ichkilikbozlik, taksomanlik va gigien qoidalariga rioya qilmaslik axloqsizlik ko‘rinishlaridir. SHunisi borki, bu axloqsizlik ko‘rinishlari ba’zan to‘qlikka sho‘xlik yoki ayrim g‘alamis kimsalarning harakatlari natijasida tanlanmoqda. Bu ikki illatni mudom fosh qilib, borishimiz kerak.
OITS kasalligining oqibati o‘limdir. Bu haqiqatni aniq idrok etib olish kerak. Hayotni sevish unga ishtiyoqmandlik, o‘lim sabablarini ortga surishi aniq. SHu ma’noda inson irodali bo‘lishi kerak. Faqat va faqat iroda odam bolasini g‘oliblikka olib chiqadi.
Ma’naviy tahdidlarning oldini olishda bir necha yo‘nalishlar, usullar va asoslar mavjud. Ularni amalga oshirish esa bir yoki ikki tashkilotning emas, balki butun bir davlat va jamiyatning ishidir. Davlatning vazifalarini davlat tashkilotlari, jamiyatning vazifalarini jamoat tashkilotlari bajaradilar. Tarbiya, ma’naviyat va mafkura masalasida, turli xil ma’naviy va mafkuraviy tahdidlarning oldini olish borasida tashkilotlarning yuridik maqomi katta ahamiyatga ega emas. Eng asosiysi, maqsadga erishish. YA’ni davlat tashkilotlari bu ishni bajaradi-yu, bunisini bajarmaydi, yoki jamoat tashkilotlariga mana bunday vazifalarni amalga oshirish yuklatiladi-yu, boshqasini bajarish mumkin emas, degan qat’iy taqiqlar yo‘q. Har bir tashkilot o‘zining nizomi va dasturida ko‘rsatilgan funksional vazifalaridan kelib chiqib ish olib boraveradi. CHunki bu – yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, xalqimizning farovonligi masalasi hammamiz uchun birdek qadrli va muhim vazifadir.
Ma’anaviy tahdidlarni bartaraf qilib borishga doir bir qator qarashlar tizimi mavjud. Albatta, ijtimoiy-falsafiy va ilmiy adabiyotlarda ma’naviy tahdidlar tushunchasi davr taqozosi va tarixiylik nuqtai nazardan “tahdid”, “xavf-xatar”, “qo‘rquv” kabi bir necha atamalar bilan tilga olingan. Buni e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda ma’naviy tahdidlarni bartaraf qilishga doir eng muhim qarashlarni tahlil qilish bilan cheklanamiz.
Ma’naviy tahdidlarni bartaraf qilish muammosi Birinchi Prezidentning diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda. U kishining konsepsiyasiga ko‘ra, ma’naviy tahdidlarni “fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya va jaholatga qarshi ma’rifat bilan” bartaraf qilish mumkin.[65] Bu muhim qarash bo‘lib, hozirgi ma’naviy-mafkuraviy foliyatimizda metodologiya vazifasini o‘tamoqda.
1. Fikrga qarshi fikr.Har bir kishida haqqoniy va asosli mustaqil fikr hamda dunyoqarashni shakllantirish kerak. Buning uchun uning bilim va malumotdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Inson Internet xabarlarini o‘qish, DVD, CD ko‘rish bilan bilimli va zamonaviy madaniyatli bo‘lib qolmaydi. Aksincha, ilmiy-nazariy bilimlarni egallash insonni sharaflaydi. SHu sababli qadimiy obidamiz “Avesto”da “Bilim – ko‘zning chirog‘i,” – deb uqtirilgan.[66] Buning ma’nosi shuki, faqat bilim vositasida insonning ko‘zi ochilishi, ya’ni mustaqil fikr va dunyoqarashga ega bo‘lishi mumkin. SHu ma’noda mustaqil fikrga va dunyoqarashga ega odam biryoqlama, g‘arazli va zararli fikrlarni farqlay oladi. Bu “fikrga qarshi fikr” tamoyilining mazmunidir.
2. G‘oyaga qarshi g‘oya. Inson ongida uning o‘zi va o‘zgalarga manfaat keltiradigan tushunchalar tarkib topishi kerak. Biror shaxs insonda ezulikka nisbatan yovuzlikning ustuvor bo‘lishini isbotlab berolgan emas. Aksincha, insonning beg‘ubor bolalik davrini boshdan kechirishi uning ongida ezgulik ustuvor ekanliini ko‘rsatadi. SHu ma’noda inson ongi yovuz va johil g‘oyalardan himoya qilinishi kerak. Jamiyatimizda bu ish milliy g‘oya asosida amalga oshirilmoqda. Demak, milliy g‘oya asosida inson ongida ezgulik, adolat, haqiqat va mas’uliyat g‘oyalarini shakllantirish bilan uni yovuzlik, jaholat, nodonlik va befarqlik kabi illatlardan himoya qilish mumkin. Milliy g‘oyaga ega inson yovuz g‘oyalarni farqlay oladi, bu “g‘oyaga qarshi g‘oya” tamoyilining mazmunidir.
3. Jaholatga qarshi ma’rifat. Inson bu dunyoning sir-asrorlarini o‘ziga etarli darajada anglashi, o‘zining kim ekanligini bilishi va hayot mazmunini tushunishi kerak. Bugungi kunda buning yagona yo‘li professional shaxs sifatida voyaga etish bo‘lib qoldi. Professional shaxs bo‘lish uchun o‘z nafsini tiya bilish, kasb mahoratini egallash va odam bo‘lib yashash ko‘nikmasini hosil qilish kerak. Bularning barchasi bir so‘z – bilmoq (ma’rifat) zamirida jo bo‘lgan. SHu ma’noda bilgan kishi jaholat, nodonlik va yovuzlikka qo‘l urolmaydi. Bu “jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyilining mazmunidir.
Zero, I.Karimov ma’naviy tahdidlarni asosli Fikr, G‘oya va Ma’rifat bilan bartaraf etish masalasini ilgari suradi. CHunki Fikr, G‘oya va Ma’rifat har qanday shaxsni, jamiyatni himoya qila oladi. SHu sababli Prezident ma’naviy qadriyatlar masalasiga alohida diqqatni qaratadi. Unga ko‘ra, ma’naviy qadriyatlarga tayanib milliy o‘zlikni saqlab qolish mumkin.[67] Negaki “biron bir jamiyat ma’naviy imkoniyatlarni, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qoidalarni rivojlantirmay hamda mustahkamlamay turib o‘z istiqbolini tasavvur eta olmaydi”.[68] Voqean, xalqimiz ma’naviy va axloqiy qadriyatlarida vatanparvarlik, insonparvarlik, milliy iftixor, bag‘rikenglik kabi xususiyatlar ustuvordir. Ularni izchil targ‘ib qilib borish bilan ma’naviy tahdidlarga g‘oyaviy zarba berish mumkin. CHunki “o‘zbek xalqi Ruhining tiklanishi, millat ma’naviy-axloqiy ideallarining shakllanishi chuqur milliylik bilan umuminsoniylik chambarchas bog‘liq bo‘lgan hodisadir. O‘zbekistonda yashayotgan xalqlar o‘ziga xoslikni yo‘qotmagan holda, umumiy ruhiyatga, xulq-atvor falsafasiga ega bo‘lmoqdalar”.[69]
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2014 yilda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigida bugungi kunning biz bilgan va bilmagan murakkabliklari yaqqol ochib, tushuntirib berildi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida ham bu masalaga alohida urg‘u berilib, “Bugun biz boshimizdan kechirayotgan o‘ta tahlikali va qaltis zamonda, yon-atrofimizda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda eng katta va bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek saqlash, millatlar va fuqarolar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, doimo hushyor va ogoh bo‘lib, tinchlik uchun kurashib yashash hal qiluvchi ahamiyatga ega”ligi alohida uqtirildi. Madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ana shu masalani chuqur aks ettirish vazifasi yuklatildi. Demak, mana shu zamon va sharoit Sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Adolat va ozodlik dasturingiz va rahbaringiz bo‘lsin. Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir”, degan da’vati aynan hozir aytilishini taqozo qilmoqda. Bu da’vat bugun nafaqat jurnalistlarga, balki har bir ziyoliga, har bir bog‘cha tarbiyachisiga, maktab, kollej, institut, universitetning professor-o‘qituvchisiga, “Kamolot” etakchisiga, mahalla maslahatchisiga, faoliga, internet provayderiga, san’atkorga, nuroniyga, har bir ota-onaga – barcha daxldorlarga qaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |