MA’RUZA MATNI
1-MODUL
HAYOT FAOLIYATI XAVFSIZLIGINING NAZARIY ASOSLARI
MAVZU: HAYOT FAOLIYATI XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH ASOSLARI
Reja:
1. Hayot faoliyati xavfsizligi haqida tushuncha.
2. Hayot faoliyati xavfsizligi fanining maqsad va vazifalari.
3. Inson hayotiga tahdid soluvchi xavflarning turlari.
4. Xavfsizlikni ta’minlash yo‘llari va usullari.
Tayanch so‘zlar: hayot faoliyati xavfsizligi, hayotiy faoliyat, faoliyat, mehnat, xavfsizlik, xavf-xatar, xavf, sabab, oqibat, salomatlikka tahdid, nomutanosiblik, diskomfort, baxtsiz hodisa, gomosfyera, noksosfyera.
Hayot faoliyati xavfsizligi haqida tushuncha.
Ma’lumki, insonni turli xavf – xatarlardan muhofaza qilish muammosi Yer yuzida dastlabki odamlar paydo bo‘lishlari bilan bir vaqtda yuzaga kelgan. Bu muammo hozirgi kunga qadar ham insoniyat oldida keskin bo‘lib turibdi va kundan kunga xavfsizlik masalasi yanada ko‘proq e’tiborni talab etmoqda. Agar bashariyatning ilk davrlarida insonga asosan tabiiy xususiyatli xavf-xatarlar tahdid solgan bo‘lsa, keyinchalik vaqt o‘tishi bilan inson o‘z qo‘llari bilan yangi – yangi xavf manbalarini yarata boshladi. Ishlab chiqarish jarayonini misli ko‘rilmagan yuksak taraqqiy etgan texnologiyalar bilan ta’minlanishi, tabiiy rivojlanishdagi ayrim noxush vaziyatlarning murakkablashuvi, insonning ishlab chiqarish va maishiy muhitdagi faoliyatida ko‘pgina zaharli va zararli moddalarning qo‘llanilishi, ularning turli xavfli vaziyatlarni keltirib chiqarishi aholining hayot faoliyatiga, atrof-muhit tozaligiga hamda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga tahdid solmoqda. Oqibatda inson hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlash ustivor vazifalardan biri bo‘lib qoldi.
Mamlakatimizda “Hayot faoliyati xavfsizligi” fani nisbatan yangi yo‘nalish bo‘lib, tobora takomillashib va rivojlanib bormoqda. Iqtisodiyotni turli sohalariga tegishli hayotiy faoliyat xavfsizligi muammolarini hal etishning qonuniy – huquqiy negizi yaratildi. Tarmoqlarning hayotiy faoliyat xavfsizligiga oid aniq talablari bo‘yicha me’yoriy texnik hujjatlar ishlab chiqildi, qabul qilindi va amaliyotga tatbiq etildi. O‘zbekiston Respublikasining “Mehnat kodeksi”, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida” gi, “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida” gi, “Ish byeruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida” gi, “Xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida” gi, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida” gi, “Aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyalardan muhofaza qilish to‘g‘risida” gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida” gi, “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida” gi, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Prezident farmonlari va boshqalar shular jumlasidandir.
Mazkur huquqiy-me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladigan islohatlar mazmun-mohiyatiga mos ravishda, kadrlar tayyorlash milliy modeli tarkibiy qismlari – shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan va ishlab chiqarish manfaatlari uyg‘unligini ta’minlash maqsadida, kadrlar tayyorlashning sifat bosqichi talablari doirasida, oliy ma’lumotli mutaxassislar malaka talablari rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda tubdan yangilandi va qayta ishlab chiqildi.
Bu fan inson faoliyatining ishlab chiqarish jarayonidagi faoliyati bilan chegaralanmasdan, uning yashash muhiti, turli xil bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen ofatlardan muhofazalanish, tabiat va insoniyat uyg‘unligini yaxshi tushunish, tabiatga mulohaza bilan, uning muvozanat zanjirini uzilib ketishidan ehtiyot qilgan holda yondashish masalalarini inson ongiga singdirish vazifasini bajaradi.
Shuningdek, turli soha mutaxassislarini mehnat muhofazasining ilmiy asoslariga doir bilimlar bilan qurollantirish va ularda o‘zlari faoliyat yuritayotgan ish joylarida mehnat muhofazasini yaxshilash muammolarini ijobiy hal etishga qiziqish uyg‘otishga, turli xavf – xatarlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri qaror qabul qilishga hamda ushbu holatlarda o‘z – o‘ziga va o‘zaro yordam ko‘rsata olish ko‘nikma va malakalarini shakllantiradi. Hayot faoliyati xavfsizligi nisbatan yangi yo‘nalish bo‘lishi bilan birga Gippokrat, Aristotel, Agrikola, M.V.Lomonosov, V.L.Kirpichev, Nikolskiy kabi bir qator xorij olimlari, buyuk o‘zbek hakimi Abu Ali ibn Sino o‘z asarlarida ham xavfsizlik masalalarini echishga asos solingan. Shuningdek, akademik V.A.Legasov o‘z ilmiy ishlarida texnosfyera rivojlanishida xavfsizlik muammolariga juda katta e’tibor qaratgan.
Masalan: Aristotel (e.a. 322-384 yy), Gippokrat (e.a. 377-460 yy) asarlarida inson sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlashda mehnat sharoitlari masalalari o‘rganilgan. 1493-1541 yillarda yashab o‘tgan buyuk tabib Parauels o‘z asarlarida tog‘ ishlari bilan bog‘liq xavflarni o‘rganadi.
Nemis metallurgi va vrachi Agrikola (1494-1555 yy) o‘zining “Tog‘ ishlari” deb nomlangan asarida konda ishlovchilarning mehnat muhofazasini keng yoritib byergan. Italyan vrachi Ramassini (1633-1714 yy) “Kulollar kasalliklari” kitobini yozish orqali kasbiy gigiena faniga asos solgan bo‘lsa, Abu Ali Ibn Sino o‘z ishlari bilan gigiena faniga asos solgan.
Hayotiy faoliyat – bu insonning yashash tarzi, mehnat faoliyati, dam olishi, umuman olganda har qanday sharoitdagi kunlik faol harakatidir.
Faoliyat - kishilik jamiyatining bor bo‘lib turishi uchun zarur bo‘lgan sharoitdir. Mehnat – inson faoliyatining eng oliy shakli hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |