Umumta’lim darslarda eshituv qoldig’ini rivojlantirish mazmuni va metodikasi Abdurahimova M. Abdulakova Z. Eshitish qobiliyatini rivojlantirish uchun mashqlar: Tilni idrok etishda eshitish muhim o’rin tutadi. Eshitish biologik hamda nutqiy bo'lishi mumkin. Biologik eshitish yordamida inson nonutqiy, inson ovoziga xos bo’lmagan, ya’ni atrofdagi tovushlarni (qushlarning sayrashi, shamolning huvillashi, hushtak chalinishi, hayvonlarning ovozlari, mashina signali, yomg’irning shitirlashi, qo’ng’iroqning jiringlashi va hokazo) farqlaydi. Inson nutqiy eshitish orqali esa, atrofidagi odamlar ovozlarini ajratadi, ular nima haqida gapirayotganlarini mazmunan tushunadi. Nutqiy eshitish bola yozma nutqni sifatli o'zlashtirishida yaxshi ta'sir ko’rsatadi. Eshitish qobiliyatini rivojlantirishda bilish zarur bo‘lgan amallar: • shartli harakat reaksiyasini shakllantirish; • atrof muhitdagi, olamdagi tovushlar bilan tanishtirish; • tovushlarni taqlid qilishda ularni farqlash; • bir bo‘g‘inli va ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarni farqlash; • odam ovozini boshqa nonutqiy ovozlardan farqlash; • maishiy tovushlarni tanish; • ovozlarning turli holatlari (tez–sekinligi, baland–pastligi, uzun–qisqaligi)ni aniqlash; • alohida so‘zlar va gaplarni eshitib farqlash; • nutqning ritmik intonatsiyasini farqlash. Umumta’lim darslarida o’quvchilarning eshituv qoldig’ini rivojlantirishda darsning kirish qismidan boshlashimiz mumkin. Masalan o’qituvchi dars boshlaganda o’quvchilardan: -Bugun havo qanday? -Hozir qaysi fasl? -Hozir qaysi oy? -Bugun nechanchi sana? -Bugun haftaning qaysi kuni? -Bugun kim navbatchi? kabi savollarni ekran ortidan so’rashi mumkin. Bunda albatta o’quvchilar ovoz kuchaytiruvchi moslamalardan foydalanishadi. O’quvchilar eshituv idrokiga tayangan holda savollarni eshitib, ham daktil, ham imo-ishora va albatta og’zaki nutq orqali javob qaytarishadi. Eshituv qoldig’ini hamma darslarda rivojlantirib borish maqsadga muvofiq bo’ladi. Ona-tili va o’qish darslarida matn bilan ishlaganda, atrofimizdagi olam darslarida ham tevarak-atrof bilan tanishtirishda nutqiy va nonutqiy tovushlarni idrok etish va farqlashga o’rgatishimiz mumkin bo’ladi. Musiqa va ritmika fanlarida ham enb bolalar musiqani eshitib, uning ritmiga mos ravishda harakat qilishlari, musiqiy asboblardan chiqadigan tovushlarni eshitib, bir-biridan farqlashga o’rganadilar. Eshituv qoldig’ini o’yin orqali rivojlantirish. o’yinlarni amalga oshirishdan oldin, bolajonlarni tovush–ovoz chiqarayotgan predmetlar (o’yinchoqlar, temir, shisha, yog'och, qog'oz) ularning nomlari, tovushlari bilan tanishtirish lozim. Bolajonlarga o’yin– topshiriqni bajarish shart–sharoitlarini aniq tushuntirib bering. Har safar o’yin oldidan bolakay vazifani to'g'ri tushunib olganiga ishonch hosil qiling. . «Nimaning ovozi yangradi?». O’qituvchi yoki tarbiyachi turli tovushlar chiqaruvchi uch yoki to'rtta o'yinchoq (baraban, shiqildoq, qo'ng'iroqcha, hushtak va hokazo)larni tanlaydi va ularning nomi hamda qaysi o’yinchoq qanday tovush chiqarishi bilan bolalarni tanishtiradi. Bola yuqoridagilarni egallaganidan so'ng, o'yinni boshlash mumkin. Bolakay ko'zlarini yumadi. So’ng o'yinchoqlardan biri yangraydi. Bolakay qaysi o’yinchoq jaranglaganini va nomini bilishi kerak «Ovozidan tanib ol». Stol ustida shishadan, yog'ochdan, temirdan, qog'ozdan (va boshqalar) yasalgan buyumlar bor. Bolajon ko'zlarini yumadi. O’qituvchi yoki tarbiyachi predmetlarni navbat bilan qo’liga oladi va turli xil tovushlarni: kalitlarni jaranglatib, kitobni varaqlab, qalamni stolga urib taqillatib, gazetani xishillatib, suvni piyoladan piyolaga quyib shildiratib chiqaradi. Bola ovoz chiqarilgan predmet nomini ko’rmasdan eshitib aytishi lozim. «Mehmonlarni kutib ol!» Bu o’yinni amalga oshirish uchun uchta o'yinchoq: quyoncha, ayiqcha va maymuncha va unga mos uchta ovoz chiqaruvchi o'yinchoq–shiqildoq, qo'ng'iroqcha, hushtak tanlab olinadi. O’qituvchi yoki tarbiyachi bolakayga, hozir uning yoniga mehmonlar kelishini aytadi. O’qituvchi yoki tarbiyachi quyoncha shiqildog’i bilan, ayiqpolvon hushtakchasi bilan, maymunjon qo’ng’iroqchasi bilan tashrif buyurishlarini aytib ogohlantiradi. Bolakay orqasiga o’giriladi, o’qituvchi yoki tarbiyachi o’yinchoqlar (shiqildoq, qo'ng'iroqcha, hushtak)dan birini olib ovoz chiqaradi. Bolakay ovozni eshitib, qaramasdan qaysi mehmon kelayotganini aytishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |