Shaxsiy himoya vositalari
Shaxsiy himoya vositalari nafas a’zolarini himoya qilish vositalari (gazniqoblar, respiratorlar) va terini himoya qilish vositalariga (plashсhlar, kostyumlar, qo‘lqoplar, paypoqlar va boshqalarga) bo‘linadi.
Nafas a’zolarini himoya qiluvchi gazniqoblar filtrlovchi va ayiruvchi bo‘ladi. Filtrlovchi gazniqoblar nafas oladigan havoni zararli aralashmalardan tozalaydi. Ayiruvchi gazniqoblar odamni zaharli atmosferadan ayiradi. Ular nafas a’zolari va ko‘zni radiaktiv, kimyoviy moddalar va bakteriologik vositalardan saqlaydi. Filtrlovchi gazniqoblardan GP-5, GP-5m, GP-7, GP-7V, DP-6, DP-6m, ayiruvchilardan KIP-7, KIP-8, IP-4, IP-5 aholi uchun mo‘ljallangan.
GP-5 (fuqarolar uchun gazga qarshi niqob). Engil va qulay bo‘lib, shlem-niqobi boshning sochi bor qismini zararlanishdan saqlab turadi. Gazniqob qutichasi uning yuz qismi bilan birlashtiruvchi trubkasiz tutashadi.
GP-5 shlem niqobi 5 o‘lchamda chiqariladi, o‘lchamni aniqlash uchun santimetr lentasi bilan bosh 2 marta o‘lchanadi:
1) aylanasiga – engak orkali boshning tepa qismigacha,
2) yarim doira qilib qosh usti yoylaridan 2 quloqning teshigigacha o‘lchanadi . Bu
o‘lchovlar ko‘paytirilib, ularning yig‘indisi bo‘yicha shlem-niqob o’lchami
belgilanadi.
IP - 4 yoki IP - 5 izolyatsiyalovchi gazniqoblar quyidagi qismlardan iborat:
1) qat-qat buklanuvchi trubkali yuz qismi;
2) natriy peroksid to‘ldirilgan regenerativ patron;
3) regenerativ patronning uyasiga o‘rnatilgan va qo’shimcha gayka bilan
mahkamlangan ishga tushiruvchi briket hamda kislotali shisha ampuladan
iborat ishga soluvchi moslama;
4) nafas olish uchun rezina qop.
PDF-D, PDF-Sh-bolalar gazniqobi bo‘lib, quticha va yuzga tutiladigan qismi solingan xaltadan iborat.
PDF-D-1,5-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun, PDF-Sh-7-17 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan.
KZD – 6 bolalar himoya kamerasi bo‘lib, 1,5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun qo‘llaniladi.
Zararlangan hududda ishlayotgan vaqtda gazniqob tasodifan buzilib qolishi mumkin. Agar niqob yirtilgan bo‘lsa, shu joy qo‘l bilan mahkam berkitiladi. Maskaning yirtilgan joyi katta bo‘lsa, ko‘zoynak yoki nafas chiqarish klapani shikastlansa, ko‘z va burunni berkitgan holda quticha teshigiga og‘izni qo‘yib, og‘izdan nafas olish kerak. Gazniqob har qanday shikastlanganda ham zararlangan hududdan tashqariga chiqish va shikastlanmagan gazniqob bilan almashtirilishi kerak.
Gazniqobni ehtiyot qilish kerak; urilish, shikastlanishdan va qutichaning ichiga suv kirishidan saqlash kerak. Klapanlarning saqlanishi va holatini kuzatib turish kerak. Gazniqob uzoq muddat saqlanganda qutichaning tagidagi rezina probka bilan berkitiladi. Protivogazni zah joyda, isitish sistemasi yonida, kislotalar bilan birga ishqor va boshqa bug‘lanuvchi moddalar bilan birga saqlash mumkin emas.
Boshi yarador bo‘lganlar uchun maxsus gazniqob ShR-2 ham mavjud.
U korpusiga ko‘zoynak va klapanlar o‘rnatilgan va birlashtiruvchi trubka maxkamlangan rezina qopdan iborat. Shlemning yon tomonida uch juft tasma bo‘lib, ular shlemni boshning orqa tomonidan tortib boglash uchun xizmat qiladi. Shlemning pastki qismiga niqobni kiygandan keyin bo‘yin aylanasini mahkam berkitish uchun yoqa ko‘rinishidagi metall oburator yopishtirilgan.
Nafas a’zolarini himoya qilishning oddiy usullari.
Nafas a’zolarini radiaktiv changlardan, zaharli moddalardan va biologik moddalar aerozollaridan himoya qilish uchun respiratorlardan, matodan tikilgan chang o‘tkazmaydigan niqoblardan, paxta - doka bog‘ichlaridan va boshqalardan foydalanish mumkin. Respiratorlardan R-2, R-2D, RU-60M, ShB-1 respiratorlari qo‘llaniladi.
Respiratorlardan R-2 nafas olish, nafas chiqarish klapanlari, burun qisqichi va tasmalarga ega bo’lgan yarim niqobdan iborat.
Paxta-doka bog‘ichini aholining o‘zi tayyorlaydi. Buning uchun 100 x 60 sm lik doka olinib, eni va buyi 20 x30 sm, qalinligi 1-2sm bo‘lgan paxta solinadi, so‘ng u doka bilan o‘raladi. Dokaning uchlarini 25-30 sm dan kesib bog‘ich qilib qo‘yiladi. Bog‘ich engak, og‘iz va burun berkiladigan qilib tutiladi.
Changga qarshi matoli niqob – 1 oynali korpusdan va bog‘ichdan iborat. Niqobning korpusi matodan 4 – 5 qavat qilib tikiladi (ustki va ichki qatlami surupdan, ichki qatlami esa paxtadan ishlangan pahmoq yoki boshqa turli matodan bo‘ladi), kuradigan teshiklarga razmeri 5,5 x 4,5 smli oyna qo‘yiladi. Bog‘ich 35 x 70 sm qilib tikiladi. Changga qarshi matoli niqobni tayyorlash ko’rsatmasida 7 ta o’lcham ko‘zda tutiladi. Niqobning cheti peshanaga, chakkaga, yonoqqa va engakka zich yopishib turishi kerak.
Nafas a’zolarini saqlash uchun biron-bir vosita topilmaganda dastro‘mol, sharf, sochiq va shunga o‘xshashlar bilan og‘iz va burunni berkitish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |