ONA TILI
Tushuntirish xati
“Ona tili, o‘qish va nutq o‘stirish” dasturi quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:
1. Savodga o‘rgatish va nutq o‘stirish.
2. O‘qish va nutq o‘stirish.
3. Grammatika va imlo qoidalarini o‘rgatish.
4. Tevarak-atrofni o‘rganish yo‘li bilan og‘zaki nutqni o‘stirish.
Nutq o‘stirish fani ona tili ta‘limiga aniq amaliy yo‘nalish beradi va bolalarni ongli o‘qish, o‘qiganlarini ravon gapirish va yozishga o‘rgatadi.
Ona tili fani o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqlarini o‘stirish bilan bir qatorda, quyidagi muhim masalalarni ham hal etishni ko‘zda tutadi:
- o‘quvchilarning bilish faoliyatidagi nuqsonlarini tuzatish, korreksiyalash;
- bolalarga tabiat va jamiyat haqida tushuncha berish;
- fikrlash qobiliyatini o‘stirish va tafakkurini rivojlantirish;
- o‘quv mashg‘ulotlarida, bilim manbai bo‘lgan kitobga qiziqish uyg‘otish orqali o‘quvchilarni tarbiyalash.
Tevarak-atrofni o‘rganish yo‘li bilan og‘zaki nutqni o‘stirish.
Aqli zaif bolalar o‘zlarining sog‘lom tengdoshlariga qaraganda bir muncha kech tilga kiradilar, birinchi so‘zni aytish muddati uch ba‘zan esa besh yoshigacha kechikadi. Birinchi sinfga kelgan aqli zaif bolalarning 66%da talaffuz nuqsonlari uchraydi. Aksariyat bolalarda fonematik eshitish qobiliyati buzilgan, nutq a‘zolari va ularning harakatidagi nuqsonlar ko‘plab uchraydi. Lug‘at boyligini egallashda jiddiy qiyinchiliklar kuzatiladi. Impressiv nutq ekspressiv nutq taraqqiyotidan ancha orqada qoladi. Mavhum xususiyatdagi umumlashtiruvchi tushunchalarni ifodalovchi ko‘pgina so‘zlarni tushunmaydilar, ko‘chma ma‘noda qo‘llanilgan tushunchalarni anglashda qiynaladilar, ularni aynan idrok etadilar.
Aqli zaif o‘quvchilarda gap tuzishda ham qiyinchilik vujudga keladi. Tuzgan gaplari sodda, bo‘lib, so‘zlarning o‘zaro moslashuvida ko‘plab xatolar uchraydi, murakkab bog‘lanishli gaplar juda kam qo‘llaniladi.
Aqli zaif bolalar og‘zaki nutqidagi barcha nuqsonlar ularni o‘qitish jarayonida qiyinchilik tug‘diradi, ayniqsa yozma nutqni o‘zlashtirish, savod o‘rganishi qiyin. Lekin ilg‘or o‘qituvchi-defektologlarning tajribalari shuni ko‘rsatdiki, ta‘limning maxsus tashkil etilgan logoped bilan hamkorlikdagi ish jarayoni yordamida aqli zaif o‘quvchilarning og‘zaki nutqidagi kamchiliklarni tuzatish, nutq madaniyatini tarbiyalash, yozma nutqini o‘stirish, umumiy shaxs rivojlanishini yanada ham yaxshiroq yo‘lga qo‘yish mumkin.
Dasturdagi “Tevarak-atrofni o‘rganish yo‘li bilan og‘zaki nutqni o‘stirish” bo‘limining asosiy vazifasi-aqli zaif o‘quvchilarning nutqini o‘stirish, ularning jismoniy va ruhiy rivojlanishidagi nuqsonlarini bartaraf etish, tuzatish, korrektsiyalash, kamaytirishdir.
Borliqni bevosita kuzatish asosida lug‘ati boyitiladi, tevarak-atrofdagi buyum, voqea-hodisalar haqidagi tasavvurlari kengayib, o‘quvchilarning bilim doiralari asta-sekin o‘sib boradi. Buyum nomi, harakati, sifatini bildiradigan so‘zlar faol nutqda to‘g‘ri ishlata olishga o‘rgatiladi. Tabiat qo‘ynida sayohat qilish mashg‘ulotlarida o‘quvchilar buyum, voqea-hodisalar bilan tabiiy sharoitda tanishadilar. Sayohat davomida yig‘ilgan materiallardan gerbariylarni yasab, keyinchalik savod o‘rgatish, o‘qish, ona tili, mehnat, rasm, matematika va boshqa darslarda qo‘llaydilar.
Tevarak-atrofni kuzatish orqali taqqoslash, kuzatish, solishtirish, buyumning o‘xshash va farqli tomonlarini aniqlash hamda sodda xulosalar chiqarishga o‘rganadilar.
Amaliy ishlar bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlashga yordam beradi. Shular asosida o‘quvchilarda atrof-muhit haqidagi ilk tasavvurlar hosil bo‘ladi, mustahkamlanadi. O‘quvchilarning sezgi organlari, diqqati, xotirasi, kuzatuvchanligi o‘sib boradi. Bu o‘zgarishlar o‘z navbatida, o‘quvchilarning nutqi va tafakkurini rivojlantiradi, bilish faoliyatidagi nuqsonlarni korreksiyalaydi. Mana shu yo‘l bilan boshqa o‘quv fanlarini o‘zlashtirishga zamin hozirlaydi.
So‘zlashuv nutqi-nutqiy faoliyatning murakkab turlaridan biridir.
Savol-javob, muloqot, voqea-hodisa yoki o‘z xatti-harakatini, taasurotlarini ta‘riflash yo‘li bilan dialogik va monologik nutqlari o‘stiriladi, bola muloqot qilishga o‘rganadi. Bunda suhbat usuli keng ishlatiladi. Suhbat darsda va darsdan tashqari vaqtlarda mavsumiy o‘zgarishlar, kishilar hayoti va faoliyati, mehnatini kuzatishdan so‘ng, film yoki multfilmlarni namoyish etishdan so‘ng tashkil etiladi. O‘qituvchining namunaviy nutqi suhbatning tarkibiy qismini tashkil qiladi. O‘qituvchi bolalarni faol nutqiy muloqatga kirishuviga imkoniyat yaratadi, xatolarini tuzatib boradi. Bunda bolalar diqqati suhbat mavzusiga jalb etiladi va o‘zi ko‘rgan-kechirganlarini nutq orqali izchillik bilan bayon etishga o‘rgatib boriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |