5-MAVZU: MURAKKAB PSIXIK JARAYONLAR
Mavzu o‘quv maqsadi :
Ta’limiy: bo‘lajak pedagoglar tomonidan murakkab psixik jarayonlar haqidagi bilimlarni o‘zlashtirilishini tashkil etish.
Tarbiyaviy: bo‘lajak pedagoglar tomonidan murakkab psixik jarayonlar haqida bilim, malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish.
Rivojlantiruvchi: mavzuning ta’limiy va tarbiyaviy o‘quv maqsadlari asosida talabalar dunyoqarashini kengaytirish.
Reja:
1. Xotira haqida tushuncha va uning turlari.
2. Tafakkur va uning xususiyatlari.
3. Intellekt va kreativlik haqida tushuncha.
Xotira haqida tushuncha va uning turlari.
Bizning ruhiy olamimiz rang-barang va ko'pqirralidir. Psixikamizni yuksak darajada rivojlanishi ko’proq nazariy bilimlarga ega bo’lishimiz tufaylidir. O'z navbatida, egallagan bilim va tajribani esda saqlab qolishimiz orqali ruhiy kamolotga erishishimiz mumkin. Bilamizki har qanday qayg`u-tashvish, taasurot yoki xatti- harakat xotiramizda o’z izini qoldiradi, qachonki bizga mos keladigan holat, sharoitlarda va obyektlarda ular xotiramizda qayta tiklanadi va namoyon bo’ladi.Shuning uchun xotiramizda ma`lumotlarni eslab qolamiz, yodda saqlaymiz, navbatdagilarini tushunamiz va avvalgilarini qayta tiklaymiz.Chunki inson xotirasi oldingi bilim va ko'nikmalarini yo'qotmasdan, ma'lumotlarni saqlash xususiyatiga ega67.
Xotira biz ilgari idrok qilgan, boshdan kechirgan va bajargan ishlarimizni yodda saqlash, keyinchalik ularni eslash yoki xotirlash jarayonidir. Biz har kuni yangi narsalarni bilamiz, kun sayin bilimlarimiz boyib boradi. Xotira faoliyatida shaxsning g‘oyaviy yo‘nalishi katta o‘rin egallaydi. Bu yo‘nalish uning faoliyatini hayot sharoiti ta’sirida shakllantiradi. Kishi o‘zining shu faoliyati uchun muhim bo‘lgan voqea, hodisalarni yaxshi eslab qoladi. Aksincha, kishi uchun kam ahamiyatga ega bo‘lgan narsalar yomon esda qoldiriladi va tezda unutib yuboriladi. Shu o‘rinda xotira borasidagi ta’riflarga qaytsak, ko‘pgina adabiyotlarda xotira tushunchasi quyidagicha ta’riflanadi. «Indvidning o‘z tajribasida esda olib qolishi, esda saqlashi va keyinchalik uni yana esga tushirishi xotira deb ataladi». Lekin mazkur ta’riflarni tahlil qilgan professor E.G‘oziev tomonidan xotira tushunchasiga quyidagicha ta’rif beriladi. «Xotira atrof-muhitdagi voqelik (narsa)ni bevosita va bilvosita, ixtiyoriy va ixtiyorsiz ravishda, passiv va faol holda, reproduktiv va produktiv tarzda, verbal va noverbal shaklda, mantiqiy va mexanik yo‘l bilan aks ettiruvchi esda olib qolish, esda saqlash, qayta esga tushirish, unutish hamda tanish hissidan iborat psixik jarayon. Alohida va umumiylik namoyon qiluvchi ijtimoiy hodisa barcha taassurotlarni ijobiy qayta ishlashga yo‘naltirilgan mnemik faoliyatdir».
Shuni ta’kidlash joizki, keltirilgan mazkur ta’rif xotiraning murakkab, keng qamrovli jihatlarini to‘la ta’kidlash imkoniyatiga ega.
Xotira bu o`zida mavjud tajribalarni ko`paytirish qobiliyatidir, u asab tizimining asosiy xususiyatlaridan biri bo`lib, u turli holatlar va voqea hodisalarni o`zida saqlaydi va uzoq vaqt davomida ongda va xulq-atvorida bu ma’lumotlarni takrorlash jarayonidir68.
Xotira jarayoni psixik bilish jarayonlari tizimida alohida o'rin tutadi deb ta'kidlash joiz. Ko'pchilik tadqiqotchilarning fikriga ko`ra xotira psixik jarayonlarning uzluksizligini ta'minlaydi va barcha bilish jarayonlar integratsiyasida "tranzit" jarayon sifatida xarakterlanadi
Mnemonik jarayonlar qanday holatda sodir bo`ladi? Misol uchun, biz biror ob'ektni ko'ramiz , oradan qanchadir vaqt o’tgach uni yana ko`rsak uni idrok qilamiz. Obyekt bizga ravshanlashadi va taniy boshlaymiz.. Biz o'tmishda idrok qilgan ob'ekt yoki voqea-hodisalarni ayni damda idrok qilishimiz bilish, tanish deb nomlanadi. Shu bilan birga, biz ob'ektlarni tanimasligimiz mumkin. Narsalarning ko`rinishini ayni vaqtda idrok etmasligimiz, biroz vaqtdan so’ng u ongimizda namoyon bo’lishi mumkin. Ayni paytda o'tgan voqealarni idrok qilmay,biroz vaqtdan so`ng idrok etish jarayonini - ob'ekt tasvirini qayta tiklash jarayoni deyiladi. Bunda faqatgina biz avval idrok etgan predmetlarimizgina emas, balki fikrlarimiz, his-tuyg'ularimiz, xohish-istaklarimiz, tasavvurlarimiz va boshqalar ham qayta tiklanishi mumkin Idrok qilingan narsani tanish va qayta tiklash yodda tutish hisoblanadi, shuningdek undan keyin esa esda saqlash holatiga o`tiladi.Shunday qilib, xotira - bu bir-biri bilan bog'liq
Shaxsning yo‘nalishi uning qiziqishida ifodalanadi. Kishining qiziqishi xotiraga aniq va kuchli ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni yaxshi esda olib qolishni ta’minlaydi. Biz ko‘pincha u yoki bu narsa va hodisalarni yomon esda qoldiramiz. Bu xotirani yomonligini emas, balki ularga qiziqish yo‘qligini ko‘rsatadi. Masalan, o‘quvchilar hamma fanlarni bir xil o‘zlashtira olmaydilar. Bu ularning har xil xotiraga ega ekanliklar bilan emas, balki o‘qitilayotgan fanga qiziqishning har xilligi bilan tushuntiriladi. Esda olib qolishga kishining emotsional munosabati ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Kishi uchun yaqqol hayajonli reaksiya vujudga keltiruvchi narsalar ongda chuqur iz qoldirib, puxta va uzoq yodda saqlanadi. Biz bir narsadan ta’sirlansak, o‘sha uzoq vaqt esda saqlanadi. Samarali xotira kishining iroda sifatlariga ham bog‘liqdir. Kuchsiz, irodasiz, ishyoqmas kishilar har doim yuzaki, yomon xotirlaydilar. Aksincha, irodali, materialni o‘zlashtirishga astoydil kirishadigan kishilar puxta va chuqur eslab qoladilar. Samarali xotira kishining umumiy madaniyatiga, uning aqliy saviyasiga, bilimiga, uquviga fikrlash qobiliyatiga, ko‘nikmaa va odatlariga ham bog‘liqdir. Shunday qilib, xotiraning tabiati va uning samaraliligi shaxsning xususiyatlari bilan bog‘liqdir. Shaxs o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalari asosida o‘zining xotirlash jarayonini ongli ravishda tartibga soladi va boshqaradi.
Xotira sohasida quyidagi asosiy jarayonlar: esda olib qolish, esda saqlash, esga tushirish va unutish bir-biridan farq qilinadi. Bu jarayonlar faoliyatda tarkib topadi va belgilanadi. Ma’lum materialni esda olib qolish hayot faoliyati davomida individual, ya’ni shaxsiy tajribani to‘plash bilan bog‘liqdir. To‘plangan tajribadan keyingi faoliyatda foydalanish qayta esga tushirishni talab qiladi. Ma’lum materialning faoliyatda qatnashmay qolishi yoddan chiqarishga olib keladi.
Inson xotirasining yaxshi bo’lishi, ya’ni his-kechinmalarimiz, ko’rgan-kechirganlarimizning mazmuni to’laroq miyamizda saqlanishi quyidagi omillarga bog’liq:
-esda saqlab qolish bilan bog’liq harakatlarning yakunlanganlik darajasiga;
-shaxsning o’zi shug’ullanayotgan ishga nechog’lik qiziqish bildirayotganligi va shu ishga moyilligiga;
-shaxsning bevosita faoliyat mazmuni va ahamiyatiga munosabatining qandayligiga;
-shaxsning ayni paytdagi kayfiyatiga;
-irodaviy kuchi va intilishlariga.
Shu o’rinda xotiraning sakkiz qonunini eslab qo’yishni maqsadga muvofiq sanaladi
Anglanganlik qonuni. Oddiy, lekin murakkab qonun, ya’ni berilgan materialni qanchalik chuqur anglasak, shunchalik uni mustahkam xotirada muhrlagan bo’lamiz.
Qiziqish qonuni. Anatol Frans: “Bilimlarni yaxshi hazm qilish uchun uni ishtaha bilan yutish kerak” deganda, albatta, materialga jonli qiziqish bilan munosabatda bo’lishimiz, va uni yaxshi ko’rishimiz kerakligini nazarda tutgan.
Ilgarigi bilimlar qonuni. Ma’lum mavzu yuzasidan bilimlar qanchalik ko’p bo’lsa, yangisini esda saqlab qolish shunchalik oson bo’ladi. Masalan, ilgari o’qigan biror kitobni qaytadan o’qib, uni yangidan o’qiyotganday his qilsangiz, demak, siz ilgarigi tajribangiz yetishmaganligidan uni yaxshi o’zlashtira olmaganligingizni his qilishingiz mumkin. Demak, eski bilimlar ham tajribaga aylangandagina, yangilariga zamin bo’la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |