401
Bolalar folklorining mazmun-mohiyati haqida O‘zbekiston Milliy
Ensiklopediyasida quyidagi
maʼlumotni uchratamiz: “Bolalar folklori — og‘zaki ijod namunalaridir. Odatda, bolalar yoki ular uchun
kattalar tomonidan yaratiladi. Folklor janrining tarkibiy qismi. O‘zbek bolalar folklori alla, ertak,
ermaklar, tez aytish, topishmoq, bolalar o‘yin qo‘shiqlari,
erkalama, masxaralama va b.ni o‘z ichiga oladi.
Bolalar folklori bolaning tinglashiga, aytib yurishiga, o‘yinga, qo‘shig‘iga moslangan bo‘ladi
1
”. Demak,
bolalar folklori og‘zaki ijodning bir qismi sifatida uni boyitib turadi. Bolalar folkloriga tegishli matnlar
kattalar tomonidan ham yaratilishini inobatga olsak, ularning bir-biriga taʼsiri yaqqol aʼyonlashadi. Аytish
mumkinki, bolalar poetik ijodi umumfolklor bag‘rida tug‘ilib, u bilan baravar o‘sib-ulg‘aya borgan.
Voyaga yetgach esa alohida yo‘nalish sifatida ajralib chiqqan. Folklorshunos olimlar bolalar folklorining
yuzaga kelish omillari va uning tasnifini turlicha izohlashadi. G.S.Vinogradov “Bolalar folklori va
hayoti” asarida: “Xalq ommasi orasida bolalar hayoti o‘ziga xos anʼanaviy xususiyatlarga ega.
Bolalar
yashashadi va o‘zlarini alohida dunyo deb bilishadi. Ular kattalarning ishtirokidan qatʼi nazar, o‘yin
o‘ynaydilar, o‘yinlarni o‘rganadilar, ularni "to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyuklardan" yemas, balki ko‘pincha
ulardan eng katta sir saqlagan holda "akasidan" meros qilib, raqsga tushishni o‘rganadilar; atrofdagi
tabiatni bilish har doim ham "katta" taʼsiri va rahbarligi ostida amalga oshirilmaydi
2
, – deya fikr bildiradi.
Olim bolalar folklori shakllanishida kattalar rolini butunlay inkor etmaydi, ammo bolalarning ham o‘ziga
xos olami borligini taʼkidlaydi. Vinogradov bolalar og‘zaki ijodi faqat
kattalarning ularga aytgan
aytimlaridan iborat bo‘lmay, o‘z ijodkorligi ham mavjudligiga urg‘u beradi. Darhaqiqat, bolalar
folklorining alohida qismi hisoblangan o‘yinlar tabiatini o‘rganar ekanmiz, G.S.Vinogradov qarashlarida
asos borligining guvohi bo‘ldik. “Аlmash qadamlar”, “Sirg‘anchiq va toyinishma”, “Ona tovuq va
hakka”, “Jik-jik”, “Bekinmachoq”, “Quvlashmachoq” kabi harakatli o‘yinlar u yoki bu hodisaga
bolalarcha taqlid zamirida yuzaga kelgan hamda ularning aksariyati katta aka-opalardan kichik uka-
singillar o‘rganishi asosida bugungi kunga qadar yashab kelmoqda. Maʼnaviy so‘z o‘yini hisoblangan
chandish va guldur-guplar esa bolalarning o‘zlari bevosita ijod qilgan folklor hodisalari bo‘lib,
ijodkorlarning sho‘x va quvnoq tabiati, hozirjavob-u topqirligidan dalolat beradi.
O.I.Kapitsa G.S.Vinogradov qarashlarini eʼtirof etgan holda bolalar folklorining shakllanishini
bolalik xususiyatlarining umumiyligi bilan bog‘laydi. Bolalar folklorini mustaqil soha sifatida baholash
uchun ikki omil – bolalar hayoti va bolalar ruhiyati muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlaydi. Bolalar
folklorini hayotiy vaziyat fonida kundalik hayot bilan bog‘liq holda, shu bilan birga, bola ruhiy
hayotining barcha xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘rganish kerakligini uqtiradi: “Bolalar hayoti
kattalar hayotini faqat qisman aks ettiradi, lekin uning ko‘p jihatlari kattalardan mustaqil ravishda
rivojlanadi va bolalik xususiyatlarining umumiyligi bilan bog‘liq. Bolalarning kognitiv qobiliyatlari,
qiziqishlari, badiiy tasvirlarni idrok etishlari kattalarnikiga o‘xshamaydi va bu bolalar o‘rtasida
yashaydigan og‘zaki ijod asarlarida o‘ziga xos iz qoldiradi
3
”. O.I. Kapitsa matn tashuvchilarning ikkita
guruhi mavjudligini taʼkidlaydi. Birinchi toifaga tug‘ilgandan 5-6 yoshgacha bo‘lgan
bolalarga
g‘amxo‘rlik qiluvchi va tarbiyalovchi kattalar kirishini ko‘rsatadi. Ular aytgan asarlar bolalar tomonidan
idrok etiladi. Ikkinchi guruh esa 5 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘z ijodini aks ettiradi.
Ammo barcha asarlar bir butunlikni - bolalar folklorini tashkil qiladi. Kattalar tomonidan bolalarga
aytilgan qo‘shiqlar(alla, erkalama, ovutmachoq kabilar) ko‘proq tarbiyaga yo‘naltirilgan bo‘lib, bolalar
idrok qilganlarini, ularning ehtiyojlari va qiziqishlariga mos keladigan narsalarni xotirada saqlab
qoladilar, qolaversa, mazkur jarayonlar avloddan avlodga o‘tishi bilan ham xarakterli.
Bolalar folklori tasnifida V.P.Anikin qarashlari ham eʼtirofga loyiq. Uning tasnifi genetik prinsipga
asoslanadi. U asarlarning uch guruhini ajratadi: 1) bolalar uchun kattalar sheʼriyati; 2) kattalar folkloridan
chiqib ketgan va bolalar tomonidan o‘zlashtirilgan asarlar; 3) bolalarning shaxsiy ijodi.
Rus bolalar folklori va folklorshunosligining shakllanishi va tan olinishi uchun salkam ikki asrlik
izlanish va g‘ayrat zarur bo‘ldi. Shuncha muddat davomida rus bolalar folklori mamlakatning turli
joylaridan qayta-qayta yozib olindi, nashr etildi. Natijada ularni biri-biriga chog‘ishtirish asosida qanday
transformatsion jarayonlarni kechganligini, bolalar va kattalar repertuarining o‘zaro
munosabatlarini
ochishga xizmat qiluvchi xususiyatlarini, bolalar repertuariga xos jarayonlarni tadqiq etish, bolalar
folklorini tasnif qilish va bu sohadagi terminologiyani folklorshunoslik negizini tartibga solish
imkoniyatlari yaratildi.
1
Ўзбекистон Миллий Энциклопедияси. Б ҳарфи. - Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси
Давлат илмий нашриёти. 496-б
2
Виноградов Г. Детский фольклор и быт. Программа наблюдений. Иркутск, 1925. Cт.7.
402
3
Капица О.И. Детский фольклор. Л., 1928. Cт.6.
O‘zbek bolalar folklori va folklorshunosligining shakllanishida ham rus olimlari qarashlari hamda
tadqiqotlari munosib hissa qo‘shdi. M.S.Аndreev O‘rta Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan «Havzak-
havzak» ovutmachog‘ining 13 namunasini to‘plab, nashr ettirdi. O‘zbek bolalari o‘yinlarini, mavsum va
marosimlarga oid o‘yin qo‘shiqlarini va o‘yinchoqlarini to‘plash va etnografik jihatdan o‘rganishda Y.M.
Peshcherova alohida g‘ayrat ko‘rsatdi . N.P.Ostroumov va А.Vasilyev, er-xotin N. va M.Nalivkinlar,
N.Burzinskiy kabi tadqiqotchilar ham o‘zbek bolalar folklori to‘planishi va nashr etilishida xizmat
ko‘rsatishdi. Аmmo milliy bolalar folklorining o‘ziga xos xususiyatlari, janriy tarkibi, genezisi kabi
masalalarni o‘zbek folklorshunos olimlari tadqiq etishdi.
Yetuk folklorshunos olim O.Safarov namunalarni to‘plash va nashr qilish bilan cheklanib qolmay,
bolalar folklorining ilmiy
nazariy asoslarini belgilash, genezisi, janriy tarkibi va badiiyatini tekshirishga
bel bog‘ladi. Olim bolalar folkloriga quyidagicha taʼrif beradi: “Bolalar folklori – kichkintoylar olami
bilan kattalar dunyosining o‘zaro uyg‘unlashuvi oqibatida yuzaga kelgan o‘yinlar, qo‘shiqlar va muzikali
poetik janrlarning yaxlit bir tizimiga aylangan xalq og‘zaki ijodiyotining o‘ziga xos tarmog‘idir”
1
.
O.Safarov kattalar va bolalar folklorida o‘ziga xos vorislik halqasi mavjudligini taʼkidlaydi. Bu vorislik
bolalar folklorining kattalar folkloriga muteligi qobig‘ida o‘ralib qolmay, balki mustaqil ijodiy
o‘zlashtirish, o‘sish va boyish negizida ko‘chib, o‘zbek bolalar folklorining, jumladan, qo‘shiqchiligining
taraqqiyotiga o‘ziga xoslik bag‘ishlashini aytib o‘tadi. O‘z fikrini “Boychechak”, “Chittigul”, “Binafsha”,
“Oppoqijon” kabi mavsum qo‘shiqlarining XX asr boshlarida kattalar folkloridan bolalar repertuariga
o‘tganligi bilan izohlaydi.
O.Safarov bolalar folklorini genetik asoslariga ko‘ra uch qismdan tarkib topgan hodisa sifatida
baholaydi:
1.
Erkalash poeziyasi. Bunga alla, aytim-olqish, ovutmachoq, erkalama, qiziqmachoqlarni kiritib,
ularda erkalash leytmotiv bo‘lganligini taʼkidlaydi. Erkalash poeziyasi namunalarini ijro maqsadi, o‘rni
va bola yoshiga munosabatiga ko‘ra ikki guruhga ajratadi. Birinchisi beshik qo‘shiqlari bo‘lib, unga
allalar, etnografik mazmundagi aytim olqishlar(uch yoshni to‘ldirguncha aytiladi) kirsa, ikkinchisi suyish
qo‘shiqlari deb atalib, erkalama, ovutmachoq, qiziqmachoq, qaytarmachoq(6-7 yoshga to‘lguncha
aytiladi) kabi janrlarni o‘z ichiga oladi.
2.
Bolalar taqvimi va uni ifoda etuvchi marosim qo‘shiqlari. Bahor, yoz, kuz, qish mavsumlari
bilan bog‘liq bunday qo‘shiqlarning bir qismi ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot taqozosiga ko‘ra kattalar
repertuaridan bolalar repertuariga o‘tib qolgan.
Qolaversa, ibtidoiy ajdodlarimizning animistik va
totemistik eʼtiqodlari asosida shakllanib, endilikda o‘sha mohiyatni yo‘qotgan yalinchoq va hukmlagich
janrlari bolalar repertuarida saqlanib qolgan.
3.
Bolalarning o‘z ijodkorligi va ijrochiligi hosilasi bo‘lgan qo‘shiqlar va o‘yinlar.
O.Safarov o‘zbek bolalar folklorining asosini o‘yin va qo‘shiqlar tashkil etishini, ularni so‘z va
harakatning nisbatiga ko‘ra bolalarning maishiy qo‘shiqlari hamda bolalarning o‘yin folklori kabi
guruhlarga ajratish kerakligini taʼkidlaydi.
Ko‘rinadiki, o‘zbek bolalar folklori xalq og‘zaki ijodining tarkibiy qismi bo‘lib, o‘ziga xos
xususiyat va fazilatlarga ham ega. Ularni to‘plash, nashr qilish va tadqiq etish esa dolzarb masala
hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: