2-§. Yong‘in va portlashga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
131. Ishlab chiqarish jarayonlari yong‘in va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga va mazkur Qoidalarga muvofiq ta’minlanishi lozim.
132. Ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi hamda atrof muhit uning chiqindilari (oqova suvlari, shamollatish chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
133. Ishlab chiqarish binolari va xonalari dastlabki yong‘inni o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
134. Shamollatish tizimi yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan bo‘lishi kerak.
135. Yong‘in suv manbai yo‘laklari hamda yong‘inni o‘chirish vositalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
136. Portlashning oldini olish uchun mashina va agregatlarning ishqalanuvchi qismlarini qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
137. Aralashganda portlovchi modda hosil qilishi lozim bo‘lgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
138. Kollektordan chiqadigan suyuqlik miqdori va inersiya natijasida statik tok hosil bo‘lishini hisobga olgan holda kollektor sim orqali yerga ulanishi kerak.
139. Ishlab chiqarish binolariga (omborxona, sex, laboratoriya, uchastka va boshqa) yong‘in xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilishi va ko‘rinadigan joyga osib qo‘yilishi lozim.
140. Sexlarda (bo‘limlarda, omborxonalarda, ustaxonalarda, laboratoriyalarda va boshqa ish uchastkalarda) yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha, shuningdek yong‘in o‘chirish anjomlarining soz holda bo‘lishiga shu bo‘linmalarning boshliqlari yoki boshliq vazifasini bajaruvchi xodimlari mas’uldir.
141. Yong‘in va portlash xavfi bo‘lgan ishlab chiqarish binolari yong‘indan xabar beruvchi va yong‘inlarni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
142. Yong‘inga qarshi suv havzalari doimo soz holatda va ichidagi suv hajmi yong‘inni o‘chirish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Suv havzalarining ishga yaroqliligi yiliga kamida ikki marotaba, bahor va kuz mavsumlarida tekshirilishi lozim.
143. Qo‘lda yasalgan, avtomatika tizimi nosoz bo‘lgan yoki yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan maishiy isitish asboblaridan foydalanish taqiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |