1. Milliy g‘oyani ilmiy o‘rganish zarurati.
2. Umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan yangi demokratik jamiyat qurishda milliy g‘oyaning roli.
3. Milliy g‘oyaga falsafiy yondashuv.
Hozirgi davrda g‘oyaviy-mafkuraviy ishlar samaradorligini oshirishda yangicha texnologiyalari va vositalari hamda jamoatchilik bilan ishlash usullarini ishlab chiqish muhim metodologik ahamiyat kasb etadi. CHunki bugungi kunda g‘oya va mafkura maydoniga yangi texnologiyalarni tobora takomillashib kirib ketayotganligini, undan sog‘lom va nosog‘lom maqsadlarda foydalanishga urinishlar davom etayotganligini kuzatish mumkin. Bu esa O‘zbekiston olimlarini milliy g‘oya va ma’naviy-ma’rifiy ishlarga, uning samaradorligini oshirish uchun yangi usul-yondoshuvlarlarga tayanib ish ko‘rishga undamoqda. Bunday usul-yondoshuvlarni hisobga olish muhim g‘oyaviy–ma’naviy masalaga aylandi, hamda O‘zbekistonni mustaqil tarraqqiyot yo‘lidan rivojlanishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ayni shu ma’noda g‘oyaviy-mafkuraviy ishlarda ilmiy usul-yondoshuvlarni tanlashda mamlakatimiz taraqqiyotiga xos dalillarni tizimlashtirish, xalqimiz tarixi, milliy-ma’naviy va umuminsoniy qadriyatlarni xolisona yoritish, o‘quvchi-talabaning ko‘z o‘ngida yuz bergan va yuz berayotgan oddiy voqea-hodisalarni mantiqiy izchillik asosida tahlil qilish ijobiy natija beradi.
Milliy g‘oyaga falsafiy yondoshuv va tamoyillar tizimining asoslari bevosita amaliy faoliyat bilan bog‘liq. SHuning uchun ham milliy g‘oyani ilmiy o‘rganish, o‘qitish va targ‘ib-tashviq qilishda turli konkret vazifalarni hal qilishning zaruriy shartlaridan biri universal xususiyatga ega bo‘lgan umumiy falsafiy yondoshuv va tamoyillarga murojaat qilish muhim ahamiyatga ega. Bu yondoshuv va tamoyillar haqiqatni anglashda umumiy yo‘lni ko‘rsatadi. Mazkur yondoshuv va tamoyillarga falsafaning qonun va kategoriyalari, kuzatish va tajriba, taqqoslash, analiz, sintez, induksiya, deduksiya kabi tadqiqot usullari hamda muvofiqlik, to‘ldiruvchanlik, yaxlitlik, modellashtirish va tarixiylik tamoyili hamda sistemali yondashuv va h.k.lar taalluqlidir. Agar maxsus yondoshuv va tamoyillar milliy g‘oyani ilmiy o‘rganish, o‘qitish va targ‘ib-tashviq qilish qonuniyatlarini o‘rganishning xususiy usullari sifatida namoyon bo‘lsa, falsafiy yondoshuv va tamoyillar shu ob’ektlarda namoyon bo‘ladigan, alohida xususiyatlardagi harakat, taraqqiyotning eng umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi. Aynan shu o‘rinda tajriba hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Har bir yondoshuv va tamoyillar milliy g‘oyani ilmiy o‘rganish, o‘qitish va targ‘ib-tashviq qilishda ularning alohida o‘ziga xos tomonini bilishga imkoniyat yaratadi.
Ontologiya falsafaning nazariy sohasi bo‘lib unda "borliq nima", "yo‘qlik nima", "inson, tabiat, jamiyat borlig‘ining ma’nosi nimada", "Moddiy va ma’naviy borliq nima, ular o‘zaro qanday bog‘langan va qanday rivojlanadi" kabi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi. Asl falsafa fanning o‘zigina emas, balki borliqqa donishmand ko‘zi bilan qaraydigan eng yuksak elitar madaniyat shakli, dunyoqarashning o‘ziga xos tarixiy tipidir. Demak, falsafa yoshlarga faqat bilim (informatsiya) beradigan, uning fikrini boyitish bilangina cheklanadigan soha emas, balki uni hayotga donishmand ko‘zi bilan qarash sirlaridan bohabar etadigan sohadir.
Milliy g‘oyani ilmiy o‘rganish, o‘qitish va targ‘ib-tashviq qilishda qo‘llaniladigan metodlar jumlasiga etnometodologiya, ijtimoiy eksperiment, shakllantiruvchi eksperiment, ideografik metod, dialog, tushunish va oqilona (intensional) tushuntirish, hujjatlarni tahlil qilish, so‘rovlar o‘tkazish, proektiv metodlar, testlash, biografik va avtobiografik metodlar, sotsiometriya metodi, o‘yin metodlari, kumatoid, «Case studies», abduksiya, evristika va boshqalarni kiritish mumkin.
Falsafiy adabiyotlarda, shu jumladan falsafiy qomuslar va lug‘atlarda «gnoseologiya» atamasi «bilish nazariyasi» deb tarjima qilingan. «Gnoseologiya» yunoncha gnosis – bilim, ilm va logos – ta’limot, ya’ni bilish haqidagi ta’limot degan ma’noni anglatadi. SHu bilan bir qatorda, ayni shu mazmunni ifodalash uchun G‘arb faylasuf olimlari asarlarida «epistemologiya» so‘zi ham ishlatiladi. MDHda chiqqan adabiyotlarda epistemologiya asosan ilmiy bilish nazariyasi sifatida talqin qilinadi. Milliy g‘oyani ilmiy o‘rganish, o‘qitish va targ‘ib-tashviq qilishda gnoseologiyaning ham epistemologiyaning ham o‘ziga xos o‘rni mavjud. CHunki gnoseologiya milliy g‘oyaning asl mazmun-mohiyatini ratsional bilish, bu boradagi inson bilimlarining chuqurlashuvi va milliy g‘oyani o‘qitish va targ‘ib-tashviq qilishda muhim metodologik ahamiyat kasb etadi. Hissiy va aqliy bilish jarayoninig dialektik birligi haqiqatga erishishning birdan-bir yagona yo‘li sanaladi. Haqiqat borliqni to‘la va chuqur bilishning oliy shaklidir.
Aksiologiya – (yunon. axio – qadriyat va logos – fan, ta’limot) atamasi ilmiy bilimlar sohasiga o‘tgan asrning ikkinchi yarmida, nemis qadriyatshunosi E.Gartman va fransuz olimi P.Lapi tomonidan kiritilgan. Qadriyat masalasi aynan Suqrot davridan boshlab alohida falsafiy muammo sifatida o‘rganib kelingan bo‘lsada aynan aksiologiyani soha sifatida shakllantirilishi qadriyatlarni ilmiy tadqiq etish imkonini kengaytirdi. SHu ma’noda aksiologiyani qadriyatlar haqidagi fan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Qadriyatshunoslik”, deb atash mumkin. «Qadriyat» mazkur fan uchun unga nom bergan asosiy tushunchadir. Akseologiya aksiologik ong, qadrlash tuyg‘usi, qadriyatlarni o‘rganish, qadriyatli yondashuv va boshqa masalalar asosida to‘plangan qadriyatlar to‘g‘risidagi bilimlar tizimidir. U yaqingacha, muayyan falsafiy fan darajasiga etgan ilmiy soha sifatida, yaxlit holatda bayon qilinmagan edi. Sobiq ittifoqda xususan mamlakatimizda ham 60-yillargacha, bu sohada tadqiqotlar olib borilmadi, 90-yillargacha falsafiy qo‘llanma va darsliklarda ham alohida mavzu sifatida o‘z o‘rnini topmadi. Hozirgi paytda, respublikamizda falsafiy bilimlar tizimiga umuminsoniy qarash vujudga kelayotganligi sababli, aksiologiyaga nisbatan ijobiy munosabatlar yuzaga keldi. YA’ni qadriyatlar mavzusiga alohida e’tibor berilmoqda.
Mustaqillikni mustahkamlash, respublikada umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan yangi demokratik jamiyat qurish jarayoni bu sohani yanada rivojlantirish zaruratini yuzaga keltirdi. Ayniqsa o‘tish davrida qadriyatlarni qayta baholash, azaliy sharqona qadriyatlarni tiklash, asrab-avaylash va kelajak avlodlarga meros qoldirish, reforma va o‘zgarishlarning qadriyatli mezonlarini aniqlash, muammolarni hal qilishning ana shu mezonlarga mos usullarini qo‘llash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilyotganligi e’tiborga molikdir. Ularni echish aksiologiya mavzulari doirasida milliy g‘oyani ilmiy o‘rganish, o‘qitish va targ‘ib-tashviq qilishni talab etadi. Bu yo‘nalishdagi tadqiqot va izlanishlar mavzuning yangi qirralarini ochib berishga imkon yaratadi. Milliy g‘oyani asosini tashkil etuvchi milliy qadriyatlar murakkab ijtimoiy-madaniy hodisa bo‘lib, u millatning tili, madaniyati, tarixi, urf odatlari, an’analarini, jamiki moddiy va ma’naviy boyliklarini, iqtisodiy, ijtimoiy siyosiy hayotining barcha tomonlarini qamrab oladi. CHunki har bir ruhan sog‘lom kishida o‘z qadr qimmatini saqlash, o‘zini hurmat qilish tuyg‘usi mavjud. Har bir millatda ham xuddi shu holatni ko‘ramiz. Millatlarning o‘z o‘zini anglash jarayoni takomillashgan sari milliy manfaatlar ham, milliy qadriyatlar ham kuchayib, mustahkamlanib boraveradi. Biroq, milliy qadriyatlarning e’zozlanishi va kuchayib borishi zinhor milliy hudbinlikka, manmanlikka olib kelmasligi kerak. SHuning uchun ham bu masalada xushyorlik, nazokat, insof, diyonat, bag‘rikengliq sahovat talab qilinadi. Zotan, milliy qadriyatlarning o‘zi ayni paytda, mintaqaviy yoki umuminsoniy qadriyatlarning uzviy qismidir. Milliy g‘oya hozir ham, kelajakda ham hamjihatlik tenglik teng huquqlikka, ijtimoiy adolat va insonparvarlikka chorlovchi g‘oya bo‘lmog‘i zarur. Mansabparastlik, tarafkashlik, guruhbozlik, mahalliychilik bularning hammasi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, siyosiy taraqqiyotimiz, mustaqilligimiz uchun nihoyatda xatarlidir. Bular milliy ongi, madaniyati, milliy g‘ururi zaif bo‘lgan kishilarga xos xususiyatdir. Do‘stlik hamjihatlik milliy hamkorlik bir-birini qo‘llab-quvvatlash, dardiga darmon bo‘lish—bular har bir xalq va millat kuch-qudratining asosi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy taraqqiyotning negizidir. Milliy ahillik bo‘lgan joyda tinchlik osoyishtalik bo‘ladi. Inson qadr-qimmati, sha’ni, tuyg‘ulari oliy qadriyat sifatida aynan milliy g‘oyada aks etishi va yanada yuksak cho‘qqiga olib chiqilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |