V bob. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
322. Tashkilotning ta’mirlash xizmati uskunalarning mehnat xavfsizligi standartlari, ularning texnik pasportlari, texnik yo‘riqnomalari va ishlab chiqaruvchi zavodning boshqa hujjatlarining talablariga mosligini ta’minlashi kerak.
323. Tashkilot tomonidan asbob-uskunalarning zarur texnik holatini saqlab turish uchun xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishi, rejali-profilaktik ta’mirlash qat’iy bajarilishi va ta’mirlash ishlari sifatining yaxshilanishi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi lozim.
324. Asbob-uskunalarni kapital va joriy ta’mirlash belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ishlarni tashkil etish loyihasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Ishlarni tashkil etish loyihalarida ta’mirlashni o‘tkazishga javobgar shaxslar, shuningdek ta’mirlash ishlarining tartibi va xodimlarning xavfsizligini ta’minlovchi choralar ko‘rilishi lozim.
325. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazish muddati tashkilotning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlagan yillik rejali-ta’mirlash jadvaliga asosan belgilanadi.
326. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazishda ishlarning bajarilishi texnologik ketma-ketlikda ko‘rsatilishi kerak. Bunda quyidagilar ko‘rsatilishi zarur:
ishlarni bajarish usullari va uslublari;
ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va anjomlar turlari;
ta’mirlangan mahsulotlar va ular qismlarining texnik talablarga javob berishi.
327. Ta’mirlash jihozlari va uskunalari ishlash uchun qulay joylashtirilishi, ish holatida oson o‘rnatilib, yechilishi lozim.
328. Ta’mirlash ishlari bajariladigan hudud to‘silgan va u yerda xavfsizlik belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
329. Ta’mirlashda ish joylarini, yo‘llarni, yo‘laklarni va zinapoyalarni to‘sib qo‘ymaslik kerak.
330. Quvursimon pechni ta’mirlashdan oldin uning quvurlari inert gazi va suv bug‘i bilan tozalanishi kerak.
331. Kompressorni qismlarga ajratish va ichini ochish bilan bog‘liq ta’mirlash ishlarini o‘tkazish uchun uni boshqa texnologik quvur o‘tkazgichlardan uzib qo‘yish lozim.
332. Ta’mirlash ishlari balandlikda bajarilganda, asbob-uskuna va materiallarni maydoncha chetiga qo‘yish yoki yerga tashlash taqiqlanadi.
333. Barcha ta’mirlash ishlari mas’ul xodim rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
334. Yoritish uchun mash’ala, gugurt, kerosinli fonarlar, shamchiroqlardan foydalanish taqiqlanadi.
335. Elektr uskunalar va jihozlar ta’mirlangandan so‘ng, tashkilot bosh mexanigi (bosh energetik), mehnat muhofazasi xizmati xodimi, kasaba uyushmasi vakili va bosh muhandis tomonidan tasdiqlangan tegishli dalolatnoma tuzilib, qabul qilingandan so‘ng ishga tushirilishi lozim.
336. Ta’mirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar sexdan olib ketilishi, to‘siqlar, saqlovchi blokirovka moslamalari o‘z joyiga o‘rnatilishi kerak.
VI bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
337. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
338. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish Qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |