96-modda. Saylov natijalarini belgilash
Oldingi tahrirga qarang.
Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, Toshkent shahar saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalarining o‘ziga kelib tushgan bayonnomalari asosida, tuman, shahar saylov komissiyasi esa o‘ziga kelib tushgan uchastka saylov komissiyalarining bayonnomalari asosida.
(96-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha yoki viloyat, tuman va shahar bo‘yicha saylovchilarning umumiy sonini;
saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini;
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini;
har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.
Saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikkita nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodga nisbatan ko‘pchilik ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida turli sabablar (nomzodning o‘limi, nomzod sog‘lig‘ining saylovda ishtirok etishni istisno etuvchi holati yoki qonunda belgilangan boshqa sabablarga ko‘ra uning nomzodi olinganligi va hokazo) tufayli bitta nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Saylov, agar unda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tmagan deb topiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va saylov yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida bu qaror ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
(96-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgan saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va ovoz berish yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida bu qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
(96-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
Ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun — okruglar bo‘yicha ham) saylov haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shunday uchastkalar (okruglar) bo‘yicha ovoz berish natijalari, agar bu natijalarsiz ham saylov umuman bo‘lib o‘tgan deb topilishi mumkin bo‘lsa, tegishli komissiyaning qaroriga binoan saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.
Tegishli saylov komissiyasi ovoz berish yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzadi va qaror qabul qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |