Ultratovush yordamida payvandlash
103-rasmdagi sxemadan ko‘rinadiki, magnitostruksion (2) ga to‘lqin uzatgich (3) kovsharlangan. To‘lqin uzatgich uchligi (4) odatda, asbobsozlik po‘latdan tayyorlangan bo‘lib, u bilan tayanch elektrod (5) orasiga payvandlanadigan listlar (6) qisilgan. Listlarni kontakt yuzasida mexanik tebranishlar hosil qilish uchun o‘zgaruvchan magnit maydon ta’sirida o‘lchamlari o‘zgaradigan nikelli temir (permaloy), kobaltli temir (permendyur) qotishmalaridan foydalaniladi.
Agar chulg‘am (2) yuqori chastotali o‘zgaruvchan tok manbaiga ulanganda unda o‘zgaruvchan magnit maydon hosil bo‘lib, materialning o‘lchami davriy o‘zgaradi. Tebratgich 0-0 o‘qi bo‘yicha tebranadi. Ultratovush chastotasidagi tebranishlar ta’sirida kontakt sirtdagi oksid pardalar parchalanib, toza yuzalar ishqalanib qiziganda birmuncha yumshaydi, kichik siquvni kuch ta’sirida plastik deformatsiyalanib, yuzalar shu qadar yaqinlashadilarki, bunda atomar bog‘lanish borib payvandlanadi.
103-rasm. Ultratovush yordamida payvandlash qurilmasining sxemasi:
1 – magnitostruksion tebratkich; 2 – chulg‘am; 3 – to‘lqin uzatkich; 4 – uchlik; 5 – elektrod; 6 – zagotovkalar.
Bu usuldan qalinligi bir necha mikrondan 1,5 mmgacha bo‘lgan bir xil yoki turli xil metallar va ularning qotishmalari ustma-ust payvandlanadi. Bu usuldan radiotexnikada, priborsozlikda va boshqa sohalarda keng qo‘llaniladi.
2. Metallarni portlovchi moddalar yordamida payvandlash
Bu usulda payvandlanuvchi listlarning biri qo‘zg‘almas qilib tayanchga o‘rnatiladi. Ikkinchisi esa unga nisbatan a burchak bo‘yicha h oraliqda o‘rnatiladi va uning sirtiga butun yuzi bo‘ylab ma’lum qalinlikda portlovchi modda yotqiziladi. Uning bir chekkasiga esa detonator (1) o‘rnatiladi. Detonator (1) zaryadi yondirilganda portlovchi modda portlaganda gazlar va issiqlik ajralishi bilan kuchli impuls to‘lqin list 1 ni ikkinchi list (2) ga (1,5-2 km/s) tezlikda a burchak bo‘ylab katta bosim (105 atm) bilan urilib yuzalardagi oksid pardalar parchalanib ajralishi bilan plastik deformatsiyalanishi oqibatida butun yuzi bo‘ylab yaqinlashib bir necha mikrosekundda atomlar bog‘lanib payvandlanadi. Bunda hosil bo‘lgan chok metalini plastik deformatsiyalanishi sababli puxtaligi asosiy metallar puxtaligidan yuqoriroq bo‘ladi. Payvandlash rejimi portlovchi moddaning portlash tezligiga va a burchagiga bog‘liq bo‘ladi.
Bu usuldan metall listlarni maxsus xossali boshqa metallar bilan payvandlashda va shu kabi ishlarni bajarishda foydalaniladi.
104-rasm. Portlovchi moddalar yordamida payvandlash:
1 – bikr taglik; 2 va 3 – zagotovkalar; 4 – zaryad; 5 – detonator.
3. Metallarni sovuqlayin payvandlash
Yuqori plastik metallar Pb, Al, Cu, Ni va ularning qotishmalaridan tayyorlanadigan buyumlarni sovuqlayin katta bosim bilan plastik deformatsiyalab biriktirishga sovuqlayin payvandlash deyiladi. Bu usulda zagotovkalarni payvandlashdan avval yuzalari kir, moy, zangdan tozalab, tekislab moslashtirilib payvandlash mashinasining moslamasiga o‘rnatiladi. Keyin ular zarur bosim bilan bir-biriga qisiladi. Bunda yuzalardagi, oksid pardalar ajralib shu qadar yaqinlashtiriladiki, bunda atomlar bog‘lanib payvandlanadi. Bu usuldan simlarni, chiviqlarni, yupqa devorli trubalarni uchma-uch qilib payvandlanadi.
4. Metallarni bir-biriga ishqalab payvandlash
Bu usul bilan payvandlashda payvandlanuvchi buyumlar yuzalari o‘zaro ishqalanganda ajraluvchi issiqlik hisobiga qizib, bosim ta’sirida payvandlanadi. Buning uchun payvandlanuvchi buyumlarning biri payvandlash mashinaning aylanuvchi qismiga, ikkinchisi aylanmaydigan qismiga mahkam o‘rnatiladi.
Keyin ularning biri ma’lum tezlikda aylantirilib, ikkinchisiga o‘qi bo‘ylab zarur kuch bilan qisiladi, bunda ularni toreslari bo‘yicha ishqalanishda yuzalar bir necha sekundda payvandlash temperaturasigacha qizigach bosim bilan qisiladi. Bunda kontakt yuzalardagi oksid pardalar parchalanib ajraladi. Toza yuzalar plastik deformatsiyalanib atomlar bog‘lanib payvandlanadi. Bu usuldan 50-10000 mm2 gacha bo‘lgan chiviqlar, trubalar, armaturalarni payvandlashda foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |