AIM.UZ
Ugоm-Chоtqоl ekоturistik zоnаsi bo‘yichа mаrshrut tuzish
Chimyondan Xo’jakentgacha bo’lgan marshrut
Marshrut odatda O’n ikki buloq darasidagi Oqsoy daryosi ustida qurilgan ko’prikdan boshlanadi. Katta Chimyon ostonasidagi bu joy yilning istalgan faslida xushmanzaradir. Qo’ng’irbo’ka tog’ tizmasiga chiqish uchun Melovoy dovoni tomonga qarab yo’l olish va shimolga burilib, G’alvasoy va Chimyonsoy daryolari oralig’idagi kichik vohaga tushish lozim. Bu erdan Qiziljar cho’qqisini harakat yo’nalishida chapdan aylanib o’tib, so’qmoq bo’ylab Qo’ng’irbo’ka tizma tog’ining qirrasiga chiqiladi. Uncha baland bo’lmagan bu cho’qqining sun’iy terrasali g’arb tomonida uncha tik bo’lmagan adirlar, sharq tomonida – qizil gilli tik jarliklar joylashgan. Keng qirraning ustki cheti bo’ylab so’qmoq o’tkazilgan. Bu so’qmoqdan Archali dovoni orqali Oqshuron dovonigacha boriladi. May oyida bu erdagi adirlar lolazorlarga aylanadi.
Eshakko’priksoy daryosining darasi bo’ylab Oqshuron dovonidan pastga tushiladi. So’ngra daryoning o’ng qirg’og’iga o’tiladi va so’qmoqdan Chorvoq suv ombori qirg’og’iga olib boradigan tuproq yo’lga chiqiladi. Daryo o’zani bo’ylab pastga tushish mumkin emas, chunki pastroqda o’tish qiyin bo’lgan sharsharalar bor.
Suv ombori yoqalab ketgan shossedan to’g’ongacha va so’ngra Chirchiq daryosi ustidan o’tgan ko’prikkacha etish kerak. Yo’lning bu qismida noyob daraxt – biotani ko’rish mumkin. U Markaziy Osiyoda yagona bo’lib, aytishlaricha, bu erga 800 yil oldin Xitydan keltirib ekilgan. Uni cho’pning chap chekkasida ko’rish mumkin. Yo’lda davom etib, choyxonadan o’tgach, qoyatoshga chizilgan qadimgi rasmlarni ko’rasiz. Ozroq vaqtingiz bo’lsa, bu qoyaga ko’tarilish va tog’-toshlar manzarasini tomosha qilishni tavsiya etamiz. Qoya yaqinida “Chinov” avtostanstiyasi va temir yo’l stanstiyasi joylashgan.
Kumushkondan Chimyongacha bo’lgan marshrut
Kumushkon – Qashqasoy – Oqsoqota daryosi – Nurakota daryosi – O’rtaqumbel dovoni – Chetqumbel – Taxtayaylov – Chimyon. Masofa 60 km.
Sayohat qilish tavsiya etiladigan davr: apreldan noyabrgacha.
Eng qulay mavsumlar – aprel-may va oktyabr-noyabr.
Sayohat marshruti Chotqol tog’ tizmasining g’arbiy qismi (Chimyon tog’lari)dan o’tadi. Hudud relefi nurash jarayonlari tufayli o’ta rang-barang. Hududning barcha suv oqimlari Chirchiq daryosi havzasiga tegishli, lekin ularning birortasi ham Chirchiqqa deyarli etib bormaydi (sug’orish uchun olinadi va sersuv davrlardagina quyiladi). Daryolar qish-bahor mavsumida sersuv bo’ladi, yoz-kuz mavsumida kichik daryolar sayoz joydan kechib o’tish uchun deyarli xavfsiz. Eng katta daryolar – Parkentsoy va Oqsoqota irmoqlari – Nurakota va Bildirsoy bilan.
O’simliklar dunyosida vertikal mintaqalarga ajralish kuzatiladi: adir, toq, yaylov. Daryo daralarida namga o’ch daraxtlar, chunonchi: qayin, majnuntol, terak, uchqat, terrasalar va vohalarning pastki qismida yong’oq, olma, olcha, o’rik, zarang, na’matak, zirk, do’lana o’sadi. Bu erda shuvoqsimon o’tlar va efemer-efemeroid o’simliklar ham serob.
Bu zonaga madaniy landshaft: olmazorlar, uzumzorlar, g’allazorlar, polizlar xos. Dengiz sathidan 1400 m balandlikda archazorlar boshlanadi. 1800-2400 m balandlikda ular uzluksiz o’rmonzorlar hosil qiladi (asosan shimoliy yonbag’irlarda). 2600 m dan yuqoriroqda tog’lar odatda subalp yaylovlar bilan qoplangan.
Yo’lda aholi yashaydigan punktlar uchramaydi. Oqsoqota daryosi vohasida dam olish zonalari, fermalar va o’rmonxonalargina bor. Tarixiy diqqatga sazovor joylardan Bildirsoy daryosi havzasidagi qoyaga chizilgan rasmlarni va Kumushkon shaharchasi yaqinidagi, shuningdek Oqsoqota daryosi vohasidagi qo’rg’onlarni qayd etish mumkin.
Marshrut asosan cho’milish uchun qulay joylar ko’p bo’lgan daryolarning qirg’oqlari bo’ylab o’tadi. Oqsoqota daryosi va qisman Nurakota daryosi hududida noqulay holatlar vujudga kelgan taqdirda marshrutdan asfalt yo’lga chiqish mumkin. Marshrutda alohida xavfli uchastkalar yo’q. Yuqumli kasalliklar birdan tarqalishi kuzatilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |