6.Quyi Amudaryo mintaqasining tibbiy geografik vaziyati
Quyi Amudaryo mintaqasi tarkibiga Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati kiradi. Uning maydoni 172,6 ming km2 bo`lib, bu borada respublikamizdagi eng katta mintaqadir. Aholisi 01.01.2006 ma`lumotlariga ko`ra, 3025 ming kishi, zichlik 1km2 ga 124,1 kishiga teng. Aholining umumiy kasallanishi har 1000 aholiga 507,5 kishiga teng (umumiy kasallanish indeksi 1,08); umumiy o`lim 5,0; kishi; go`daklar o`limi 17,0 promille, ayollar o`limi esa har 100 ming tirik tug`ilgan chaqaloqqa nisbatan 28,0 nafarni tashkil qiladi.
Mintaqa o`z nomiga mos ravishda Amudaryoning quyi qismida, Orol dengizining janubiy qismida joylashgan. Mazkur o`lka O`zbekistonning shimoli-g`arbida Qoraqum va Qizilqum cho`llari oralig`ida joylashgan. O`lkaning yer yuzasi yassi tekisliklardan iborat.
Quyi Amudaryo O`zbekistonning shimoli-g`arbida joylashganligi sababli qishi sovuq, yozi esa issiq va quruq bo`ladi. Qayd etayotganimizdek, o`lka O`zbekistonning eng sovuq hududlaridan biridir. Yanvarning o`rtacha harorati -4-80S atrofida, eng pastki harorat -330S gacha pasayib ketadi. Ushbu rayon respublikamizning eng qurg`oqchil hududlaridan biri bo`lib, unda yog`in miqdori yiliga 79-108 mm ni tashkil qiladi.
Hudud respublikamizda qadimiy madaniyat, ilm-fan o`chog`laridan biri bo`lib kelgan. Buning negizida o`lkaning daryo yoqasida joylashganligi, unumdor tuprog`i yotgan bo`lsa, bugungi kunda mazkur o`lka respublikamizning ekologik jihatdan eng nosog`lom, nochor, iqtisodiy nuqtai nazardan muammoli mintaqasi hisoblanadi.
Garchi Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatlari bir mintaqa tarkibiga kirsada tabiiy-iqlimiy, ekologik va nozogeografik xususiyatlariga ko`ra ular bir-biridan keskin farq qiladi. Masalan, Qoraqalpog`iston Respublikasi mintaqaning shimolida, Orol dengizining janubiy qismini egallaydi. Iqlimi o`ta kontinental ya`ni yozi jazirama issiq, qishi esa respublikamizning boshqa hududlariga nisbatan birmuncha sovuq, yillik yog`in miqdori 90-200 mm atrofida.
Qoraqalpog`iston aholisi 01.01.2006 ma`lumotlariga ko`ra, 1571,9 ming kishi (mamlakat aholisining 6,0 foizi), zichlik esa 1 km2 ga 9,5 kishini tashkil qiladi. Aholining umumiy kasallanishi har 10 ming aholiga 4157,4 kishiga teng `yoki respublika jami aholi kasallanishining 5,3 foizi shu hudud hissasiga to`g`ri keladi.
Orol bo`yida hukm surayotgan noqulay ekologik vaziyat ushbu mintaqada aholi migratsiyasining avj olishiga zamin yaratadi. Shu bilan birga, qishloq xo`jaligida foydalanadigan yerlarining yaroqsiz holatga kelishi, kuchli darajada sho`rlanishi aholining qishloqlardan shaharlarga ko`chishiga sabab bo`lmoqda. Ayrim hollarda mintaqa aholisining boshqa viloyatlarga ham borib o`rnashishi kuzatilmoqda. Bu esa aholining hududiy tarkibidagi o`zgarishlarga olib keladi.
Mintaqa mamlakatimizning ekologik jihatdan eng noqulay mintaqasidir. Hudud aholisi orasida sil, yuqumli ichak xastaliklari, tug`ma nuqson bilan tug`ilishlar, buyrak va o`t qopining surunkali kasalliklari eng ko`p uchraydi. Bu jihatdan Qoraqalpog`iston Respublikasi mamlakatimizda yetakchi o`rinlarda turadi. Ayniqsa mazkur respublikada aholining sil bilan xastalanish holatlari nihoyatda yuqori. 2005 yilda O`zbekistonda har 100 ming aholiga sil bilan og`riganlar 75,9 kishini tashkil etgan bo`lsa, ushbu hududda bu raqam 138,1 kishiga teng bo`lgan. Qorao`zak (300.2), Mo`ynoq (238,7), Chimboy (227,2) va Taxtako`pir (216,9) tumanlarida ko`rsatkichlar mamlakat darajasidan bir necha bor yuqori.
Mintaqa tarkibiga kiruvchi Xorazm viloyati maydoni 6,1 ming km2, aholisi 01.01.2006 ma`lumotlariga ko`ra, 1453,9 ming kishi yoki respublika aholisining 5,5 foizi shu viloyat hissasiga to`g`ri keladi. O`rtacha zichlik 238,7 kishi. 2005 yilda umumiy kasallanish har 1000 aholiga 599,2 kishiga teng bo`lgan, boshqacha qilib aytganda, mamlakat aholisi jami kasallanishining 7,1 foizi ushbu viloyat aholisiga tegishlidir. Mazkur ko`rsatkich bo`yicha viloyat Qoraqalpog`iston Respublikasidan ham yuqori o`rinni egallaydi. Umumiy o`lim har 1000 kishiga 4,5 kishi, kishi; bolalar o`limi 16,3 promillega teng.
Viloyat tabiiy-ekologik sharoiti jihatidan Qoraqalpog`iston Respublikasidan qolishmaydi. Uning Orol dengiziga yaqinligi, bu yerda yuzaga kelgan ekologik vaziyat viloyat aholisi salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Viloyatning Gurlan, Yangibozor, Urganch tumanlarida aholining o`lim ko`rsatkichlari birmuncha yuqori. Ushbu tumanlar bolalar o`lim ko`rsatkichlari bilan ham ajralib turadi. Hudud aholisi orasida ruhiy kasalliklar bilan og`riganlar birmuncha ko`pchilikni tashkil etadi. 2005 yilda har 100 ming aholiga 119,0 kishiga teng bo`lgan.
Mintaqa tarkibidagi har ikkala hududda ham yer osti suvlari yer yuzasiga yaqin joylashgan. Ichimlik suvi tarkibining gigiyenik talablarga javob bermasligi oqibatida mazkur rayonda ham yuqorida ta`kidlab o`tgan kasallik tur va guruhlari keng tarqalgan. Aytish joizki, Xorazm viloyatida ayollar o`lim ko`rsatkichlari boshqa mintaqalarga nisbatan birmuncha yuqori holatda. Nafaqat Xorazm hududida, shuningdek Qoraqalpog`iston Respublikasida ham aholining asab tizimi kasalliklari bilan kasallanish ko`rsatkichlari yil sayin ortib bormqda. Bu holatlarning barchasini o`lkaning ekologik inqiroz o`chog`i bo`lib qolganligi bilan ham izohlash mumkin.
Quyi Amudaryo rayoni tibbiy geografik jihatdan ham muammoli hudud sanaladi. Bu yerda, eng avvalo,Orol muammosi bilan bog`liq kasalliklar ko`zga tashlanadi.
Quyi Amudaryo rayoni tarkibidagi Qoraqalpog`iston Respublikasi sil bilan kasallanish bo`yicha O`zbekistonda ajralib turadi. Oxirgi 10-15 yillik statistik ma`lumotlar shundan guvohlik beradiki, sil kasalligi ko`rsatkichlari bo`yicha eng yuqori ko`rsatkichlar Qoraqalpog`iston Respublikasiga to`g`ri keladi. 1991 yilda sil bilan kasallanish har 100 ming aholiga mazkur hududda 97,3 kishini, 2002 yilda 183,0 kishini tashkil qilgan holda, 2005 yilda bu ko`rsatkich 138,1 kishiga teng bo`lgan. Respublikamizdagi biror bir hudud bu jihatdan Qoraqalpog`istonga tenglasha olmaydi. Mintaqaning tabiiy-ekologik sharoiti, aholining ijtimoiy holatidagi o`ziga xos muammolar ushbu kasallikning hududda tez sur`atlar bilan ortib borishiga sabab bo`lmoqda.
Demak, mamlakatimizda sil kasalligi salmog`i eng yuqori rayon bu-Qoraqalpog`iston Respublikasi hisoblanadi. Shu sababli mazkur mintaqa sil kasalligining tipik o`chog`i sanaladi va uni biz alohida rayon sifatida qarash to`g`riroq bo`ladi.
Quyi Amudaryo nozogeografik o`lkasi tarkibidagi Xorazm viloyati aholisining sil bilan kasallanish ko`rsatkichlari bo`yicha O`zbekistonda oldingi o`rinlardan birini egallamasada, biroq viloyatdagi Pitnak (128,7), Urganch (93,2) shaharlarida ko`rsatkichlar respublika darajasidan birmuncha yuqoridir. Shu o`rinda ta`kidlash lozimki, muayyan kasallik bilan aholining kasallanish holatlari viloyatlarning yoki boshqa hududiy birliklarning barcha joyida ham bir xil bo`lavermaydi.
Ushbu kasallikka chalinganlar salmog`i yuqori bo`lgan hududlar faqat yirik mintaqalar doirasida emas, balki kichik maydonlarda ham tarqalgan bo`lishi, bunday areallar yirik hududlarda nihoyatda tarqoq holatda zam bo`lishi mumkin. Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasining Qorao`zak, Mo`ynoq, Beruniy va Chimboy tumanlarini bunga misol keltirsa bo`ladi. Ushbu tumanlar nafaqat mintaqada, qolaversa, respublikamizda aholisining sil bilan kasallanish ko`rsatkichlari bo`yicha o`ziga xos hisoblanadi. Mazkur tumanlarda sil bilan kasallanish har 100 ming kishiga 200-300 kishini tashkil qiladi. Ulardagi tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar ushbu kasallikning avj olishiga sabab bo`lmoqda. Aynan shu hududlarni respublikamizdagi sil kasalligining nozogeografik o`choqlari deb qarash mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Yermakov Y.G. i dr. Fizicheskaya geografiya materikov i okeanov. M: Vesshaya shkola, 1988.
Ryabchikov A.M. Fizicheskaya geografiya materikov i okeanov. M: Vesshaya shkola, 1988.
Fizicheskaya geografiya mirovogo okeana. M: Izdatelpstvo Moskovskogo Universiteta, 1988.
Ryabchikov A.M. Dunyo qitoalari tabiiy geografiyasi, Toshkent, 1968.
Vlasova T.M. Fizicheskaya geografiya materikov i okeanov. Tom I-II, M: Prosveo‘yeniye, 1976.
Vlasova T.M. Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi. I-II tom.Toshkent, 1985.
Leontpev O.K. Fizicheskaya geografiya mirovogo okeana. M: 1982.
Ensiklopeditseskiy slovarp geograficheskix terminov. M.1968.
http://ziyonet.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |