Undalma alohida ohang bilan ajratilib aytilsa, undalmadan keyin vergul emas, undov belgisi qo‘yiladi.
Undalma gap boshida kelsa, undan so‘ng, o‘rtada kelsa, ikki tomondan, oxirida kelsa, undan oldin vergul qo‘yiladi.
Ma’lumki, undalmalar so‘zlovchining nutqi qaratilgan shaxs yoki predmetni bildiradi. Ular so‘zlovchining tingl ovchiga bo‘lgan xolis, ijobiy, salbiy, tantanavor, rasmiy kabi munosabatlarini ham ifodalaydi. Masalan, rasmiy uslubda qo‘llangan undalmalarda rasmiylik bo‘yog‘I sezilib turadi: Hurmatli Ahmad Rahmatovich, Sizga shuni ma’lum qilamizki... Undalmalar so‘zlashuv, badiiy va publitsistik uslublarda, asosan, emotsional-ekspressivlik bo‘yog‘iga ega bo‘ladi. Masalan: Odamlar, siz mening hayotim, Har biringiz umrim parchasi. (E. Vohidov) Bo‘tam, orqaga qayt. Manavilarni uyga tashlab, keyin boramiz. (Said Ahmad) Bunday birliklardagi undash ma’nosini yanada kuchaytirish uchun turli undovlar ham birga qo‘llanishi, undalmalar takror holda kelishi mumkin. Masalan: Ey Vatan, bag‘ringda shod Erkin o‘g‘loning bo‘lib Yurmoqni istaydir ko‘ngil. (E. Vohidov) Hoy qizginam-ey, qizginamey. Nimalar qilib qo‘yding, qizginam-ey. (O. Yoqubov) Sendan farzandingga bog‘ qolsin, ey do‘st, Bog‘ing Vatan degan nom olsin, ey do‘st. (E. Vohidov)
Undalmalar gapning ichida yoki oxirida kelganda, emotsionallik bo‘yog‘i ortiqroq bo‘ladi. Masalan: Endi sen chorlasang, toki tanda jon, Labbay deyajakman, Vatan – onajon. (A. Oripov) Oq yo‘l bo‘lsin sizlarga, yosh do‘stlarim. (E. Vohidov) Qutida, – dedi Zulayho. – Xuddi shunaqa zirak ham bor. Kumush bo‘lsa kerak-a, dada? (O‘. Umarbekov) Biz eskichasiga Hanifa deyaveraylik, o‘g‘lim, qishloqchilik emasmi, bilgan undoq deydi, bilmagan mundoq deydi. (Said Ahmad)
MASHQLAR
266-mashq. 1-topshiriq. O‘qing. Undalmalarni aniqlang. Tinish belgilarining qo‘llanilish sabablarini tushuntiring.
1. Muhtaram Umidaxon, sizni tug‘ilgan kuningiz bilan chin yurakdan tabriklayman. 2. Jahonga yuz tutgan O‘zbekistonim, sening har bir yutug‘ing mening yutug‘imdir. 3. Vatanimiz muvaffaqiyatlarini ko‘rolmaydigan quzg‘unlar, ayting, O‘zbekistonning taraqqiyotiga kim g‘ov bo‘la oladi?! (Gazetadan)
268-mashq. Undalmalardan keyin undov belgisining ishlatilishiga e’tibor berib o‘qing, undalmalarning gapdagi vazifasini aniqlang.
1. Aziz vatandoshlar! Bizning ajdodlarimiz hamisha uzoqni ko‘zlab yashaganlar.
2. Zafar! Oyimlar keldilar. (P.Q.) 3. — O‘g‘lim Yodgor! Aftidan, meni tanimading, — dedi chol. (S.A.) 4. — Sobir! Eski oshnalaringni topib keldim, — dedi Qudrat. (S.A.) 5. Aziz sinfdoshlar! Bu sharafli ishga barchamiz mas’ulmiz.
(S. Barnoyev)
269-mashq. 1-topshiriq. Tushirilgan tinish belgilarini qo‘yib gaplarni ko‘chiring.
1. So‘zla ko‘zgujon haqiqatni et bayon. 2. Aziz do‘stlar oltin va kumushi bo‘lmagan odam kambag‘al emas, balki es-hushi va kasb-hunari bo‘lmagan kishi kambag‘aldir. (Majid Havofiy) 3. Harakat sen ezgulikning haqiqiy qadr-qimmatini belgilaysan. (Sitseron) 4. Ha erka qizalog‘im sen mening kelajagim, umidimsan.
Do'stlaringiz bilan baham: |